O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Nagoya universitetidagi nutqi

Muhtaram Matsuo janoblari!
Hurmatli professorlar va talabalar, universitet jamoasi!
Xonimlar va janoblar!

Avvalo, Nagoya universiteti prezidentining samimiy dil so‘zlari va ezgu tilaklari uchun chin qalbimdan tashakkur izhor etaman.

O‘ylaymanki, mening Prezident sifatida mamlakatingizga ilk tashrifim haqida bildirilgan fikrlar, mana shunday e’tibor, bir-birimizga hurmat, iliq munosabat haqiqatan ham Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, kelgusida katta natijalarga erishish yo‘lida ishonchli zamin yaratadi.

Biz Nagoya universitetini dunyodagi eng nufuzli ilm-fan va ta’lim maskanlaridan biri sifatida e’tirof etamiz.

Nobel mukofoti sovrindorlari Ryoji Noyori, Osamu Simomura, Makoto Kobayasi, Tosixide Maskava, Isamu Akasaki, Xirosi Amano va boshqa mashhur olimlarni yetishtirib bergan ushbu universitetning faxriy doktori degan yuksak sharafga munosib ko‘rilganimdan g‘oyatda xursandman.

Bu unvonni men avvalo O‘zbekiston xalqiga ko‘rsatilgan ehtirom ifodasi, deb qabul qilaman va buning uchun Nagoya universiteti rahbariyatiga, uning ilmiy jamoasiga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Men Nagoya universitetining faxriy doktori sifatida O‘zbekistonda uning ulkan ilmiy salohiyati va yutuqlarini keng targ‘ib va tashviq qilishga, ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu universitetning ishonchli vakili sifatida ish olib borishga harakat qilaman.

Butun jahonga mashhur Nagoya shahri haqida xalq orasida shunday ibora bor ekan: “Nagoya qal’asi bo‘lmaganida Nagoya shahri ham bo‘lmas edi”. Men bunga qo‘shimcha qilib: “Nagoya universitetisiz Nagoya shahrini ham tasavvur etib bo‘lmaydi”, degan bo‘lardim.

Ma’lumki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p asrlik tarixga ega. Yaponiyaning mashhur Nara shahri muzeyida so‘g‘d yozuvida bitilgan yodgorliklar borligi buni yaqqol tasdiqlaydi.

Yapon arxeologi, marhum professor Kato tomonidan Kushon podshohligining dastlabki poytaxti bo‘lgan O‘zbekistondagi Dalvarzintepadan topilgan budda ibodatxonasi va qirqqa yaqin haykallar yapon va jahon ilmiy jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda.

Shu o‘rinda o‘zbek va yapon xalqlarini o‘xshash milliy va axloqiy qadriyatlar bilan birga ilm-fan va tafakkurga, kamolotga doimo intilib yashash kabi ezgu fazilatlar birlashtirib turishini e’tirof etmoqchiman.

Bizning ulug‘ bobolarimiz – algebra fani va “Algoritm” tushunchasining asoschisi Al-Xorazmiy, Yerning aylanasi uzunligi va radiusini ilk bor hisoblab chiqqan Al-Beruniy, tarixda Avitsenna nomi bilan mashhur bo‘lgan, jahon tibbiyot fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Ibn Sino, noyob rasadxona va 1018 ta yulduzning joylashuvi aniq aks ettirilgan astronomik jadval yaratgan Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk o‘zbek olimlarining ilmiy merosini, o‘ylaymanki, sizlar yaxshi bilasizlar.

Qadrli do‘stlar!

Biz O‘zbekistonda bundan uch yil avval milliy taraqqiyotimizning yangi Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Jamiyat hayotida har tomonlama ochiqlik va erkinlikni ta’minlash, mamlakatni modernizatsiya qilishga asoslangan ushbu Strategiya doirasida besh ustuvor yo‘nalishda izchil islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Bu jarayonda eng rivojlangan davlatlarning, xususan, ilg‘or yapon tajribasidan unumli foydalanishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Chunki Yaponiya bizning vaqt sinovidan o‘tgan, o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan strategik sherigimizdir.

Biz ushbu tashrifni o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorligimiz tarixida boshlanayotgan mutlaqo yangi davrning o‘ziga xos ifodasi deb bilamiz.

Yaponiya O‘zbekistonni xalqaro maydonda doimiy qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ayni paytda iqtisodiyotimizni rivojlantirish, ustuvor ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashmoqda.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng 5 mingdan ziyod yoshlarimiz Yaponiya universitetlarini tamomlab, o‘z bilim va tajribalarini Vatanimiz ravnaqi uchun safarbar etayotgani alohida e’tiborga loyiq.

Men ko‘p yillar oliy ta’lim tizimida ishlagan inson sifatida bu sohaning sharafli, shu bilan birga naqadar mashaqqatli va mas’uliyatli ekanini yaxshi bilaman.

Biz bugun uchrashib turgan Nagoya universiteti bilan O‘zbekistonning hamkorligi 20 yildan ziyod tarixga ega. Sizning universitetingiz 2010 yilda Toshkent shahrida o‘z vakolatxonasini ochganini biz yuksak baholaymiz. Hozirga qadar mazkur dargohda 400 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba va tadqiqotchilar tahsil olgani ayniqsa quvonarlidir.

Bugungi uchrashuvimizda Yaponiyada o‘qiyotgan ko‘plab yoshlarimizni ko‘rib turganimdan xursandman. Sizlar o‘z iste’dod va salohiyatingizni namoyon etishingiz uchun O‘zbekistonda barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib beramiz. Men hozir sizlarni ko‘rib, yuzingizdagi, chehrangizdagi o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizni his qilib xursand bo‘lib o‘tiribman. Sizlarga qarab, barchangiz chindan ham jonajon Vatanimizga munosib o‘g‘il-qizlar bo‘lishingizga ishonch hosil qildim. Eng katta vazifangiz – vaqtingizni bekor o‘tkazmasdan, a’lo o‘qish, yuqori texnologiyalarni chuqur egallash, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishdan iboratdir. Shu yo‘lda barchangizga yangi yutuq, baxt va omadlar tilayman.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Globallashuv davrida jahonning ko‘pgina taraqqiy etgan davlatlari “axborot jamiyati”, “bilimlar iqtisodiyoti”, “raqamli iqtisodiyot” yo‘lini tanlaganiga guvohmiz.

Zamonaviy dunyoda inson kapitali, intellektual salohiyat, innovatsion g‘oyalar, yuqori texnologiyalar jadal va barqaror taraqqiyotning fundamental asosini tashkil qilmoqda.

Bundan yarim asr muqaddam puxta o‘ylangan, taraqqiyotning ilm-fanga asoslangan “yapon modeli” tufayli mamlakatingiz bugun barcha sohalarda yetakchi davlatlardan biriga aylandi.

Yaponiya fani sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar, biotexnologiyalar, robototexnika, kosmik tadqiqotlar, yadroviy tibbiyot, “yashil energetika” yo‘nalishlaridagi ilmiy izlanishlar borasida olamshumul yutuqlarga erishmoqda. Xususan, mamlakatingizdan 28 nafar Nobel mukofoti sovrindori yetishib chiqqani ham bu fikrning yorqin isbotidir.

Hurmatli do‘stlar!

Biz zamonaviy taraqqiyotning kaliti aynan ilm-fan va ta’limda ekanini chuqur anglab, inson kapitaliga investitsiya kiritishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardik.

O‘tgan yili O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish Strategiyasini qabul qildik. Biz innovatsiyalar sohasidagi ilg‘or mamlakatlar qatoridan o‘rin egallashni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘ydik.

Bugungi kunda 33 millionli yurtimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Kreativ fikrlaydigan, fanning muayyan sohasida chuqur bilimga ega, yuqori intellektual salohiyatli mutaxassislar tayyorlash ustuvor maqsadimiz hisoblanadi.

Bunga erishish uchun oxirgi uch yilda 36 ta yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil etilib, institut va universitetlarimiz soni 116 taga yetkazildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda AQSh, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Singapur va boshqa davlatlar yetakchi oliy o‘quv yurtlarining 22 ta filiali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlat ko‘magida jahonning ilg‘or ilmiy va ta’lim markazlarida yetuk mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish tizimli asosda yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonlarga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JAYKA) faoliyatini minnatdorlik bilan e’tirof etishni istar edim.

Yaponiya hukumatining tashabbusi – «Global-30» dasturi bo‘yicha Nagoya universitetining Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mas’ul etib belgilangani g‘oyatda samarali bo‘lmoqda.

Biz Nagoya universitetining prezidenti, hurmatli Matsuo janoblarining yurtimizga bir necha marta tashrif buyurib, ilmiy hamkorligimizni rivojlantirish borasida qilayotgan katta xizmatlarini alohida qadrlaymiz. Ayniqsa, u kishining o‘tgan yili Nobel mukofoti sovrindori, professor Noyori janoblari bilan birgalikda O‘zbekistonga tashrifi mamlakatimiz ilmiy hayotida muhim voqea bo‘ldi.

Xabaringiz bor, Nagoya universitetining muhtaram prezidenti Matsuo janoblarining O‘zbekiston ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini e’tiborga olib, yaqinda Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy kengashi u kishini ushbu universitetning faxriy rektori etib sayladi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Yaponiyaning “Kadrlar tayyorlash” dasturi doirasida mamlakatimizning 300 dan ziyod yoshlari yurtingizda magistrlik va doktorlik ilmiy darajalarini olishga erishdilar. O‘zbekiston – Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi orqali ham o‘nlab yigit-qizlarimiz yapon universitetlarida malaka oshirmoqdalar.

Muhtaram do‘stlar!

Albatta, O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligida amalga oshirilgan ishlarimiz e’tirofga sazovor. Ayni vaqtda hali bu borada ishga solinmagan imkoniyatlarimiz ham borligini ta’kidlash lozim. Shu munosabat bilan ayrim takliflarni bildirishga ijozat etgaysiz.

Birinchidan, Nagoya universitetining tashabbusi bilan muntazam o‘tkazib kelinayotgan Yaponiya – O‘zbekiston universitetlari rektorlari an’anaviy konferentsiyasi ilmiy hayotimizda katta rol o‘ynamoqda. Biz ushbu hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ilmiy-akademik almashuvlar va texnologiyalar transferi bo‘yicha O‘zbek-Yapon qo‘shma fondini tashkil etishni taklif etamiz.

Mazkur fond o‘zaro ilmiy tadqiqotlarni, ikki mamlakat yosh olimlarining birgalikdagi ilmiy izlanishlarini moliyalashtirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashuvi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ushbu fond faoliyati O‘zbekistonda ayni shunday yo‘nalishda ish olib borayotgan “El-yurt umidi” fondining mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Dastlabki qadamlar sifatida biz har yili Nagoya universitetining 15 nafar professor-o‘qituvchisini O‘zbekistonda aziz mehmonlar sifatida qabul qilishga tayyor ekanimizni bildiraman.

Ular o‘z fan yo‘nalishlari bo‘yicha mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida ma’ruzalar o‘qib, amaliy mashg‘ulotlar, mahorat darslari o‘tkazib bersalar, biz nihoyatda minnatdor bo‘lardik. Ayni vaqtda ana shunday almashuvlar dasturi asosida har yili mamlakatingizning 50 nafar talaba-yoshlarini 15 kun davomida O‘zbekistonning tegishli oliy o‘quv yurtlarida kutib olishga tayyormiz. O‘ylaymanki, mana shu 50 nafar talabaning 50-60 foizi Nagoya universiteti talabalari bo‘lsa, ayni muddao bo‘lar edi.

Ishonchim komil, bunday loyihalar ikki tomonlama munosabatlarni yuqori bosqichga ko‘tarishga katta hissa qo‘shadi. Nega deganda, yoshlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkam bo‘lsa, do‘stlik va hamkorligimiz albatta samarali va bardavom bo‘ladi.

Ikkinchidan, Nagoya universiteti va O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida mamlakatimiz Fanlar akademiyasi qoshida nanotexnologiyalar asosida yangi materiallar yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif etaman.

Uchinchidan, o‘zbek-yapon arxeologlari bilan birgalikda yurtimiz hududida joylashgan buddaviylik tarixi va madaniyatiga oid arxeologik yodgorliklarni ilmiy o‘rganish ishlarini davom ettirishimiz zarur. Biz bu borada yaponiyalik do‘stlarimiz bilan birga, Termiz davlat universiteti qoshida O‘zbek-Yapon ilmiy markazini tashkil etishdan manfaatdormiz.

Hurmatli uchrashuv qatnashchilari!

Biz yaqinda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida ilm-fan va innovatsiyalar bo‘yicha maslahatchi-vakil lavozimini joriy etdik. Nega desangiz, men bu uchrashuvdan oldin hurmatli prezident Matsuo boshchiligidagi butun ilmiy jamoa, Nobel mukofoti laureatlari, prorektorlar, professorlar bilan ko‘rishganimda ko‘p-ko‘p masalalarni kelishib oldik. Mana shu masalalarni amalga oshirish bo‘yicha bizning maslahatchi-vakilimiz Nagoya universiteti bilan bevosita shug‘ullanadi. Aytish mumkinki, u O‘zbekiston Prezidentining Nagoya universitetidagi ishonchli vakili bo‘ladi.

Vaqt o‘tadi, bugungi tarixiy uchrashuvimiz natijalari ikki oliy o‘quv yurti – Nagoya universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasidagi aloqalarga, eng asosiysi, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarimizga katta ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi, deb ishonaman.

Muhtaram do‘stlar!

O‘zbek xalqi Yaponiyaning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga katta hurmat va qiziqish bilan qaraydi. Buning amaliy tasdig‘i sifatida yaqinda mamlakatimizda “Yaponiya konstitutsiyasi”, “Yapon she’riyati guldastasi”, “Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya to‘plamlarida”, “O‘zbekiston yaponiyalik qalbida” kabi bir qancha kitob va albomlar o‘zbek va yapon tillarida chop etildi.

Ijozatingiz bilan, ushbu nashrlarni Nagoya universiteti kutubxonasiga taqdim etmoqchiman. O‘ylaymanki, mana shu kitoblar sizning kutubxonangizdan joy olib, hamkorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bugungi hamkorligimiz, bugungi bildirilgan fikrlar, katta-katta takliflarning natijasi sifatida ikki-uch yildan keyin tarjima qiladigan kitoblarimiz yanada ko‘payadi, deb istak bildiraman.

Men boya uchrashuv paytida hurmatli Matsuo janoblariga aytdim: “Endi sizning jamoangiz faqat Nagoyada emas, balki Toshkentda ham katta ilmiy jamoa hisoblanadi, o‘zbek olimlari, talabalari sizni rektor sifatida kutadi”, deb u kishini O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qildim.

Muhtaram prezident Matsuo janoblari!

Hurmatli universitet ilmiy jamoasi!

So‘zimning yakunida menga va xalqimizga ko‘rsatgan yuksak hurmat va ehtiromingiz uchun o‘z nomimdan, delegatsiyamiz nomidan yana bir bor minnatdorchilik bildirib, barchangizni O‘zbekistonga taklif etaman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Fikr bildirish