Ramazon ro‘zasining fazilati

Ramazon ro‘zasini tutmoqlik ham ibodatdir. Bu Qur’oni karim oyatlari, Pay­g‘ambarimiz (alayhissalom)ning hadislari va Islom ummatining ijmo’i ila sobit bo‘lgandir. Alloh taolo bu ibodatni serfazilat qilib qo‘ygan.

Ro‘za arab tilida «siyom» deb atalib, bir narsadan o‘zini tiymoqlikni bildiradi. Shariat istilohida esa, «tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zni tiymoqlikdir». Ro‘zani ochuvchi narsalar deganda yemoq, ichmoq, jinsiy yaqinlik qilmoq va ro‘zani ochib yuboradigan boshqa narsalar tushuniladi.

Ramazon oyi ro‘zasini tutmoq ikkinchi hijriy sanada farz qilingan bo‘lib, ro‘za tutishning inson uchun foydalari juda ham ko‘p. Jumladan, ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Alloh taolo ro‘za haqidagi oyatning oxirida:

«Shoyadki, taqvo qilsangiz», degan.

Alloh taolo bandalarni ro‘za tutishga buyurib:

«Ey imon keltirganlar, sizlarga ham, xuddi sizdan oldin o‘tganlarga farz qilinganidek, ro‘za farz qilindi, shoyadki, taqvo qilsangiz», degan (Baqara: 183-184).

«Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim o‘sha oyda hozir bo‘lsa, bas, ro‘zasini tutsin», degan (Baqara. 185).

Bundan avvalgi oyatda ro‘za «sanoqli kunlar» farz qilingani aytilgan edi. Bu oyat o‘sha «sanoqli kunlar – «Ramazon oyi» ekanini bayon qilyapti. Ayni choqda, Ramazon oyining fazli ham zikr etilyapti.

Ramazon oyi yil ichidagi eng afzal oy hisoblanadi. Uning fazli haqida ko‘plab hadisi shariflar bor, ulug‘ ulamolarning so‘zlari, madhlar aytilgan, kitoblar bitilgan. Lekin bu haqdagi ta’riflarning gultojisi Robbil Olamiynning O‘z kalomida aytgan madhidir. Bu Ramazoni sharifning eng ulkan fazilatlari haqidagi ta’rifdir. Ya’ni:

«Unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu fur­qondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir».

Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy alayhissalom: «Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro‘zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur. Unda jahannamning eshiklari yopilur. Unda o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanur. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq, mahrum bo‘libdi», dedilar» (Nasaiy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).

Ro‘zaning fazilati haqida Abu hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisda:«Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Robbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay», dedilar» (Beshovlari rivoyat qilganlar).

Demak, insonning ro‘zadan boshqa hamma qilgan amali o‘zi uchun bo‘ladi. Faqatgina tutgan ro‘zasi Alloh uchundir. Buni bunday tushunish mumkin: Ro‘zadan boshqa hamma amallarda amal qiluvchi xohlasa ham, xohlamasa ham bir oz xo‘jako‘rsinlik, o‘zgalarning havasi, maqtovi, obro‘-e’tibor paydo bo‘ladi. Misol uchun, namoz o‘qigan odam tahorat qilganida, namozga joy tanlaganida va nihoyat namoz o‘qiyotganida boshqalar ko‘radi. Bu odam namoz uchun tahorat qilmoqda, bu odam namoz uchun joy tanlamoqda, bu odam namoz o‘qimoqda, yaxshi odam ekan, degan fikr xayolidan o‘tib, unga hurmat-e’tibor bilan qaraydi.

Shunga o‘xshab, zakot berganida har qancha yashirsa ham hech bo‘lmaganda zakotni olgan kishi bilib, haqqiga duo qiladi.

Hajga borganida esa, umuman, shov-shuv bo‘lib ketadi. Qaytganidan so‘ng guruh-guruh kishilar ziyoratiga keladi. «hoji aka» yoki «hoji ona» degan nom bilan chaqiriladi.

Ro‘zada esa, bu narsalarning birortasi yo‘q, kechasi hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa hamma barobar yuraveradi. Iftor vaqti kirayotganda ham, hech kimsiz yolg‘iz o‘zi qolganida ham ro‘zador Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, og‘zini ochib yubormaydi. Ana shularning hammasi ro‘za Alloh uchun tutilishining belgisidir.

Shuning uchun ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taolo O‘zi bilib berishga va’da qilmoqda.

Shu bilan birga, ro‘za uchun beriladigan savobning ko‘payishi shunchalarki, uni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, idrok ham qila olmaydi. Ro‘zadorning amali bunchalar yuqori baholanishining sababi u faqat Alloh taolo uchun taomi va shahvatini tark qilib, ro‘za tutganidandir.

Darhaqiqat, azizlar, bizlarga Alloh taolo barakot oyini nasib qildi. uning qanchalik darajada barakalik ekanligini, imonimiz va ishonchimiz darajasi ila his qilamiz. Ammo bu rahmat oyida ko‘p yaxshilik borligiga hech kimning shubhasi yo‘q. chunki bu oyda tutayotgan ro‘zalarimiz bilan ko‘p o‘zimizdagi yomonliklardan tiyilamiz. “Men ro‘zadorman” deb ancha muncha nojoiz ishlarimizdan to‘xtaymiz.

Payg‘ambarimiz (solallohu alayhi va sallam) aytganlaridek, ro‘za bu omonatdir, ro‘za bu ibodatdir.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: