Qosh qo‘yaman deb, ko‘zingizdan ayrilib qolmang!

Kim nima desa desin-u ijtimoiy tarmoqlarning salbiy jihatlaridan ko‘ra, ijobiy tomonlari ko‘p bo‘layotganini har kuni, har daqiqada ko‘ryapmiz, eshityapmiz.

Misol uchun, noma’lum yo‘lovchi tomonidan kutilmaganda olingan qing‘irlik tasviri birpasda dunyoni aylanib chiqyapti. Yoki qaysidir tashkilot tomonidan oqibati o‘ylanmay chiqarilgan qarorga tegishli idora yoki aholining reaktsiyasi undan-da tezkor bo‘lyapti.

Masalan, yaqinda pensionerlarga “Humo” kartalari majburan “tiqishtirilgani” va oradan ko‘p o‘tmay, bu qaror yetarlicha muammolarni keltirib chiqarayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarni “yondirdi”. Qarabsizki, tanganing orqa tomoni ham borligini unutgan tegishli idora tezda “Humo”ni “Uzcard”ga almashtirishga kirishdi.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda G‘azalkent shahrida joylashgan “Xotira” maydonidagi “Motamsaro ona” haykali ustiga chiqib olib, uyat so‘zlar bilan baqir-chaqir qilgan fuqaroning qiliqlari aholining keskin noroziligini keltirib chiqardi. Yoki o‘zining profilidan o‘zbek tili va millatini kamsituvchi fikrlarni qoldirgan samarqandlik “vatandosh”imizning xabari butun o‘zbekistonliklarning “qonini qaynatdi”. Bugun ertalabdan huquqni muhofaza qilish idoralarining ayni holatlarga nisbatan tezkor harakatini o‘qib xursand bo‘ldik. Qing‘irliklarni qilib, uzr so‘rayotgan “kun qahramonlari” jazosini olibdi.

Yana bir misol. Bugundan boshlab Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlar tiklangani, “Afrosiyob” tezyurar poyezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi qayta yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilingan edi. Lekin yo‘lga otlangan yo‘lovchilar buning uchun 120 soatdan, ya’ni 5 kundan ko‘p bo‘lmagan muddat oralig‘ida koronavirusga test topshirgan va natijasi yaxshiligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma taqdim qilishi lozim. Test topshirish narxi esa 224 ming so‘m.

Bu xabar ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning noroziligini keltirib chiqardi. To‘g‘ri-da, Nukusga yoki Buxoroga shoshlinch borishi zarur bo‘lgan odamning javobi birpastda chiqmaydigan testni topshirishga vaqti bo‘ladimi? Kamiga hozir ko‘pchilik moliyaviy tomondan qiynalib turgan bir sharoitda shuncha pulni to‘lashga majbur qilish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi. Hozir zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqadigan zamonmi?
To‘g‘ri, bu aholining sog‘ligini asrash maqsadida qilingan chora, lekin buning odamga tashvish keltirmaydigan boshqa yo‘llari bordir?

Shunday ham bo‘ldi. Bugunning o‘zida karantin sharoitida aholining iqtisodiy holatini e’tiborga olib, shuningdek, harakatlanish vaqtida yo‘lovchilarning ijtimoiy masofa saqlashiga sharoit mavjudligini nazarda tutib, qolaversa, fuqarolarning hududlararo harakatlanishida ortiqcha noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ushbu talab bekor qilingani ma’lum qilindi.

Xullas, ijtimoiy tarmoqlardagi bugungi vaziyat qarorlar qabul qilishda yetti emas, yuz bor o‘lchashimiz, har bir gapni obdon o‘ylab gapirishimiz, hatto qatiqni ham puflab ichishimiz lozimligini ko‘rsatmoqda. Aks holda, qosh qo‘yaman deb ko‘zimizdan ayrilib qolishimiz hech gap emas.

Jahongir ZIYAYEV,
O‘zMTDP deputati

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: