O’zbek mushketyori

“Sport faqat futbol yoki
boksdan iborat emas”.

Bir ustozimning aytgan ushbu gaplari ayni haqiqat. Aksariyat insonlar sport deganda futbolni tushunishadi. Vaholangki, shaxmat, karate, og’ir atletika, qilichbozlik kabi sport turlari ham borki, unda ko’plab sportchilarimiz azaldan yuqori o’rinlarga da’vogar bo’lib kelgan. Shubha qilyapsizmi? Unda sizga bir savol: qilichbozlik sport turida Olimpiadaning kumush medali sovrindori, uch karra jahon va Yevropa chempioni, ikki karra nufuzli Jovanini Kubogi sohibi bo’lgan o’zbekistonlik sportchini bilasizmi? Qiziq-a… quyida ana shu inson faoliyatiga nazar tashlaymiz.

Alkesandr Dyumaning “uch mushketyor” asari bilan tanishmisiz? Bizning hamyurtimiz ham tom ma’noda ular kabi mushketyor, faqat yagona Mushketyor. Bu sportchimiz Sobir Ro’ziev. U 1953 yilda tavallud topgan. Uning bolalik chog’larida barcha futbolga qiziqar, yosh-u qari birdek
“Paxtakor”ga muxlislik qilar edi. Qahramonimiz ham aqlini taniganidan boshlab tengdoshlari singari futbolga oshno tutingan. Sobir Ro’zievning futbolga bo’lgan mehri uni “Paxtakor” stadioni tomon yetaklaydi. O’sha vaqtlarda yiliga ikki marotaba “Paxtakor” tayyorlov guruhiga qabul bo’lardi. Biroq Ro’ziev har doim murabbiylardan rad javobini olib qaytardi. Shunga qaramay, uning ko’ngli futboldan sovumaydi. Bo’sh vaqtlarida maydonga borib, darvoza ortiga chiqib ketgan to’plarni olib kelib turardi. U futbolga qanchalik qiziqmasin, baribir futbolchi bo’lish nasib etmadi. Taqdir charxpalagi uni qilichbozlik olamidagi eng mashhur shaxslardan
biriga aylantirdi.

Maktab yillarida u jismoniy tarbiya o’qituvchisining tavsiyasi bilan qilichbozlik to’garagiga qatnasha boshlaydi. Uning chapaqay bo’lganligi bahslarda unga ustunlik berar edi.

Sobir Ro’ziev qilichbozlik olamidagi dastlabki yutug’iga 1966 yilgi “Samarqand yulduzlari” turnirida erishadi. O’shanda u barcha raqiblaridan ustun ekanligini namoyon qilgan holda, shohsupaning yuqori pog’onasidan joy oladi. Shundan so’ng, uning faoliyatida faqat parvozlar bo’ldi. U shijoati va iqtidori sabab SSSR terma jamoasi murabbiylari e’tiboriga tushadi va terma jamoaga jalb qilinadi.

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - 01-1.jpg

Sobir Ro’zievning hayotidagi eng unutilmas musobaqalardan biri 1972 yili Ispaniya poytaxti Madrid shahri mezbonlik qilgan o’smirlar o’rtasidagi jahon chempionati edi. Ushbu musobaqada jamoaviy bahslarda oltin medalni qo’lga kiritib, shaxsiy bahslarda kuchli to’rttalikka kiradi.
Madriddagi jahon chempionatida Xalqaro olimpiya qo’mitasining hozirgi prezidenti Tomas Bax, xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Alisher Usmonov, Belarus sporti afsonasi Aleksandr Romankov singari keyinchalik mashhurlik darajasiga erishganlar ishtirok etgan. 1974 yilda Ro’ziev sobiq SSSR kattalar terma jamoasiga qabul qilindi va 1983 yilga qadar uning
to’laqonli a’zosi sifatida faoliyat olib bordi.

Sportchimizning xalqaro maydondagi yutuqlari havas qilsa arzigulik. U 1980 yili Moskvada o’tgan XX Yozgi olimpiya o’yinlarining jamoaviy bahslarida kumush medalni qo’lga kiritadi. 1979 yili Melburn, 1981 yili Klermon-Ferran shaharlarida o’tkazilgan jahon chempionatining jamoaviy rapira bahslarida oltin medalni qo’lga kiritdi. 1975 yilda Vengriyaning Budapesht shahri mezbonlik qilgan dunyo birinchiligida esa kumush medalga ega chiqqan. 1977 yili Argentinaning Buenos-Ayres shahrida bo’lib o’tgan jahon chempionatidan esa bronza medali bilan qaytgan.

Sobir Ro’zievning qilichbozlikdagi ko’p yillik mehnatlari xalqaro e’tirofga ham sazovor bo’lgan. U Xalqaro olimpiya qo’mitasi, Osiyo olimpiya qo’mitasi hamda Milliy Olimpiya qo’mitalari Assotsiatsiyasi ordenlari bilan mukofotlangan. U turli yillarda O’zbekiston sport vaziri, Milliy olimpiya qo’mitasi prezidenti lavozimlarida ishlagan.

Ko’rdingizmi, bizning diyorda qanday iqtidor sohiblari yetishib chiqqan. Nima dedingiz, fikrdosh?

Suxrobjon SADIROV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: