Pnevmoniyada qanday tabiiy mahsulotlar o‘pka faoliyatini yaxshilaydi?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har bir inson umri davomida taxminan 3 yil shammollash va turli respirator xastaliklar bilan og‘riydi. Yoki bo‘lmasa, bu kabi xastaliklar bolalarni har yili 10 marotaba, kattalarni esa 5 marta bezovta qilar ekan. Bundan ko‘rinadiki, salomatligimiz mustahkam bo‘lishi uchun shamollashga qarshi kurashish, unga chalinmaslik yo‘llarini izlash juda muhim.

Qolaversa, barchamizga ma’lumki, bugungi kunda butun dunyoda koronavirus balosi va uning vahimasi kirib bormagan davlat qolmadi, hisob. Eng yomoni, bu xastalik aynan o‘pka faoliyatiga qattiq zarba berishi, ko‘pgina holatlarda bemorda pnevmoniya holati kuzatilishi, ba’zida esa voqealar o‘lim bilan yakun topishi, insoniyatni jiddiy tashvishga solmoqda. Shu bois shifokorlar o‘pka faoliyatini yaxshilash, og‘ir respirator asoratlar (bronxit, pnevmoniya) rivojlanishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishda barchani e’tiborli bo‘lishga chaqirmoqda.

Kasallik qanday yuzaga keladi?

Ta’kidlash lozimki, pnevmoniya — o‘pka yallig‘lanishi, o‘pkaning infektsion kasalligi, mustaqil kasallik yoki boshqa kasalliklarning asorati hisoblanadi. Zotiljamni turli bakteriyalar (pnevmokokk, streptokokk, stafilokokklar) va viruslar qo‘zg‘atadi. Kasallikning yuzaga kelishi va rivojlanishiga odamning qattiq sovuq qotishi, o‘ta jismoniy va ruhiy toliqishi, organizmning ichki zaharlanishi — intoksikatsiya hamda organizmning kasallikka qarshi kurashish qobiliyatini susaytiruvchi boshqa omillar sabab bo‘ladi. Natijada yuqori nafas yo‘llariga mikroblar o‘tkir va surunkali, joyiga qarab chegaralangan sohalardagi yoki pnevmoniya (o‘pkaning butun bir bo‘lagi zararlanadi) va o‘choqli bronxopnevmoniya farq qilinadi.

Sulfanilamid preparatlari va antibiotiklar kashf etilguncha pnevmoniya (ayniqsa bolalar va keksalarda) og‘ir o‘tib, ko‘pincha o‘limga olib kelar edi. Zamonaviy davolash usullari qo‘llanila boshlagach, kasallik uzoqqa cho‘zilmay, bemor tez tuzaladigan bo‘ldi.

Biroq bugungi kunda koronavirus kasalligi tufayli kuzatilayotgan pnevmoniya holatini davolash shifokorlarga anchayin qiyinchilik tug‘dirmoqda. Boisi ayni paytga kelib, dunyoda bu xastalikni davolovchi aniq dori vositasi ishlab chiqilgani yo‘q. Kasallikning oldini olishga xizmat qiluvchi vaksina esa hali tayyor bo‘lmagan.

Pnevmoniyada qanday davolash usullari yaxshi samara beradi?

Odatda pnevmoniyada antibiotiklardan to‘g‘ri foydalanishning ahamiyati katta. Salqin, toza havo uyquni va nafas olishni yaxshilaydi, shuning uchun bemor yotgan xonani tez-tez shamollatib turish muhim. Ichimlik (choy, meva suvi), suyuq ovqat (sho‘rva, ilitilgan tuxum, shirguruch, sut, sariyog‘, qatiq, kefir, kisel) tez-tez berib turiladi. Bemor terlaganda quruq sochiq, aroq yoki teng baravar suv qo‘shilgan odekolon bilan artiladi. Qolaversa, ichi yurishishiga, siydigi kelishiga qarab turish zarur.

Agar vaziyat yomonlashsa yoki yurak-tomir sistemasi yaxshi ishlamaganda uning faoliyatini kuchaytiruvchi dorilar buyuriladi, bemor kisloroddan nafas oldiriladi. Shuningdek, bemorning orqasiga gorchichnik qo‘yiladi, yurak-tomir faoliyatini yaxshilovchi va balg‘am ko‘chiruvchi dorilar tavsiya etiladi. Eng muhimi, kasallikning oldini olish uchun, asosan, organizmning umumiy holatini yaxshilashga (chiniqish, badan tarbiya), yomon odatlar(chekish, spirtli ichimliklar ichish)ni tark etishga, infektsiya manbalarini yo‘qotishga va turmush sharoitini yaxshilashga qaratilmog‘i lozim.

Yer qalampiri (xren) koronavirusni davolaydimi?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga chalinib, yerqalampir (xren) o‘simligidan davo topganlar haqida bir qancha xabarlar tarqaldi. Mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkinki, darhaqiqat, ushbu o‘simlik shifobaxsh hisoblanadi. Ayniqsa, yer qalampirining xom holida uning tarkibidagi faol komponentlar antiseptik xususiyatga ega bo‘ladi. Shuningdek, bu mahsulotda 16 foiz uglevodlar, 3 foiz azot moddasi, biroz yog‘lar mavjud.

Yana uning tarkibida kaliy, kaltsiy, natriy, oltingugurt, fosfor, temir moddasi va boshqa shu kabi mineral moddalar hamda fitontsid(tabiiy antibiotik)lar, xantal moyi, shakar, kraxmal, qatron, uglevodlar, kletchatka (dag‘al tolali modda), V guruh vitaminlari, RR darmondorisi mo‘l. O‘simlikning yangi uzilgan barglarida karotin moddasi ko‘p bo‘ladi. Bu shifobaxsh o‘simlikdan tayyorlangan tabiiy dori vositalari yana plevrit (o‘pka pardasining yallig‘lanishi), miozit (mushaklar og‘riganda) hamda bronxit (bronxlar yallig‘langanda) va qovuqda tosh bo‘lsa tavsiya etiladi.

Bu xususiyatlardan kelib chiqib aytish mumkinki, xrenni koronavirus va u tufayli organizmda kuzatiladigan pnevmoniyani davolashda xalq tabobati vositasi sifatida qo‘llash mumkin. Lekin bemorda klinik belgilar yaqqol ko‘rinayotgan va tana harorati ko‘tarilgan paytda yer qalampiri samarali hisoblanmaydi va bu holatda bemorga faqat qo‘shimcha tarzda yordam berishi mumkin xolos.

Dilnoza ABDULLAYEVA,
oliy toifali shifokor

DARVOQE: Olimlarning fikriga ko‘ra, karam mahsuloti koronavirusning yangi shtammini o‘ldira oladi. Boisi o‘tkazilgan tadqiqot natijalari yakunida karam ko‘p iste’mol qilinadigan mamlakatlarda koronavirusdan o‘lim holatlari kamroq bo‘lgani kuzatilgan. Xususan, Germaniya va Janubiy Koreyada infektsiyadan o‘lim ko‘rsatkichlari anchayin past. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, karam tarkibida koronavirusning og‘ir kechishiga xalaqit beradigan moddalar mavjud. Tuzlangan karam tarkibida esa antioksidantlar mavjud bo‘lib, ular organizmni patogenlardan himoya qiladi.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: