Qalamini ol! Amaldorning “devoriga chizib” qo‘ymasin

Yaqinda qoraqalpoq jurnalistlari va blogerlari bilan sodir bo‘lgan voqeadan hamma xabardor. Ya’ni 25-26 iyul kunlari bir qator jurnalistlar, blogerlar Repost.uz saytidan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining raisi Musa Erniyozovning koronavirusdan vafot etgani haqidagi yolg‘on xabarni o‘z kanallarida tarqatganligi sababli tunda prokuraturaga chaqirtirilgan, olib ketilgan. Surishtiruv jarayonida ularning telefon va noutbuklari olib qo‘yilgan.

Senzuraning bir turi

Bu masala yuzasidan, jurnalist va blogerlarning huquqlarini himoya qilgan holda 27 iyul kuni Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vaziyatga huquqiy baho berilishini so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yozma murojaat yo‘lladi. Murojaatga hali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi javob berganicha yo‘q.

Ammo ayni damda men bu haqda gapirmoqchi emasman. Kecha ushbu xabardan so‘ng, Vengriyadagi senzura holati haqida Olga Prosvirovaning maqolasiga ko‘zim tushdi. Unda Vengriyaning yetakchi mustaqil OAV xodimlari hukumat ular faoliyat olib borayotgan nashrlarni yo‘q qilishga urinayotganini aytib, iste’foga chiqish xati yozganliklari, bundan bir oy avval Indeks portalining bosh muharriri davlat tomonidan o‘tkazilayotgan tazyiq haqida gapirgani uchun lavozimidan chetlatilganligi, portalning boshqa jurnalistlari esa bu erkinlikka nisbatan ochiq bosim ekanligini ta’kidlab, muharrir Szabolk Dullni qaytarishlarini so‘raganlari va rahbariyat rozi bo‘lmaganligi uchun 70 ga yaqin jurnalist iste’fo arizasini yozganligi aytib o‘tilgan. Bundan tashqari, bu holat Vengriyada ilk marta bo‘lmayotgani, 2010 yildan beri hukumat OAV erkinligi, mustaqilligi va plyuralizmini muntazam ravishda yo‘q qilishga uringani ham muallif tomonidan ta’kidlangan. Bunga misol qilib, Indeks nashrida 20 yil ishlagan jurnalist Andrasning “O‘z ovozi bilan har qanday muvoffaqqiyatli jurnalistga Vengriyada ish topish qiyin bo‘ladi”, degan fikri ham keltirilgan. Yevropa Ittifoqi rahbariyati tomonidan ogohlantirishlarga qaramay, Vengriya hukumati OAVga bo‘lgan munosabatini haligacha o‘zgartirgani yo‘q.

Vengriya 89-o‘rinda


Eng qizig‘i shundaki, bugungi kunda “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi reytingida Vengriya 89-o‘rinni egallab turibdi. Menimcha, bu jurnalistlarning o‘z fikriga egaligi va doimiy ravishda o‘z huquqlarini talab qilib borishi tufayli.

O‘zbekiston 156-o‘rinda. (67 o‘rin past)

Ammo bizda OAV va jurnalistlar haqiqatni yoritish hamda so‘z erkinligi huquqidan foydalanishda hali bu natijaga erishganicha yo‘q. Yaqindagina Andijon hokimining jurnalistlar va blogerlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidagi holat buni yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Bundan tashqari, falonchi tumandagi falonchi maktabni ta’mirlash uchun ajratilgan pulni falonchi amaldor jig‘ildoniga urganini hamma biladi, lekin hech kim shu shunday qildi deb ayta olmaydi. Bundan kelib chiqib, bizda hali o‘z-o‘ziga nisbatan senzura ham kuchli ekanligini bilish mumkin. Biroq buning ham asosiy sababi hukumat va undagi amaldorlardan qo‘rqish. Juda ko‘pchilik jurnalistlar “to‘g‘ri gapning to‘qmog‘i”dan cho‘chib, vaziyatlarni ochiq-oydin yoritishga botina olmaydi. Oqibatda odamlarning noroziligi kuchayib boraveradi.Meni qiynaydigan jihat, hokimiyatga bundan nima foyda? Jurnalist aytolmasa ham, uni xalqaro tashkilotlar aytib chiqyapti-ku! Natijada yolg‘on-yashiq ma’lumotlarni tarqatayotgan ayrim saviyasiz blogerlar ham ko‘payib ketmoqda.

Natijada odamlar nopok amaldorni emas, balki davlatni yomon ko‘rib qolishiga sababchi bo‘lyapti. Insonlar ongini o‘z vatanidan bezish, o‘zga yurtlarga bo‘lgan havas, u yerda ta’minlab berilishi mumkin bo‘lgan inson huquqlari afzalliklari kabi tushunchalar egallab olmoqda. Aqli bor, bilimi bor, intellektual qobiliyati rivojlangan yoshlar yaxshi ta’lim tizimi, adolatli siyosat va xalq haqqiga ko‘z tikmaydigan amaldorlari bor davlatni istaydi. Bizda esa oddiy odamlarni aldash, sifatsiz ta’lim, yolg‘on va’dalar bilan ovoz yig‘ish, Prezident siyosatini suiiste’mol qilib, pullarni talash davom etmoqda. Toki, ochlikdan sillasi qurigan oilaning haqqini o‘zlashtirgan amaldorlar qolib, nufuzli manbaga ishonib, axborot tarqatgan jurnalist, blogerlar tunlarda qonunga zid ravishda surishtiruv qilinar ekan, bu holat davom etaveradi. OAVda buni yoritishi kerak bo‘lgan jurnalist esa uydagi munkillab qolgan onasiga, mo‘ltillab turgan farzandlariga bir nazar tashlab, barchasiga qo‘l siltaydi.

Xullas, hukumat jim tursa, amaldor jazolamoq istaydi, amaldorlar jim tursa, uning ortidagilar tinch o‘tirolmaydi. Hech bo‘lmaganda onasi “Qo‘y, bolam, boshingga balo orttirma”, deydi. Bu senzuralarni yorib chiqishdek “qurbonlik”ka tayyor jurnalistlar esa tazyiqqa uchraydi. Menimcha, endi tushunarli, nega Vengriyadan quyida, 156-o‘rinda ekanligimiz.

Guloro Yusupova,
O‘zJOKU talabasi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: