O‘zbekistonda 2021 yil 1 martdan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 2021 yil 1 martdan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kiradi — balandligi ikki qavatdan ortiq bo‘lgan uylarni ekspertizasiz qurishni taqiqlash, aholining minimal iste’mol xarajatlari miqdori, aliment undirishning yangi tizimi, O‘zbekiston fuqarolariga ham solina boshlaydigan turistik yig‘im va boshqalar shular jumlasidandir. «Gazeta.uz» bahorning birinchi kunidan kuchga kirajak asosiy rasmiy o‘zgarishlarni bir sahifaga jamladi.

Ikki qavatdan yuqori bo‘lgan uylarni ekspertizasiz qurish taqiqlanadi

2021 yil 1 martdan boshlab ikki qavatdan yuqori («sokol»ni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni, shu jumladan, yakka tartibdagi uy-joylarni qurish hamda rekonstruktsiya qilishda ob’yektning loyiha hujjatlari majburiy ekspertizadan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, boshqa qator taqiqlar ham kuchga kiradi.

Aholining minimal iste’mol xarajatlari

2021 yil 1 martdan O‘zbekistonda aholining minimal iste’mol xarajatlari e’lon qilinishi kerak. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida aytib o‘tgan.

Dekabr oxirlarida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti direktori Ilhom Mamatqulov O‘zbekiston aholisining necha foizi rasman kambag‘al hisoblanishi va kambag‘allikni belgilash mezonlari nimalardan iboratligi to‘g‘risida ma’lumot bergan edi.

Fevral boshida esa O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi O‘zbekistonda iste’mol savati miqdorini hisoblab, e’lon qildi. O‘rganishlarga ko‘ra, iste’mol savatining miqdori taxminan bir kishi uchun 2,157 million so‘mni tashkil etadi. Biroq bu hisob-kitoblarning mexanizmi va asosli ekanligi soha mutaxassislari tomonidan tanqid ostiga olindi.

Tadbirkorlar ko‘chalarga qoidabuzarliklarni aniqlovchi kamera va radarlarni o‘rnatishi mumkin bo‘ladi

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2021 yil 1 martdan boshlab, tadbirkorlik sub’yektlariga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy texnik vositalar o‘rnatish huquqi berilmoqda.

Yana bir qator davlatlar fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirishga ruxsat beriladi

1 martdan boshlab Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Ummon va Xitoy (jumladan, uning Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlari) fuqarolariga O‘zbekistonga kirish uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy etiladi.

Majburiy markirovka

1 martdan boshlab markirovka qilinmagan alkogol va tamaki mahsulotlarini O‘zbekiston hududiga olib kirish taqiqlanadi.

O‘zbekiston fuqarolariga ham taalluqli bo‘lgan turistik yig‘im

2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan joylashtirish vositasida ular yashagan har bir kun uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda turistik (mehmonxona) yig‘im undiriladi.

Qator davlatlar bilan aviaqatnovlarga qo‘yilgan cheklov muddati tugaydi

Koronavirus pandemiyasi sababli O‘zbekiston tomonidan Buyuk Britaniya, Italiya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya hamda Janubiy Afrika Respublikasi bilan xalqaro aviareyslarga (kirish, chiqish va tranzit) joriy etilgan cheklovlar 1 mart kuni tugaydi.

Cheklovga tushgan davlatlar ro‘yxatida Germaniya ham bor edi, ammo 11 fevralda ushbu mamlakat bilan aviaqatnovlar qayta tiklangan.

Mahalla faollari rag‘batlantiriladi

2021 yil 1 martdan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolarga (uyboshi va ko‘chaboshilarga) kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha BHMning 50 foizi (122,5 ming so‘m) miqdorida har oyda kompensatsiya pul to‘lovlari to‘lanadi.

Turizmni rivojlantirish

2021 yil 1 martdan 2022 yil 1 iyunga qadar ichki turizmni ommalashtirish yo‘lida O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlar xarajatlarining bir qismini qoplash mexanizmi joriy etilmoqda:

aviatashuvlar — ichki turizm yo‘nalishi bo‘ylab aviaqatnovlarning aviachiptalari narxining 25 foizi miqdorida;

– turoperator va turagentlar — O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun uyushtiriladigan ekskursiyalar uchun aviatsiya va temir yo‘l chiptalari narxining 15 foizi miqdorida, shuningdek, turar joy (mehmonxona xizmatlari) xizmatlari narxining 10 foizi miqdorida. Shu bilan birga, ushbu xarajatlarning bir qismini qoplash, sayohat amalga oshirilgan hududlarda joylashgan turar-joy binolarida kamida bir kecha qolish sharti bilan ta’minlanadi.

Alimentlarni undirishning yangi tizimi

2021 yil 1 martdan boshlab ijro hujjatlari bo‘yicha aliment majburiyatlarini bajarish qarzdorlar tomonidan Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisobvarag‘i bilan integratsiya qilinadi. Bunda Majburiy ijro byurosi tomonidan ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvchi (aliment oluvchi) nomiga tegishli bank kartasi rasmiylashtiriladi hamda aliment pullari, shu jumladan qarzdorning ish haqidan ushlab qolingan aliment pullari ushbu aliment majburiyatlari bo‘yicha alohida bank hisobvarag‘i orqali mazkur bank kartasiga o‘tkaziladi.

Toshkentda chiqindilarni saralab yig‘ish tajribasi

Toshkentda 2021 yildan chiqindilarni saralab yig‘ish boshlanadi. Yangi tizim 2021 yildan Toshkentning har bir tumanidagi ikkita mahallada — jami 24 ta mahallada joriy etiladi. Saralagan holda chiqindilarni yig‘ishni rag‘batlantirish uchun oilalarga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun to‘lov tarifi pasaytiriladi.

Onlayn kassalar va onlayn NKMlarda o‘zgarish

O‘zbekistonda 2021 yil 1 martdan onlayn kassalardan foydalanish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi.

Viloyatlardagi o‘qituvchilarga ustamalar

Boshqa viloyatlardagi ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun jalb etilgan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi va pedagoglarning bazaviy tarif stavkasiga maxsus ustama joriy etilmoqda.

Chaqirib olingan inkasso topshiriqlarining muddati tugaydi

17 fevral ertalab soat 10:00 dan oldin «bir kunlik» (yoki boshqacha nomi — «obnal»chi) firmalar bilan shubhali operatsiyalarni amalga oshirganlik xavfi nisbatan kam bo‘lgan 2 960 tadbirkorlik sub’yektlarining bank hisobvaraqlariga joylashtirilgan inkasso topshiriqlari 2021 yil 1 martgacha vaqtinchalik bekor qilingan.

Yana nima?

Prezident mart oxiriga qadar 12 ob’yektni, jumadan, Toshkent viloyatidagi «Beldersoy» va «Chorvoq» dam olish maskanlari, «Poytaxt» biznes-markazi va «Malika» texn-bozorini sotishni ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan.

Toshkentda majburiy texnik ko‘rik boshlanadi. Yuridik shaxslarga tegishli avtomobillar 1 martdan 30 iyunga qadar, jismoniy shaxslar 1 yanvardan 31 martga qadar o‘tadi. Yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi transport kompaniyalari ko‘rikdan ikki marta (1 martdan 30 iyungacha va 1 sentyabrdan 31 oktyabrgacha) o‘tadi.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: