Ravshan Ermatov

Zamondoshimiz kim?

Xalqaro toifadagi futbol hakami. Ginness rekordlar kitobiga “Futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlarini eng ko‘p boshqargan hakam” sifatida kiritilgan. Ayni vaqtda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti. Bugun, 9 avgust — uning tug‘ilgan kuni.

Zamondoshning hayot yo‘li

Ravshan Ermatov 1977 yil 9 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lib, otasi, (Respublika toifasidagi hakam) Sayfiddin Ermatov o‘g‘lining kelajakda futbolchi bo‘lishini orzu qilgan edi.

Ammo 4 yoshida velosiped zanjiri to‘pig‘ini yirtib yuborib, qoni zaharlangan bolakayning oyog‘i kesilishiga bir bahya qolgan. Yoshligidan futbolga va chet tillarini o‘rganishga qiziqqan. 7 yoshidan futbol bilan shug‘ullangan Ravshan Ermatov birinchi ligada ishtirok etgan Toshkent viloyatining “G‘azalkent”, keyinroq esa poytaxtning “Istiqlol” jamoalarida to‘p suradi. Biroq bolaligidagi o‘sha jarohati tufayli 1997 yili 19 yoshida katta futbol bilan xayrlashishga majbur bo‘lganida otasi unga futboldan ketmaslik va futbol hakami kasbini chuqurroq o‘rganishni maslahat beradi.

Shunday qilib yosh, shijoatli Ravshanjon tishini tishiga qo‘yib salomatligini tiklab, kelajakda otasining kasbini davom ettirishga bel bog‘laydi. Ota-o‘g‘il kelajak rejalarini jiddiy o‘ylab, olti yo‘nalishli dastur tuzadilar. Unga ko‘ra, yaqin orada va kelajakda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan individual ish rejasini ishlab chiqishadi. Bu orada bo‘lajak hakam Toshkent Davlat jismoniy tarbiya institutini, keyinroq esa Iqtisodiyot universitetini tamomlaydi. Xalqaro hakamlik faoliyatini 25 yoshida boshlagan, ya’ni u ilk marta 2003 yil FIFA tomonidan xalqaro hakamlikka tayinlangan. Ravshan Ermatov Kanadada o‘tkazilgan 2007 yilgi FIFA U-20 Jahon Chempionatida hakamlik qilib, Gambiya – Meksika, hamda Chili – Kongo o‘yinlarni boshqargan. 2010 yilda esa Janubiy Afrika Respublikasida bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida Janubiy Afrika Respublikasi va Meksika jamoalari ochilish o‘yinini boshqarishi uchun arbitr etib tayinlangan.

Ravshan Ermatov 2008, 2009, 2010 va 2011 yillarda ketma-ket “Osiyoning eng yaxshi hakami”, deb baholangan. 2014 yil esa u yana bir bor shu nomga sazovor bo‘lgan hamda 2008 yilgi FIFA Klublararo Jahon Chempionati finalini boshqarish uchun tanlangan. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011 yilda jahonning eng yaxshi hakami, deb e’tirof etgan. Shu sabab u 2014 yilgi jahon chempionatida ham qatnashgan. Uning aytishicha, u jahon chempionatiga kosmosdek qaragan. Braziliyada Gollandiya – Kosta-Rika o‘yinini boshqarish orqali rekordchiga aylanishi mumkinligini esa xayoliga ham keltirmagan. “Ushbu o‘yinga tayinlanganim haqida e’lon qilishganida, yonimga Xorxe Larrionda (JChlarida sakkizta o‘yinni boshqargan urugvaylik hakam) keldi. Qo‘limni siqdi va quchoqlagancha tabrikladi”, – deydi Ermatov. U o‘shanda jahon chempionatlarida to‘qqizinchi bor hakamlik qilgan edi.

O‘zbek tilidan tashqari, rus va ingliz tillarini yaxshi biladi. Uning hayotdagi shiori hamisha kamtar bo‘lib qolishdan iborat. Shu sabab u hamisha barcha futbolchilar bilan til topisha olgan. Eng asosiy tanqidchisi otasi. Iqtisodiy sohada ma’lumotga ega bo‘lgan Ermatovning sport do‘konlari tarmog‘i ham bor. “Buyuk xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” va “O‘zbekiston iftixori” ordenlari sohibi. Bugungi kunda u oilali, turmush o‘rtog‘i Murodaxon Toshkent tibbiyot institutini tamomlagan, ularning egizak farzandlari bor.

Zamondosh fikrati

Men hakamlarni mina izlovchi sapyorlarga o‘xshataman. Sal noto‘g‘ri harakat minaning portlashiga olib keladi”.

“Futbolchi bo‘lganimda, balki bunday darajaga chiqmagan bo‘larmidim”.

“O‘qishda va hayotda qoida buzmasligingiz lozim”.

Sayyora Qodirova tayyorladi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: