Partiyalar va’dasini bajarsa

Yaqinda “Yuksalish” umummilliy harakatining siyosiy partiyalar tomonidan va’da qilingan, ammo haligacha bajarilmagan rejalar aks ettirilgan infografikasi taqdim etildi. Uni ko‘rib chiqar ekanman, Xalq demokratik partiyasi ilgari surgan ayollarning uyda bola parvarishi bilan band bo‘lgan davrini to‘liq mehnat stajiga qo‘shish, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ko‘tarib chiqqan 18 yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollarning ish vaqtini qisqartirish masalalari e’tiborimni tortdi. 

Bu borada ayollarning to‘liq mehnat stajiga hech bo‘lmaganda ular uyda birinchi va ikkinchi bola parvarishi bilan shug‘ullangan davri qo‘shilsa, keyinchalik ular pensiyaga chiqishida katta imtiyoz bo‘lar edi.Ayollarning ish vaqti masalasida ham davlat tashkilotida faoliyat yuritayotgan ayol hamda kattasi boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bo‘lgan, kichigi bog‘chaga qatnaydigan ikki farzandning  onasi sifatida partiyalar o‘z oldilariga qo‘ygan vazifalarini, albatta amalga oshirishlarini iltimos qilgim keldi. Chunki biz ayollar ish joyimizdagi vazifalarni bajarishga ham, yurt kelajagi bo‘lgan farzandlarimizni tarbiyalashga ham birday mas’ulmiz.Bundan sal oldin kasbim taqozosi bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi uyushtirgan matbuot anjumanida qatnashdim. Shunda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan boyagi masala bo‘yicha savol berdim.

Ammo vazirlik mutasaddilaridan: “Biz Mehnat kodeksida belgilangan qonun-qoi­dalarga aralasha olmaymiz, tarbiyachilarning ish vaqti ham xuddi sizniki kabi 18.00 gacha!” degan javob oldim. Xullas, vazirlik mas’ullari tayinli fikr bildira olishmadi. Shu bois men: “U holda  tarbiyachilarning soat 17:00 dan boshlab ishini tugatishga shaylanishlarini, 17.30 dan kech qolsak, qovoq-tumshuqlarini solib, har xil ta’na-dashnomlar yog‘dirishlarini qanday baholaysiz?” deya bir oz tortishdim. Aslida bu muammolarni partiyalar tezroq hal etishni o‘ylasa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi oldindan va’da qilganidek, respublika aholisini 100 foiz toza ichimlik suv bilan ta’minlashga erishsa, ko‘plab yurtdoshlarimizning ishonchiga sazovor bo‘lardi. Chunki har safar aholining kundalik tashvish va muammolarini o‘rganib maqola tayyorlayotganimizda hamon ichimlik suvni tashib keltirayotgan bolalarni ko‘rib yuragimiz eziladi.

Xalqimiz “Va’daga vafo – mardning ishi” deb bejiz aytmagan. Demak, tez orada eng mard va xalqparvar partiyalarning infografiyasi ham tuzilsa, ajabmas!

Sayyora Qodirova

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: