Raqamlashtirish — korruptsion holatlarning oldini oladi

Koronovirus pandemiyasi davri aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash va ularni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlashning shaffof va samarali mexanizmlari bo‘lishini taqozo etmoqda. Bunda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratish dolzarblik kasb etadi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohadagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga muvofiq, 2020 yilning 1 sentyabridan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko’rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi. Xususan, sentyabr oyidan mazkur axborot tizimi Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida, oktyabr oyidan Buxoro, Navoiy, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, noyabr oyidan Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida hamda dekabr oyidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joriy etiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi 2019 yil 1 oktyabridan buyon tajriba loyiha tariqasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilmoqda.

“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimini respublika bo‘ylab joriy etish uchun kompyuter uskunalari va periferiya qurilmalarini sotib olish Jahon banki imtiyozli krediti hisobiga amalga oshiriladi va mazkur axborot tizimining egasi va foydalanuvchisi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hisoblanadi.

Davlat ijtimoiy xizmatlari yoki yordamini taqdim etish doirasida davlat organlari va tashkilotlarining idoralararo elektron hamkorligi “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsion platformasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan quyidagi 11 turdagi hujjatlar va ma’lumotlar fuqarolardan talab etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

— doimiy yashash uchun ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;

— oila tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, bolalar soni va ularning yoshi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, turmush qurganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, ajrashganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;

— avtotransport vositasi mavjudligi va uning texnik holati to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

— oilaning (oila a’zolarning) rasmiy daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar;

— ko‘chmas mulkning mavjudligi, ko‘chmas mulk hajmi, foydalanuvda bo‘lgan yerning boniteti to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar;

— ish qidiruvchi, ishsiz, jamoat ishlari bilan bandlik maqomi berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar;

— pensiya va nafaqa ko‘rinishidagi daromadlari, 1- va 2- guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

— mehnat faoliyati bilan vaqtincha shug‘ullanish imkoniyatini bermaydigan kasallikning mavjudligi, nogironlik guruhining mavjudligi, doimiy parvarishga muhtoj oila a’zosining mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar;

— bank plastik kartasining mavjudligi, to‘lovlar va vedomostlarni yuborish, to‘langan mablag‘lar to‘g‘risidagi hisobotlar, oila a‘zolariga kelib tushgan pul o‘tkazmalari, bank plastik kartasi qoldiqlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar;

— oila a’zolarining qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshirgan operatsiyalari, dividendlar olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar;

— talabalar safida mavjudligi, stipendiya miqdori, o‘qish shakli (kunduzgi, sirtqi), o‘qish turi (davlat granti, to‘lov kontrakt) to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, “ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va 12 oy davomida amal qiladi.

Bunday shaxslar yoki oilalar qo’shimcha hujjatlar va ma’lumotnomalarni taqdim etmasdan quyidagi xizmatlar va imtiyozlarni olishi mumkin bo’ladi:

— davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar tо‘lovidan ozod etish;

— maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan miqdorlarda ota-onalar to‘lovini to’lash;

— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida darsliklar ijara to‘lovlaridan ozod etish;

— umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish;

— ayrim fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta maktablar o‘quvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;

— san’at, musiqa maktablari, «Barkamol avlod» markazlari va boshqa maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida o‘qish xarajatlaridan ozod etish;

— kam ta’minlangan oilalarning nogiron a’zolarini protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash;

— ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam ko‘rsatish bo’yicha yo‘llanma (order) olish.

Bir so‘z bilan aytganda, idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llash vositasida o‘zaro hujjat almashish jarayonini avtomatlashtirish orqali davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlar soni tubdan qisqaradi. Belgilangan mezonlarga muvofiq, kam ta’minlangan oilalarning ehtiyojmandlik darajasini ob’ektiv baholash, davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali qarorlarni qabul qilishda sub’ektiv yondashuv bartaraf etiladi, bu o‘z navbatida tizimda sion holatlarning oldini oladi.

Zafar Xudayberdiev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: