“Qirol” Artur Grigoryan

Boks xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini eng ko‘p ko‘klarga ko‘targan sport turi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Mustaqillikdan so‘ng Muhammadqodir Abdullayev, Ruslan Chagayev kabi boks yulduzlariga ega bo‘lgan o‘zbeklar muntazam jahon arenalarida raqiblarini “yuraklarini olib qo‘yishgandi”. Biroq shunday bokschi borki, u butun o‘zbek boksida tub burilish yasay olgan. Bu insonni o‘zbek boks qiroli deyishimiz mumkin. Bu sportchi — Artur Grigoryan.

Boksga kirib kelishi, murabbiyi, muvaffaqiyatlari

“Qirol” Artur 1967 yil 20 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Grigoryan 11 yoshidan boshlab, Liv Ahmedjonov murabbiyliga boksning sir-asrorlarini o‘rgana boshlaydi. Uning dastlabki muvaffaqiyati 1990 yilda AQShda o‘tkazilgan “Yaxshi niyat o‘yinlari” musobaqasiga to‘g‘ri keladi. Artur o‘shanda shohsupada barchadan yuqoriga joylashgan va hatto bu yo‘lda Professional boksda o‘z nomiga ega bo‘lgan Sheysn Mosli va Xulio Gonsaleslarni taslim qilgandi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan yil Sidney mezbonlik qilgan Boks bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etadi va kumush medalni qo‘lga kiritadi. Oradan bir yil o‘tib, MDH birinchiligida yuqoridan joy oladi.

Artur Grigoryan 1994 yilda professional boksga kirib keladi. U “Universum Box Promotion” kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan holda Klaus Peter Kolya boshchiligida janglarga tayyorlana boshlaydi. Qirolning profringdagi debyut jangi 1994 yil 10 aprelda Germaniyada o‘tkaziladi. O‘sha jangda u amerikalik Xuan Tubbsni ikkinchi raunddayoq nokautga uchratadi. Shundan so‘ng u 3 oyning o‘zida to‘rt bor jang o‘tkazib, barcha raqiblarini, shu jumladan, nurkiyalik Senturk O‘zderimni mag‘lub etib, Germaniya chempionligini qo‘lga kiritadi.

1995 yil 1 aprel sanasi Arturning hayotida yana bir unitilmas kun sifatida muhrlanib qoladi. U o‘shanda yengil vaznda WBO interkontinental kamari uchun ringga ko‘tariladi va raqibini sakkizinchi raunddayoq nokautga uchratadi. Ketma-ket yorqin g‘alabalar Artur Grigoryanga WBO kamari uchun ringga chiqish imkoniyatini yaratadi.

Grigoryan 1996 yilning 12 aprel sanasida Germaniyaning Gamburg shahrida WBO kamari uchun venesuyelalik Antonio Riveraga qarshi ringga ko‘tariladi. Bu uning professional boksdagi o‘n to‘qqizinchi jangi bo‘lib, Artur shu kungacha o‘tkazgan barcha janglarda raqiblarini yerga qulatgandi. Jang juda ham shiddatli va qiziqarli kechadi va yakunda Artur yakuniy ballar evaziga kamarga ega chiqadi. U shu tariqa O‘zbekiston tarixida professional boksda ilk oltin kamarni qo‘lga kiritgan bokschi sifatida tarix zarvaraqlaridan o‘rin oladi.

Shundan so‘ng “Qirol” Artur bu kamarni 17 ta jangda munosib himoya qiladi. 2004 yilga kelib, 18-himoya jangida mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Aselino Freytasga qarshi ringga ko‘tariladi. Ushbu jang stsenariysi Riveraga qarshi jangni eslatib yuborardi. Faqat yakunda ochkolar hisobiga ko‘ra, Artur mag‘lub bo‘ladi. Ushbu jangdan so‘ng yana ikki bor profboksda ringga ko‘tariladi va shundan so‘nggina qo‘lqoplarini mixga iladi.

2004 yilda faoliyatini yakunlaganidan so‘ng profboksda shartnoma imzolagan “Universum Box Promotion” klubida yoshlarga boks sir-asrorlarini o‘rgata boshlaydi. Murabbiylik faoliyati davomida Denis Boytsov, Sebastyan Zbik, Raxim Chaxkiyev va Ruslan Chagayev kabi bokschilarni tayyorlaydi.

«Qirol»ning armoni

U deyarli barcha musobaqalarda g‘alaba qozondi. Raqiblar uning nomini eshitishlari bilanoq oyoqlari qaltiray boshlardi. Biroq bir kam dunyo deyishadi. Inson doim ham o‘zi maqsad qilgan ishlarini amalga oshiravermaydi. Arturda ham bir katta orzusi bor edi. Ammo u orzu armon bo‘lib qoldi. Bu Olimpiyada chempionligi. Artur 1992 yilda Barselonada o‘tkazilgan yozgi olimpiyada o‘yinlarida ishtirok etgan va muvaffaqiyatsizlikka uchragan, shuning alamiga havaskor boksdan ketib, professional boksga kirib kelgandi. Uning: «Har bir chempionlikning o‘z o‘rni bor», degan so‘zlaridan bilish mumkinki, olimpiyada shohsupasi u uchun qanchalik qadrli ekanligini. Nima ham derdik, sen o‘zbek boksini dunyoga tanitishda katta hissa qo‘shding, sen qahramonsan “Qirol”.

Suxrobjon Sadriy

Fikr bildirish