Rajab oyi fazilatlarini bilasizmi?

Joriy yilning 13 fevral kuni hijriy-qamariy yil hisobi bo‘yicha yangi oy kirdi. Bu rajab oyi deb ataladi. Arab tilidagi “rajab” so‘zi o‘zbekchada “ulug‘lash”, “hurmatlash” ma’nolarini ifoda etadi.Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa’da, zulhijja, muharram) oylardan biri ekani Qur’oni karimning “Tavba” surasi, 36-oyatida ta’kidlangan. Mazkur oyning yana bir necha fazilatlari bilan tanishib, uni ezgu amallar bilan o‘tkazasiz, degan umiddamiz.

Rajab oyida quyidagi tarixiy voqealar yuz bergan:

-Yer yuzini suv bosgan to‘fonda Nuh alayhissalom kemaga rajab oyining birinchi kuni minganlar;

-Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy mazkur oyda nozil bo‘lgan;

Mashhur qavlga ko‘ra, Isro va Me’roj voqeasi rajab oyida sodir bo‘lgan.

Ushbu fazilatli oy kirganida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Allohumma baarik lanaa fiy rajabin va sha’bana va ballig‘naa Ramazona, der edilar. Ya’ni “Allohim, Rajab va sha’bonda bizlarga baraka bergin va Ramazon oyiga yetkazgin”, deb duo qilganlar. Bu duoni o‘qish sunnat hisoblanib, buni bilmaganligi uchun o‘qimagan kishi rajab oyining qaysi kuni bu amal sunnat ekanini eshitsa, o‘sha kuni o‘qisa bo‘laveradi. Sahobalar, ulardan keyin salafi solihlarimiz Ramazon oyidan so‘ng olti oy ro‘zani qabul bo‘lishini Allohga duo qilib so‘rashar, qolgan oylarda Ramazonga yetkazishini duo qilar edilar. Ushbu hadisi sharifni ulamolarimiz shunday ta’bir qilganlar: “Rajab – donni ekish oyi, Sha’bon – sug‘orish oyi, Ramazon – hosilni yig‘ish oyi”. Rajab oyida donni ekmagan kishi qanday qilib Ramazonda hosilni terib oladi? Yana aytgan ekanlar: “Rajab bulutni haydab keluvchi shamol oyi, Sha’bon bulut oyi, Ramazon yomg‘ir oyi”. Rajab oyi bulutni haydab kelmasa, qanday qilib Ramazonda Allohning rahmati yog‘iladi, degan ekanlar.

Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam rajab oyida ko‘p istig‘for aytish, gunoh ishlardan imkoni boricha saqlanishga targ‘ib qilgan va ro‘za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.

Rajab oyida qadimdan, ya’ni Ibrohim alayhissalom shariatlaridan to islomgacha bo‘lgan davrlarda ham urush qilish harom sanalgan. Arab xalqlari johiliyat davrida barcha samoviy dinlarning ahkomlarini buzib, o‘zgartirib yuborgan bo‘lsalar-da, mazkur oyning hurmatini saqlab qolganlar. Shahri haromda har qanday urushni, gunoh, zulm ishlarni, ov qilishni to‘xtatishar, hatto o‘z otasining qotilini ko‘rib qolsalar ham, undan o‘ch olishga shoshilmay, ushbu oylarning tugashini kutar edilar.

Bundan boshqa xalq orasida rajab oyida qilish kerak, deb tarqalgan amallarning barchasining asli yo‘qdir. Xalq orasida rajab oyining 27-kechasi me’roj kechasi bo‘lib, uni qadr kechasi kabi o‘tkazish kerak, degan gap-so‘zlar tarqalgan. Hatto ba’zilar me’roj kechasida o‘qiladigan maxsus namozlar borligini ham aytib yurishadi. Yana aytishlaricha, me’roj kechasida o‘qiladigan namozlarning har bir rakatida falon, falon xos suralar o‘qilar emish. Ammo bu gaplarning hech biri shariatda biror asosga suyangan emas.

Rajab oyida har xil bid’at amallarga yo‘l qo‘ymaylik!

Muhammadi QORAYEV,
O‘MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakil o‘rinbosari

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: