Savodxonlik xavf ostida!

9 iyul kuni ikki navqiron, g‘ayrat-shijoati jo‘sh urgan vazirlarimiz xalq ta’limi va oliy ta’limning dolzarb muammolarini o‘rtaga qo‘yib, brifing o‘tkazibdilar. Ushbu tadbir haqida bir qancha xabarlar o‘qidim. Keyin ushbu masalaga doir andak izoh va sharhga ham jur’at qilinganini ko‘rdim. So‘ng tarmoqda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirovning bu boradagi munosabati bilan tanishdim. Ana shunday qizg‘in, hayajonli bahsga chorlovchi fikr meni ham munosabatga qo‘shilishga undadi.

Nazarimda, hurmatli vazirlarimiz bekorga brifing o‘tkazishmagan. Ular endigi ta’lim-tarbiyaning jiddiy masalalari ustida jamoatchilikni xabardor qilib, ular bilan ham maslahatlashmoqchilar. Ularning ta’lim-tarbiya tizimi va jarayonlarini intensivlashtirish tarafdori ekanliklari ko‘rinib turibdi. Ayni paytda Oliy ta’lim va xalq ta’limiga jiddiy innovatsiyalar olib kirishmoqchi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov

Zamon, davlatimizning tanlagan yo‘li, Amerikadan tortib Hindistongacha shu tobda ishlarning borishi va xarakterlanishi shuni talab qilyapti. Shunday innovatsiyalardan biri Xalq ta’limi vazirining fikricha, o‘zbek tilini o‘qitish va o‘rgatishda dars soatlarini qisqartirish, Oliy ta’lim vaziri nazdida esa oliy o‘quv yurtlarida tarix fanini o‘qitishni qisqartirish bo‘lib ko‘rinadi. Partiya rahbari esa bunday yo‘nalishdagi «innovatsion» fikrlar yurtimiz mafkurasi va ma’naviyatining asosini belgilab turgan milliy tiklanish va yuksalish yo‘liga mutlaqo zid deb biladi.

Hurmatli Xalq ta’limi vazirining fikr-mulohazasiga qarasak, savol tug‘iladi: mabodo umumta’lim maktablarida o‘zbek tilini o‘qitishni qisqartirsalar, bundan qanday natijaga erishadilar? Ehtimol xorijiy tillarni o‘qitish va o‘rgatishga ko‘proq vaqt ajratish imkoniyati tug‘iladimi? Yoxud sanitariya-gigiyena, fiziologiya, oila darslarini umumta’lim muassasalarida nihoyat o‘tishga keng yo‘l ochiladimi? Axir endilikda bu yo‘nalishlardagi predmetlarni bolalarga dars sifatida o‘tmaslikning iloji qolmayapti-ku! Zero, bunday balolarga qarshi kurashga bolalarimizni boshdanoq kuchli qurollantirish zaruratga aylanmoqda-ku! Kovid va insoniyat oldida turgan boshqa iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq baloyi ofatlar odamzotning bilim bazalarini chuqurlashtirish va kurashga tayyorlash zarurligini qat’iy taqozo qilmayaptimi? Vaqt yo‘q! Fursat yo‘q! Soat yo‘q! Ularning hammasini insoniyat urushlarga, talonchiliklarga, qonxo‘rliklarga bosqinchiliklarga sarflab bo‘ldi. Faqat bu kabi zarurdan zarur fanlarni o‘zbek tilini o‘qitishni qisqartirish hisobiga o‘qitamiz-da! A? Boshqa nima qilamiz.

Matematikani, fizika, kimyo yoki biologiyani qisqartirib bo‘lmaydi! Faqat o‘zbek tili va tarixni qisqartirish mumkin. Ana, yo‘l! Ilg‘or ongimiz shu yergacha topib kelibdi. Ana, innovatsiya! Mabodo, o‘zbek tili va tarix darsini qisqartirsak, nima bo‘ladi? Osmon uzilib yerga tushmaydi, albatta. Ammo aniq: umummilliy savodxonlik qadriyatini butunlay yo‘qotamiz va barbod qilamiz. O‘zimiz ham yemirilib nihoyat ado bo‘lamiz. Umummilliy savodxonlik qadriyati nima o‘zi? Fiziologiya va anatomiya tilida so‘zlasak, u millatning umurtqasi, o‘zagi. U bo‘lmasa odam mangu bukilib yashaydi va changalzorlarga qochadi. U millatning yuzi! Uning doimiy o‘sish va yuksalish bazasi. Umummilliy savodxonlik nima yoki nimalardan hosil bo‘ladi? Avvalo o‘zbek tili haqidagi teran bilimlardan, grammatika, morfologiya, sintaksisdan, lug‘at boyliklaridan hosil bo‘ladi. Hurmatli vazirimiz uchun grammatikani ham boshlang‘ich ibtidoiy tarzda bilish hozirgi zamon kishisiga kifoya qiladi, degan fikr ham begona emasga o‘xshaydi.

Qodiriy grammatikasiz odamlarni kalvak, deb atagan edi.

Grammatika ilohiy darajadagi qonun-qoidalarga ega. Grammatikasiz ilohiyot ham, din ham, falsafa ham, matematika ham, kvant mexanikasi ham, Yerning tortilish qonuni va umuman, hech qanday qonuniyat yo‘q va tushunarli emas. Grammatikasiz yozuvchilar chala, tarixchilar chala, qonunchilar chala, muomala chala, fikrlar chala, munosabatlar chala bo‘ladi. Qodiriy grammatikasiz odamlarni kalvak, deb atagan edi. Kalvakning bilganlari o‘ta chala, so‘zlaydiganlari o‘ta chala, ammo o‘zini bag‘oyat aqlli deb biladi: maxzumlikka, ya’ni olimlikka, savodxonlikka da’vogar. Bir zamonlar eski Rossiyada Fonvizin kalvakni nedorosl deb atagan va uning qiyofasini tom mazmundor yaratgan edi. O‘shandan beri qanchalab tolstoylar, muqimiylar kelib ketdi, ammo nedorosllar yo‘qolmadi, ular dam fashizm, dam kommunizm, dam turli diniy mazhablar qiyofasiga kirib oldi. Hozir ham ular shunday qiyofalarni faol o‘zlashtirmoqda, bil’aks ko‘payib urug‘i urchib bordi.

Ona tili – milliy tilga muhabbat va e’tiqodning yo‘qligi shunday narsalarga olib bordi. Tildan dastlabki, mayli boshlang‘ich deya qolaylik, savodxonlik mustahkam va kuchli bo‘lmasa, amin bo‘lavering, qolgan barcha narsalarni o‘zlashtirish chalaligicha va qing‘irligicha qolaveradi. Ona tilini qisqartirib yashash devori yiqilay, tomi bosib tushay deb turgan uyda istiqomat qilish bilan barobar. Ammo, ayting, shu odamga munosib istiqomatmi? Odam zo‘r matematik bo‘lishi mumkin, rus tilini suvdek bilishi mumkin, lekin milliy tilning grammatikasisiz quruqshagan nodonlikni yengib o‘tolmaydi. Umr bo‘yi kishi laqmaligicha qoladi. Bu borada gap ketganda, meni ko‘p-ko‘p yengishgan: odam savodxon bo‘lmasa ham, grammatika so‘z turkumlari, so‘z yasalishlari, gap qurilishlari, badiiy nafosatlarni bilmasa ham hammadan boy-badavlat yashash, obro‘-e’tibor topishi, katta-katta lavozimlarga ko‘tarilishi, super avtomashinalarda yurishi, to‘xtovsiz rasmga tushishlar mashqini olishi mumkin. Atrofimizda, barcha yerlarda shunday gaplarni aytib, yengishadi. Mot qilishadi. Boy bo‘lish uchun savodxon bo‘lish aslo shart emas, deb o‘zlarini ham, nasllarni ham aldab keladilar. Erkin Vohidov ta’biri bilan aytganda esa shu tariqa «shirin yolg‘onlar»ni urchitadilar. Jamiyatlar shunday «shirin yolg‘onlar» ustiga omonsiz tarzda qurildi. O‘zimizni bunga juda qattiq ishontirib, ko‘zimizni chirt yumib yashayverdik. Nahotki endilikda ham butun bir millat laqmalardan va kalvaklardan tarkib topib ketaverishini istasak? Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi. Lekin qachongacha chuchiydi deb, qaznog‘imiz holvaga to‘la deb o‘zimizni o‘zimiz ishontiramiz. Xudo deyish uchun Xudoga munosib, millat deyish uchun millatga munosib, Forobiy deyish uchun Forobiyga munosib bo‘lmoq kerak. Odam va odamiy bo‘lishning boshqa yo‘li yo‘q. Umummilliy savodxonlikning ma’no-mazmuni shu. Umummilliy savodxonlik ustuvor bo‘lgandagina barcha toifadagi kreditlar muvaffaqiyat bilan ishga tushadi, barcha grantlar izidan yangi hayot yo‘llari ochiladi, barcha mutaxassisliklar sharaf qozonadi. Men muhtaram vazirlarimiz bilan birga barcha umumta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlari, idoralar yozuv-so‘zlashuvlarida umummillat savodxonlik darajasini o‘zimiz uchun to‘la aniqlash, tasavvur hosil qilish va boshqa hech qachon bu asos sohalarda o‘zimizni aldamaslik uchun kuzatuvlar, muhokamalar olib borish, muhtaram o‘qituvchilarning yuragiga quloq solish, ularning Behbudiy, Avloniy, Tavallo davrlaridan beri taxlanib yotgan dardlarini tinglashni taklif qilgan bo‘lardim. O‘zingni o‘zlashtirmaguncha o‘zgani o‘zlashtirishdan foyda yo‘q. O‘zing katta toza daryo bo‘lib oqsang, boshqa daryolar hammasi senga qo‘shiladi.

Jon-jahdi bilan ishlayotgan katta gazetamiz «Yangi O‘zbekiston»dan bittagina misol keltiray. Maqola katta-katta qilib yozilgan: «INNOVATSIYa. STARTAPLAR EKOTIZIMINI ShAKLLANTIRILMOQDA, XOTSPOT». Shu xolos, to‘lib toshib chiqayotgan gazetaning barcha sonlari va barcha sahifalari shunday tamomila yangicha. Axborot texnologiyalari vaziri hurmatli Shuhrat Sodiqovning muxbir bilan mazmundor, bilimdon suhbatini o‘qiymiz. Uncha-muncha odamning boshi dosh bermaydi. Miya oxiriga yetguncha shishib ketadi. Shu zamonning fikrlari, shu zamonning tili, «Vektor formatida «Monterra» onlayn platformasi»… AKT, IT, yuz mingdan ortiq so‘rovlar, elektron hukumat va hokazo va hokazolar. Bular urvoq, ammo ularni tushunish, o‘zlashtirish uchun vazir darajasidagi bilim kerak, hozirgi zamon kishisi va hozirgi zamonning yuksak saviyali odami bo‘lish kerak. Qanday qilib shunday sharoitda va shunday axborot bosimida til va tarix soatlarini qisqartirish haqida jiddiy gapirish, masala qilib ko‘tarish mumkin? Tilku axir tushuncha va bilimlarni shakllantiradigan, xazinalarni ochadigan! Savodxonlik yuksak darajada bo‘lmas ekan, xalq bo‘layotgan hodisalarga nima baho berishini bilmay o‘tiraveradi.

Har qanday sharoitda ham o‘zbek tili va tarix darslari xoh o‘rta majburiy ta’lim, hoh oliy ta’lim, xoh hayot ta’limi maktablarida hech qachon qisqartirilmasligi, aksincha, doimo kuchaytirilishi kerak. Aksincha, AKTlarni to qora tuproqqacha bilmay o‘tib ketaveramiz. Yoshlar barchasiga ulgurishlari va bu kabi ishlarning barchasida okean baliqlari kabi yashashlari uchun birdan bir pozitiv yo‘l va usul darslarni intensiv tarzda o‘qitish. Ha, intensiv! Bu yangi gap emas, ammo endi boshqa yo‘l yo‘q. Shunday intensiv yo‘llar topaylikki, grammatikaning olti turkumini bola umrining oxirigacha yod bilsin. So‘z yasash, nutq ado etish, tafakkurning cheksiz go‘zalligidan umrining oxirigacha zavqlanib o‘tsin. Oxirigacha uning yuragidan tilning mangu hayotbaxsh daryo si oqib o‘tsin. Hozir xuddi iqlim kabi umumilliy savodxonlik ham xavf ostida. Faqat tilgina endigi va kelajak og‘ir sharoitlarda xalqni intizomga o‘rgatadi. Intizomli xalq yengilmaydi. Yetuk savodxon xalq doimiy kurashga va unda doim yengib chiqishga qodir bo‘ladi. Shuhrat Sodiqov kabi kommunikatsiya vazirlarining innovatsion fikrlarini bemalol uqib, o‘zlashtirib va hatto ulardan ham o‘tib, o‘zib, o‘zg‘ib boradi.

Ibrohim G‘ofurov

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: