Pandemiyaning ijobiy va salbiy jihatlari

“Koronavirus nihoyasiga yetgach insoniyatni nima kutmoqda?” degan savolning dolzarbligi kundan kunga oshmoqda. Ayni paytda mutaxasssilar bu borada mutlaqo bir biriga qarama-qarshi bo‘lgan fikrlar, bashoratlarni ilgari suryapti.

Bir guruh mutaxassislar ko‘p vaqtni uyda o‘tkazish, qo‘l berib ko‘rishmaslik kabi yangi odatlar saqlanib qoladi deyishsa, boshqalar karantin davridan keyin odamlar bir-biriga yanada yaqinroq bo‘lib, ko‘proq vaqtlarini uydan tashqarida o‘tkazadilar, — deb hisoblashyapti. Shuningdek, qo‘l berib ko‘rishish yaqinlik belgisiga aylanishi ham ehtimoldan holi emas.

“Pandemiyadan so‘ng aynan O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Bizni nimalar kutmoqda? Dunyo mutaxassislarning bu boradagi baholari bizga taalluqli emasmi? Bu savollar ham biz juda uchun qiziq.

Ha, taalluqli emas. Chunki dunyoning boshqa mamlakatlari kabi O‘zbekiston aholisi ham o‘ziga xos xususiyatlariga ega. Masalan, ancha vaqtdan beri barqaror sharoitda yashashga o‘rganib qolgan aholimiz koronavirus bilan bog‘liq voqealarning salbiy ko‘rinishlarini beixtiyor o‘z hayotlarida aks etishini tassavur qila olisholmaydi. Ya’ni, odatga ko‘ra, biz bu kabi salbiy jihatlarni o‘zimizga olmaymiz. Aynan mana shu munosabat hokimiyatning rasmiy ko‘rsatmalariga sovuqqonlik bilan qarash, karantin talablariga to‘la amal qilmaslik, masalan, niqob taqmaslik kabi qarashlarni keltirib chiqaryapti.

Yuqorida ta’kidlanganidek, ijtimoiy tarmoqdlarda biz o‘qiyotgan kelajak haqidagi o‘ylar va bashoratlar umumiy xarakterga ega bo‘lib, ayrim jihatlari o‘ta bo‘rttirilgan. Umumiy baholar O‘zbekistondagi va misol uchun, Xitoydagi real ijtimoiy sharoit va iqtisodiy holatlarni ko‘rsatib bera olmaydi, ular orasida osmon bilan yercha farq bor.

Onlayn ta’lim pandemiya sharoitda trendga aylandi desak mubolog‘a bo‘lmaydi. Mutaxassislar fikricha, karantin davri ta’lim tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va uni globallashtiradi.

Ammo xalqimizning mentalitetidan kelib chiqsak, yurtimizda kunduzgi oliy ta’lim uchun to‘laydigan mablag‘dan bir necha baravar ko‘proq pulni abituriyent Garvardda onlayn ta’lim uchun to‘lamasligini bilamiz. Bizda boshqa jamiyatlardan farqli o‘laroq masofaviy ta’limga ishonch bildirishmaydi. Chunki konservativ jamiyat tassavvurida masofaviy ta’lim obro‘ va yuqori sifatdan yiroq. Lekin pandemiyaning ta’lim tizimimizga ijobiy ta’siri ham bo‘ldi. Bu tizim majburiy “modernizatsiyasi”dan o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Bu holat esa nafaqat yoshi katta ustozlarning, balki ta’lim muassasalari ma’muriyati, shuningdek, hukumatning, vakolatli shaxslarning pozitsiyasi, ta’limga nisbatan konservativ munosabatlari va yondashuvlarining o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.

Pandemiyaning yana bir trendi — bu masofaviy mehnat bo‘ldi. Agar bu holatga yaxshilab nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu birinchidan ish beruvchi uchun juda foydaliligini ko‘rishimiz mumkin.

Chunki ish beruvchi xodimlar uchun ish o‘rinlari yaratish mas’uliyatidan holi bo‘ladi. Shu bilan birga ijara to‘lovi, kommunal xizmatlar, binoni tozalikda saqlash ishlariga ham mablag‘ ajratmaydi. Ya’ni, asosiy tashkiliy va barcha infrastruktura masalalari o‘z-o‘zidan hal etiladi.

Ekspertlar pandemiyadan so‘ng ham bu trend “urf”da bo‘lishini bashorat qilmoqda. Ammo O‘zbekiston sharoitida bu masalada katta o‘zgarishlardan umid qilish kerak emas. Bir necha oylik masofaviy mehnat va karantin uzoq yillar davomida shakllangan dunyoqarashimizni o‘zgartira olmaydi yoki o‘zgarishlar taxmin qilinayotgandek keng ko‘lamli bo‘lmaydi.

Karantin davridagi “o‘zini yakkalash” tartibi barchamizni faol kitob mutolaa qilishga, shu bilan birga, o‘z ustimizda ishlab, yangi sohalarni o‘zlashtirishga undagan bir paytda jamiyatimizdagi til bilan bog‘liq muammo, to‘siqlarni oshkor qilib qo‘ydi.

Aholining qo‘pchiligi rus va ingliz tilini yetarli darajada bilmasligi oqibatida, ko‘p fuqarolarning “kambag‘al” o‘zbek media-kontentiga, ya’ni, qimmat va tezkorligi talabga javob bermaydigan internetga kuni qoldi. Bu holatning bitta yaxshi tomoni yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirdi.

Voqealar rivojining yana bir yo‘nalishi bu milliy media sohasida ham kutilmagan islohotlar ro‘y berishi mumkinligidadir.

Bashoratlarga ko‘ra, koronavirus ustidan insoniyatning mutlaq g‘alabasidan so‘ng informatsion texnologiyalarning dinamik rivojlanishi, kundalik hayotimizda uning ulushi oshib, odamlarning onlayn hayotga o‘tishi kutilmoqda.

O‘zbekiston sharoitida bu qanchalik xaqiqatga yaqin deyishingiz mumkin. Javobimiz yana o‘sha-o‘sha. Birinchidan, voqealar rivoji qarama-qarshi tomonga qarab ketishi ham mumkin. Ikkinchidan, bu nazariyalar iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik tagzaminiga ega bo‘lib, ular rivojlangan mamlakatlarga misolida qilingan taxminlardir.

O‘zbekiston sharoitida bu faqat ovqat yetkazib berish xizmati, mahsulotlarga onlayn buyurtma berish, internetda reklama segmenti rivojlanishi bilan cheklanishi mumkin. Lekin virus aholining mobillashuviga, biz uchun noodatiy bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga nisbatan moslashuvchanlik qobiliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Koronavirus shubhasiz, ekologiyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Karantin davrida Xitoyda havoning ifloslanish ko‘rsatkichi keskin tushib ketgani e’tiborga molik. Biroq, nafaqat O‘zbekiston sharoitida, balki boshqa mamlakatlarda ham bu ijobiy o‘zgarishlar uzoqqa bormaydi. Pandemiya yakuniga yetishi bilan hammasi yana o‘z holiga qaytadi.

Koronavirus bizning yana bir xususiyatimizni oshkor qilib qo‘ydi.

Boshqa mamlakatlardan yashayotgan fuqarolarimizning xorijdan qaytib kelishiga ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimiz ijobiy munosabat bildirmadi. Bu holat mamlakatimiz siyosatchilari va mafkurachilari uchun bir chaqiriq bo‘lishi lozim. Zero mazkur yondashuv o‘zbekistonlik bo‘lgan, chet elda istiqomat qilib muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning davlatimizga ishonchini pasaytirishi mumkin. Islohotlar davrida ularning tajribasiga muhtojligimizni esa inkor etib bo‘lmaydi.

Biroq, bunga paralell ravishda mamlakat ichida fuqarolarimizda bir-biriga bag‘rikenglik tuyg‘ulari uyg‘onganini ham e’tirof etish joiz. Ko‘ngillilar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga ham moddiy, ham ruhiy madad ko‘rsatdi. Bu tajriba mamlakatimizda rivojlanib borayotgan ko‘ngillilar instituti faoliyatini yangi bosqichda taraqqiy etishidan darak beradi.

Koronavirus, shuningdek, yangi hukumat oldida jiddiy sinov bo‘lib, ayrim sohalarning favqulodda holatlarga tayyorgarlik borasidagi holatini ko‘rsatdi. Aniq misol sifatida ta’lim tizimiga yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, tibbiyotning moddiy – texnik bazasini mustahkamlash va ta’minoti borasida yangi yechimini izlaydigan savollarni o‘rtaga tashladi. Pandemiyadan so‘ng mazkur sohalarni jiddiy islohotlar kutmoqdaligi aniq. Bu voqealardan so‘ng aholining tibbiyot xodimlariga nisbatan munosabati ham ijobiy tomonga o‘zgarishi quvonarli, albatta.

Global iqlim o‘zgarishlari natijasida dunyoning ko‘plab hudularida ro‘y berayotgan tabiiy ofatlar respublikamizning bir nechta hududlari, xususan, Buxoroning Olot va Qorako‘l tumanlari aholisiga ham jiddiy ziyon yetkazishi va bu borda ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar hamda mazkur holatga fuqarolik jamiyati institutlarning ham befarq emasligi jamiyatda yuzaga kelgan xalq va davlat o‘rtasidagi samarali muloqotni ko‘rsatdi.

Epidemiyaning keyingi ijobiy ta’siri davlat idoralari va mansabdor shaxslarning siyosiy madaniyati va kasbiy mahoratini amalda namoyon etdi.

Brifinglar, ochiq muloqot va vaziyatni yumshatishga qaratilgan ijtimoiy aktsiyalar, sog‘liqni saqlash vazirligining foydali tavsiyalari va tezkor hisobotlari, bir qator davlat tashkilotlaring hamkorlikda ishlashi — bularning barchasi biz uchun ijobiy tajriba bo‘ldi. Mazkur yo‘nalishda OAVning mas’uliyati va faolligi o‘sganini ham albatta inobatga olish zarur. Bunday tajriba davlat hokimiyatini faollika, fuqarolarni esa mas’ullik va daxldorlikka undaydi.

Ibrohim Jo‘raboyev,
O‘zMTDP Markaziy kengashi,
Yoshlar ishlari bo‘limi mutaxassisi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: