Said Ahmad

Nima uchun mashhur?

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston qahramoni. «Kelinlar qo‘zg‘oloni» komediyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida sahnalashtirilgan. Bugun uning 100 yillik yubileyi.

Qanday mashhur bo‘lgan?

Saidahmad Husanxo‘jayev 1920 yil 10 iyun kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Otasi Ismoil Gaspirali bilan do‘st bo‘lgan, bobosi esa shahar dumasi deputati edi. Said Ahmadga xalq dushmanining o‘g‘li, degan tamg‘a qo‘yilgan edi. Uning bolaligi Abdulla Qodiriy, Elbek, Oybek va G‘afur G‘ulom kabi adiblar davrasida o‘tadi. Tabiatan qiziquvchan va tinib-tinchimas Said Ahmad goh dor o‘ynab oyog‘ini sindirgan bo‘lsa, goh artist bo‘lishga uringan, hatto qurilish texnikumida tahsil olib, mashhur fotosuratchi Rensonga shogird tushgan. 1941 yildan 1950 yilgacha gazeta va jurnallarda ishlaydi. Ammo 1950 yil 10 may kuni millatchi sifatida bir necha yilga qamaladi. «Aksilsho‘raviy millatchilar guruhi a’zosi, zararli g‘oyalar targ‘ibotchisi» sifatida ayblanib, Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyati Jezqazg‘an lagerida bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘i Saida Zunnunovaga erining xalq dushmani ekanini aytib undan voz kechishini talab qilishganida u partiya biletini tashlab ketadi. Shoira 1977 yili 51 yoshida vafot etadi. Biroq shuncha qiyinchiliklarga qaramasdan Said Ahmad 15 yil mehnat qilgan «Ufq» trilogiyasi va 1988 yilda dunyo yuzini ko‘rgan «Jimjitlik» romani uni mashhur qiladi, buyuk ijodkorligini isbotlaydi. Said Ahmad 2007 yil 5 dekabr kuni 87 yoshida vafot etadi. 2013 yili Milliy bog‘da Said Ahmad va Saida Zunnunovaning haykali o‘rnatiladi. Bu yil esa tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning hayoti haqidagi «Sabru sadoqat» seriali va «Said va Saida» filmi ekranlarda namoyish etilmoqda. Serial stsenariyi muallifi ikki ulug‘ ijodkorning yolg‘iz farzandi Nodira Husanxo‘jayeva.

Mashhur nima deydi?

«Dunyoda har ishning o‘z hisob-kitobi bor. Har bir aytilgan so‘zning javobi bo‘ladi. Dunyodan ko‘z yumib ketguncha hisob-kitob qilib qo‘yish kerak. Aytilgan gapga javob berib qo‘yish kerak».

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: