Pushkin karantinni qanday o‘tkazgan?

Aleksandr Sergeyevich Pushkin ham ijodkor inson sifatida yuqumli kasalliklar munosabati bilan e’lon qilingan karantindan qanday unumli foydalanish mumkinligini namoyish etgan. Uning shu paytda yaratilgan asarlari bilar tanishar ekansiz, bejiz rus she’riyatining quyoshi, deb nisbat berilmaganligini his etasiz. “Boldino kuzi” degan ibora esa shoir ijodining eng sermahsul davrlaridan birini nomlagan.

Avvalo shuni aytish kekrakki, Nijniy Novgorod guberniyasining Arzamas uyezdida joylashgan bu qishloq Pushkinlar sulolasiga bir necha asrdan beri tegishli bo‘lgan. Uni ilk bor Rus podshohi Ivan Grozniy Litva va Polsha qo‘shinlariga qarshi janglarda o‘zini ko‘rsatgan askarboshi va boyar Yevfstafiy Pushkinga 1585 yilda hadya etgan. Shu-shu ajdodlardan ajdodlarga o‘tib, o‘n sakkizinchi asr oxirida mol-mulk shoirning otasi Sergey Lvovich ixtiyoriga berilgan. U esa keyinchalik o‘g‘li Aleksandrga meros sifatida taqdim etgan.

1830 yil yozida shoir Natalya Goncharova bilan bo‘ladigan nikoh to‘yiga tayyorgarlik ishlari bilan band bo‘ladi. Shundan so‘ng orada ozroq dam olish uchun biz yuqorida tilga olgan Boldinoga jo‘naydi. 3 sentyabrda u ajdodlaridan qolgan qishloqqa yetib keladi va hovli chetida qad ko‘targan bir qavatli uyga joylashadi. Uning qo‘lida bo‘sh paytida mutolaa qilishni mo‘ljallagan bir nechta kitob bor edi, xolos.

Oradan uch hafta o‘tgach, ya’ni u qaytishni rejalashtirgan paytda Moskva atroflarida vabo tarqalganini va shu munosabat bilan butun mamlakat bo‘ylab karantin e’lon qilinganini eshitib qoladi. Nima qilish kerak? Dastlab u qandaydir yo‘llar orqali Moskvaga yetib olishga ham urinadi. Biroq hamma yerda harakat taqiqlangani saababli buning uddasidan chiqa olmaydi. Pushkin taqdirga tan beradi va qishloqda qoladi. Endi nomuayyan muddat davomida o‘ziga mashg‘ulot topishi kerak edi. U albatta, ijodni tanlaydi. Bunga balki qator do‘stlari shoirni oxirgi paytda dangasalikda ayblab, kam yozayotganini yuziga solishgani ham sabab bo‘lgandir. Majburiy-ixtiyoriy “o‘zini yakkalash” esa 29 noyabrga qadar davom etadi.

Bo‘lajak rafiqasiga yozgan maktublarida tan olganiday, shoirning o‘sha kunlari bir xilda o‘tgan. Ya’ni, ertalab soat yettida uyg‘ongan, oz-moz qahva ichgan va ijodga sho‘ng‘igan. Bu jarayon soat uchlargacha davom etgan. Keyin otda sayr qilgan, beshlarda esa yuvinib, tushlik qilgan. So‘ng kechki to‘qqizga qadar o‘qish bilan band bo‘lgan. Uning ixtiyorida Milman, Boulz, Uilson va Barri Kornuollning she’riy to‘plamlari, shuningdek, Kolrij, Shelli va Kitsning bitta kitobga jamlangan asarlari hamda Nikolay Polevoy qalamiga mansub “Rus xalqi tarixi”ning ikkinchi jildi va Jan-Polning aforizmlar antologiyasi ham bor edi.

Orada u qishloqdagi dehqonlar bilan bir-bir suhbat qurar, ularning hayoti bilan qiziqardi. Bunda xalq tilini, undagi sheva va lahjalarni o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi. Shuningdek, dunyo xabarlaridan voqif bo‘lish uchun yaqin atrofda yashaydigan knyaginya Golitsina huzuriga tashrif buyurib turardi.

Endi ijod masalasiga kelsak, Pushkin birinchi navbatda “Evgeniy Onegin” she’riy romanini yakunlashga muvaffaq bo‘ladi. 25 sentyabrda unga so‘nggi nuqta qo‘yiladi. Bu asarning dastlabki misralari 1823 yilda Kishinyovda bitilgandi. Taniqli rus adabiy tanqidchisi V. Belinskiy ta’biri bilan aytganda, “rus hayotining qomusi” hisoblanmish bu asar ustida shoir dam o‘ta berilib ishlagan, dam uni chetga surib qo‘yib, katta-katta tanaffuslar olgan. Albatta, orada hayotda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lib turganki, ular Pushkin e’tiboridan chetda qolmagan. Muallif o‘zining Onegin va Tatyana, Lenskiy va Olga kabi qahramonlari timsolida o‘sha davrning ijtimoiy-madaniy va maishiy muhitini yuksak mahorat bilan tasvirlagan. Boz ustiga mazkur asar rus adabiyotidagi ilk she’riy roman hisoblanadi.

Shunisi diqqatga sazovorki, shoir “Evgeniy Onegin”ni nihoyasiga yetkazish bilan birga boshqa asarlar ustida ham ishlayveradi. Masalan, shu kunlari u o‘ttizga yaqin she’r yozadi. Ayni vaqtda “Belkin qissalari” o‘ta tezkorlik bilan bitiladi. Unda muallif voqelikni emas, balki masalalarning mohiyatini bayon qiladi, ramziy syujetlarni keltiradi.

Yana bir e’tiborli jihat – vabo tufayli yuzaga kelgan karantin va boshqa cheklov ham shoir ijodiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Shu davrda u “Kichik fojealar” sarlavhasi ostida birlashtirilgan qator nasriy asarlar ham bitadi. Ular o‘qish uchun mo‘ljallangan pesalar bo‘lib, jami to‘rtta: “Xasis ritsar”, “Motsart va Saleri”, “Tosh mehmon” va “O‘lat paytidagi bazm”. Taniqli shoira Anna Axmatova qayd etganiday, axloq masalalari jahon she’riyatidagi bironta asarda Pushkinning “Kichik fojealar”idagiday keskin qo‘yilmagan.

O‘lat paytidaga bazm”ni olaylik. U shotland shoiri Jon Uilsonning “O‘lat shahri” pesasi bir qismining nasriy bayoni hisoblanadi. Biroq masalaga Pushkin shunday mahorat bilan yondashganki, odam o‘zining insoniylik qiyofasini hech qachon yo‘qotmasligi kerakligi haqidagi falsafiy mushohadalar o‘ta ta’sirchan va falsafiy chiqqan.

Eslasangiz, biz avvalroq shoirning yonidagi kitoblari orasida Barri Kornuollning she’riy to‘plami ham bo‘lganligini qayd etgandik. Aynan mazkur muallifning hajman kichik “Dramatik sahnalar”i Pushkinni ilhomlantirganini qator adabiyotshunoslar ta’kidlaydilar. Bu asarlarda qatnashadigan qahramonlar ko‘pchilik emas, aksar hollarda ikki kishi xolos. Butun mohiyat ularning monologlari orqali anglashiladi. Xuddi shunday yo‘nalish “Belkin qissalari” turkumidagi “Tobutsoz” asarida ham ko‘zga tashlanadi.

Shunday qilib, Boldinodagi karantin davri Pushkin ijodida katta iz qoldirdi. Hozir mazkur qishloqda shoir nomidagi adabiy-xotiriy va tabiiy muzey-qo‘riqxonaga aylantirilgan. Bu yerdagi bino va inshootlarda o‘n to‘qqizinchi asrning o‘ttizinchi yillaridagi turmush manzaralari o‘z aksini topgan. Bu yer hamisha ulug‘ shoir ijodining muxlislari bo‘lgan ziyoratchilar bilan hamisha gavjum.

Nurbek ABDULLAYEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar
ijodiy uyushmasi a’zosi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: