Pensionerlar lotereya chiptalarini sotib olishga majbur emas

Pensionerlarning haqiga ko‘z olaytirish, ijtimoiy nafaqa puliga majburiy tarzda lotereya chiptalari sotish kabi noxush holatlar ba’zan uchrab turadi. Iste’molchilar huquqini himoya qilish agentligi Sirdaryo viloyati tuzilmasiga aynan shu masala bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Unda fuqaro E.N. “Xalq banki”ning Guliston filiali  xodimlari tomonidan ijtimoiy nafaqa pullariga majburan lotereya chiptalari  sotishayotganidan norozi ekanini bayon etgan.

Aslida bank xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida, pensiya va nafaqalarga majburiy ravishda lotereya chiptalarini sotish qonun bilan qat’iyan taqiqlangan. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan hududiy tuzilma tomonidan bankka so‘rov xati yuborilgan. Javob xatida Sirdaryo viloyatida ijtimoiy nafaqa pullarini tarqatish vaqtida fuqarolarga lotereya olish taklif etilgani tasdiqlangan. Bankning Guliston filiali xodimi pensiya pulini tarqatish vaqtida fuqaro E.N.ga ikki dona lotereya chiptasi sotib olishni taklif qilgan. Ammo pensioner lotereyani olishni rad etgan  va unga  pensiya mablag‘lari to‘liq to‘lab berilgan. Ushbu holat bo‘yicha bank xodimi N.O.ga mehnat qonunchiligiga asosan intizomiy jazo chorasi ko‘rilgan. Kelgusida bunday xatolar takrorlanmasligi uchun bank xodimlariga tegishli tushuntirishlar berilgan.

Iroda MUXTOR qizi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: