Qoyil, janob SHERMATOV!

Prezidentimiz o‘tgan yili O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda matbuot nashrlariga e’tibor ta’lim sohasida ko‘ngildagiday emasligini qayd etib, ayniqsa, o‘qituvchilar o‘z ustida ishlashi uchun, albatta, gazeta-jurnallarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidlagan edi. Xo‘sh, bugun Xalq ta’limi vazirligi tizimida mamlakat rahbarining bu haqli ta’kidiga javoban munosabat o‘zgardimi?

Ma’lumki, respublikamizda 10 ming 90 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bor. Ushbu dargohlarda 502 ming 42 nafar o‘qituvchi 6 million 168 ming 198 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berishadi. 500 mingdan ortiq bolalar esa boshlang‘ich sinf­larda o‘qiydi.

Bugun davlat budjetining juda katta qismi ushbu sohaga yo‘naltirilib, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ham ayni haqiqat. Lekin… ming afsuski, mamlakatimizdagi boshqa nufuzli gazeta-jurnallar o‘z yo‘ligaku-ya, Xalq ta’limi vazirligining o‘zi muassis bo‘lgan nashrlar adadiga qarab, bugun ham bu borada biror yorug‘ so‘z deyishga ojizmiz.

Mana, e’tibor qiling 2021 yilda:

1.“Ma’rifat” gazetasi — 7 681 ta.
2.“Учитель Узбекистана” gazetasi — 1 987 ta.
3.“Gulxan” jurnali — 1 900 ta.
4.“Tong yulduzi” gazetasi — 2 013 ta.
5.“G‘uncha” jurnali — 3 000 ta.

Yuqoridagi gazeta-jurnallar jami adadini hisoblaganda, hammasi 16 581 ta ekan. Bundan anglashiladiki, har 372 ming nafar bolaga, har 30 ming o‘qituvchiga yoki har 30 ming boshlang‘ich sinf o‘quvchisiga bor-yo‘g‘i 1 tadan nashr to‘g‘ri keladi.

Eng qiziqarli o‘smir-yoshlar jurnali bo‘lgan “Gulxan”ning hatto har 5 ta maktabga 1 nusxa ham bormayotganiga nima deyish mumkin? Demak, o‘n minglab o‘quvchilar 11 yil davomida maktabda o‘qib, bolalar nashrlarini hatto ko‘rmay, qo‘liga olmay ta’lim o‘choqlarini bitirib ketyapti! Yana bolalarimiz kitob o‘qimayapti deb, xafa bo‘lishimizga ne hojat?

Nima ham derdik, xalqimiz topib aytgan, avval rang ko‘r, keyin hol so‘r, deb. Matbuotga bo‘lgan “yuksak e’tibor va mehringiz”ga qoyil, kiroyi vazir bo‘lsa sizdek bo‘ladi-da, janob Sherzod Shermatov!

Hikmatullo QODIROV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: