Qopqoq izlagan bolalar

“Nuroniy” gazetasining har bir sonini kuzatib boraman. “Donishmandlik fasli”, “Mulohaza uchun mavzu”, “Hikmatli dunyo”, “Dildagi gaplar” ruknida berib boriladigan maqolalar fikrlashga undaydi. Bu gal sevimli nashrimning 43-sonida dolzarb mavzuda maqola e’lon qilinibdi. Jurnalist “Qopqoq ichida nima bor?” deya asl maqsadi mahsulotini ko‘proq sotish bo‘lgan va bu yo‘lda turli “o‘yinlarni” o‘ylab topayotgan ichimlik ishlab chiqaruvchilariga murojaat qilibdi.

Darhaqiqat, qopqoq ichida nima bor? Hech narsa. Ta’kidlanganidek, g‘irrom marketingning bir ko‘rinishi bu.

Maqolada “SmileTea” ichimligini ko‘p marta sotib olib, uning qopqog‘i ichidan yutuqli harflarni terib, aytaylik, planshet yoki velosiped so‘zlarini hosil qilish lozim, shundagina o‘sha yutuqqa ega bo‘linardi.

… Bola esa bola-da, uning velosiped haydagisi, planshet ko‘tarib yurgisi keladi. Ammo istagini ota-onasiga aytishga botina olmaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l “Smile” yutuqli aktsiyasida ishtirok etish, degan o‘yga boradi” kabi juda to‘g‘ri, mulohazali fikrlar bildirilgan. Ammo eng yomoni shundaki, farzandlarimiz axlat titadigan bo‘lib qolishdi.

Bir kuni nabiram Anvarjon do‘stlari bilan futbol o‘yiniga otlandi. Biroz o‘ynasin deya dadasi ruxsat beribdi. Shu kuni Anvarjon uyga kech qaytdi. O‘yinga chalg‘ib qorong‘u tushganini payqamay qolganini bahona qildi. Keyin bu holat har kuni takrorlanadigan bo‘ldi. Nabiramning ortidan borishga ahd qildim. Qarasam, o‘rtoqlari bilan ariqlar, bekatlar yonidagi axlat qutilaridan qopqoqlarni yig‘ib yurishibdi. Bu ham yetmagandek, ko‘p qavatli uylarning axlatxonalariga ham kirisharkan…

Avvalo, “ayb o‘zimda shu zormanda ichimlikni olib bersam, ko‘cha-ko‘yda tentiramasdi” deb o‘zimni koyidim. Biroq do‘kondagi borini olsak ham qopqoq ichidan va’da qilingan sovg‘alar chiqmasligi aniq-ku. Buni bolalarga tushuntirib bo‘larmidi? Aytsak ham ular ishonmaydi.

Xo‘sh, nima qilish kerak? Ichimlik ishlab chiqaruvchilar, mahsulotga reklama tayyorlovchilarni tanqid qilish fikridan yiroqman. Ammo oynai jahon orqali tinimsiz ko‘rsatilayotgan roliklar biz istaymizmi-yo‘qmi, bolalarimiz ongida saqlanib qolishini unutmaslik darkor. Demak, reklama va turli aktsiyalarni efirga uzatishdan oldin, uning moddiy foydasini emas, ma’naviy ta’siri haqida mulohaza qilish kerak.

Dilbar QURBONOVA,
Toshkent shahri

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: