Samarasiz tortishuvlar va samaraliroq loyihalar

Bu yoqda O‘zLiDeP va “Milliy tiklanish” partiyalarining liderlari-yu xayrixohlari aholini “tomorqadan oqilona foydalanmaganlik uchun jarima”ga tortamiz, “yo‘q, avval ogohlantirib” keyin tortish kerak, deb ijtimoiy tarmoqlarni gullatib turgan bir paytda hukumat tomoshabin bo‘lib o‘tirishni istamadi. Oqilona ish tutdi, bu borada Prezident tomonidan belgilangan muayyan vazifalarni amalga oshirib ulgurdi.

To‘g‘ri-da, ko‘klamning har kuni g‘animat bo‘lsa, “jarima belgilaymiz”, “avval ogohlantirib, belgilamaymiz” deb aravani quruq olib qochishdan ne naf. Ayniqsa, oxir-oqibat mohiyati bir xil bo‘lgan o‘sha qaror qabul qilinishi kunday ravshan bo‘lsa…

Samarasiz ana shu tortishuvlar avjiga chiqqan paytda xabar tarqatildiki, O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirishga 337,6 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratiladi. Demak, bu masalada hukumatning pozitsiyasi qat’iy va jiddiy. O‘z navbatida, biz ham bu to‘g‘ri qaror ekanligini ta’kidlab o‘tamiz. Zero, dunyoning manaman degan iqtisodchilari prognoz qilishicha, koronavirus pandemiyasi sabab va uning oqibatlari to‘la bartaraf etilganidan so‘ng ham oziq-ovqatga bo‘lgan talab yuqori bo‘ladi.

Xullas, meva-sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirishga yo‘naltirilgan mazkur 337,6 mln dollarlik mazkur loyiha Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida 6 yil (2020-2025 yillar) muddatda amalga oshiriladi. Loyihaning moliyaviy manbalari quyidagicha:

213 175 ming AQSh dollari – JICA qarzi;
58 980 ming AQSh dollari – soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish shaklida O‘zbekiston ulushi;
65 530 ming AQSh dollariishtirokchilar ulushi.
Muhim jihati, loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda amalga oshiriladi.

Tomorqadan oqilona foydalanmaganlik uchun jarima borasida tortishayotgan partiya vakillari esa loyihaning joylarda ijro etilishini qat’iy nazorat qilsalar, samarasiz tortishuvlardan ko‘ra, samaraliroq bo‘lardi, nazarimizda.

IMHO.

Suqrot Toshkandiy

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: