Ruslan Sharipovning hayoti qanday kechgan edi?

Qo‘shiqlari bilan ko‘plab yuraklarni zabt etgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, bastakor, taniqli xonanda. Kecha u vafot etdi.

Ruslan Sharipovning hayoti qanday kechgan?

Ruslan Sharipov 1966 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. 7 yoshidan musiqa bilan shug‘ullangan. 16 yoshidan esa katta sahnalarga chiqa boshlagan. Toshkent shahridagi Hamza nomidagi musiqa bilim yurtining «Fortepiano» sinfida o‘qigan.

Ruslan Sharipov yoshligida

Iqtidorli ijodkor «Bolalar», «Bayt» kabi mashhur guruhlarni tashkil qilgan. «Shahzod», «Setora», «Xo‘ja» guruhlarining ko‘plab qo‘shiqlariga musiqa bastalagan. 1989 yildan qo‘shiq kuylashni to‘xtatib, e’tiborini faqat bastakorlik va yangi guruhlar tuzishga qaratgan. O‘zi uchun atigi yigirmadan ortiq qo‘shiq yaratgan bo‘lsa, boshqa xonandalar uchun 200 ga yaqin qo‘shiq yozib bergan.

Rashid Xoliqov va boshqalar bilan

1980 yillar oxiri 1990 yillar boshida o‘zbek estradasining rivojlanishi Ruslan Sharipov nomi bilan bog‘liq. U ko‘p yillar «Tarona» kompaniyasida ham faoliyat yuritgan. 2002 yilda ilk kontsert dasturi namoyish etilgan.

Birinchi turmush o‘rtog‘i Nargiz Zokirova va otasi bilan Samarqandda

Hozir Amerika va Rossiyada faoliyat yuritayotgan xonanda Nargiz Zokirova uning birinchi turmush o‘rtog‘i. Nargiza Zokirova 18 yoshda Sabina ismli farzandni dunyoga keltiradi. Biroq turmushlari uzoqqa cho‘zilmaydi. Ruslan Sharipov xatolarini tan olib, oilasini tiklashga ko‘p bor urinadi, biroq Nargiz Zokirova uni kechirmaydi. Hozir qizi va nabirasi 5 yoshli Noya Nargiza Zokirova bilan birga. Ikkinchi turmush o‘rtog‘i Go‘zal Ahmedova bilan Komila va Yasmina ismli farzandlarini tarbiya qilishgan.

Farzandlari bilan birgalikda

Faol ijodiy faoliyat yuritayotgan vaqtida kutilmagan zarbalarni ola boshlaydi. Xorijiy telekanallarga noto‘g‘ri ma’lumotlar aytib, intervyu berganlikda ayblanib televideniye efirlaridan olib tashlanadi. Bu ishni qilmagani aniq bo‘lgach, yana tuhmatga uchraydi. Giyohvand moddalar savdosi uchun qamalgani haqidagi tuhmatlarga oydinlik kiritilgunga qadar yana ekranga chiqmaydi. Ustiga-ustak «Xo‘ja» guruhi bilan birgalikda boshlagan ishi ham ortga keta boshlaydi. Tadbirkorlik faoliyati kasodga uchraydi. Musofirchilikda uzoq muddat qiynalgan, zax yerlarda tunashga majbur bo‘lib, revmatizm kasalligidan aziyat chekib yashadi.

2016 yil shov-shuvga sabab bo‘lgan suratlar

Jonidan ortiq suygan ikkinchi ayoli boshqa insonni sevib qolgani uchun Ruslan Sharipovni tashlab ketadi. Ketma-ket omadsizliklarni ko‘tara olmay, tushkunlikka tushib, ichkilikka bog‘lanib qoladi. Umrining so‘nggi yillarida pul yetishmovchiligi tufayli o‘z uyini sotib, onasi bilan yashaydi. Lekin keyin o‘zini qayta tiklab oladi.

Ruslan Sharipovning onasi o‘tgan yili vafot etgan

Xonanda so‘nggi intervyularidan birida yana ijodga qaytishi, hali hammasi avvalgidek zo‘r bo‘lishi, kontsert berish rejasi borligi haqida gapirgan. «Bu kontsert yakkaxon tarzda bo‘lmaydi. Unda bugunning eng yorqin xonandalari ham ishtirok etadi. Katta shou uzoq yillik tanaffusga yaxshi javob bo‘ladi», — degan xonanda. Afsuski, niyatlari amalga oshmay, xonanda bu dunyoni erta tark etdi. Kecha uning vafotiga insult kasalligi sabab bo‘lgan.

Kecha Ruslan Sharipovning vafoti haqida xabarlarni eshitgan muxlislar uning Instagramdagi rasmiy sahifasiga so‘nggi xayrlashuv so‘zlarini yozishmoqda

Ruslan Sharipovdan iqtiboslar

Bizni oldinda nimalar kutayotganini hech qachon bilmaymiz. Bo‘lib o‘tganlarning hammasi men uchun sinov bo‘ldi, deb qabul qilyapman”.

“Rejalarim juda ko‘p. Sog‘lig‘im tiklangach, ijodimni yo‘lga qo‘yaman. Kimlardir uchun emas, o‘zim uchun qo‘shiq yozishni istayman”.

Обиджон Асомов билан

Dilshodabonu O‘rolova tayyorladi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: