O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolarining Prezidentga murojaati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevga
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolaridan

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Biz keyingi yillarda mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlardan, uning zamirida amalga oshirilayotgan iqtisodiy, ma’naviy, ma’rifiy islohotlardan behad mamnunmiz. Ayniqsa, mamlakatimizning har jihatdan taraqqiy etishi uchun munosib hissa qo‘shayotgan yozuvchi-shoirlar moddiy va ma’naviy hayotiga alohida e’tibor qaratayotganingiz juda sevinarli hodisa bo‘ldi.

Bu yo‘nalishda Sizning 2016 yil 22 noyabrdagi PK – 2660, 2017 yil 23 oktyabrdagi PK-3350 sonli qarorlaringiz va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 iyundagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 451 sonli qarori 2020 yil 28 yanvardagi 37-F sonli farmoyishlari va Sizning 5.04.2018 yildagi «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroringiz imzolangan edi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida 110 ta kvartirali uy-joy qurish ishlari boshlangan edi.

Mamlakatimizda yashab faol ijod qilayotgan, uy-joyga muhtoj Uyushma a’zolari uchun uy-joylar ajratila boshlaganida bizning boshimiz ko‘kka yetdi. Shu millat taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lida ijod qilayotgan ijodkorlar uchun bu – shahar ko‘chalarida ijarama-ijara yurish, ijaradorning rangu ro‘yiga sarg‘ayish kabi mashaqqatlardan xalos bo‘lish, shuning barobarida butun kuchini milliy adabiyotga safarbar etish uchun bir avans edi.

Biz bank bilan shartnoma tuzib o‘zimizga ajratilgan uyning boshlang‘ich pulini to‘laganimizga yaqinda ikki oy to‘ladi. 1-2-3-4 uylardan kvartira olganlar uyni to‘liq o‘z nomimizga rasmiylashtirib ham oldik, endi esa bankka oylik foiz to‘lashni boshladik. Biroq 3-4 uylarning pollari qoqilmagan, gaz-plita, yo‘q, unitaz, rakovina, kabi san-texnika uskunalari qo‘yilmagan, juda tor-katalakdek uylar hatto suvoq qilinmagan, devorlariga gipsokarton qoqib tashlangan. 5-6-7 uylar esa faqat korobka holida turibdi, xolos. Bunday ko‘zbo‘yamachilikning kimga keragi bor?

Uylarda qurilish ishlarini oxiriga yetkazish uchun haliyam usta va quruvchilar ish boshlamadi. Bu borishda uy nomimizda turib eskirmaydimi? Biz bilan shartnomada belgilangan “Xaridor” Toshkent shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi bir necha marta yakka shaxslardan tushgan og‘zaki arizalarga hech qanday javob qaytargani yo‘q. Sizning qaror va farmonlaringizga nisbatan bunday beparvo munosabatni qanday izohlash mumkin?!

Axir Toshkent shahar hokimining 2020 yil 12 iyundagi “Toshkent shahrida barpo etilayotgan uylarni qurish va obodonlashtirish hamda rasmiylashtirish ishlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida esa ushbu uylardagi qurilish ishlarini to‘liq yakunlab 15 iyulga qadar tantanali topshirish vazifasi belgilangan edi. Biroq 2016 yilda qurib boshlangan uy qariyib to‘rt yildirki, chalaligicha turibdi.

Ushbu uydan olayotganlarning ko‘pchiligi ijarada turadigan yozuvchi-shoirlardir. Ular ertaga ham ijara puli to‘lab, hamda yashamayotgan kvartirasi uchun bankka kredit foizini to‘lay olmasliklari aniq. Shularni inobatga olgan holda bizning uy-joy bilan bog‘liq muammolarimiz ijobiy hal bo‘lishi uchun amaliy yordam berishingizni so‘raymiz.

Hurmat bilan
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: