Senator va deputatlarning yig‘ilishini ko‘rib…

Bir muddat muqaddam teleko‘rsatuvlar orqali cenator va deputatlarimizning yalpi hisobot-yig‘ilishida turmushimizdagi muammolar haqida ochiq-oydin fikr bildirganini ko‘rib huzurlandim.

Ayniqsa, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov va taniqli jurnalist, senator Farmon Toshevning ma’ruzalari juda o‘rinli bo‘ldi. Ular hayotimizni murakkablashtirayotgan muammolarni ochiq-oydin aytishdi. Chindan ham, deputatlik so‘roviga panja orasidan qaraydigan ayrim mutasaddi vazirlik va tashkilotlar rahbarlari Prezidentimiz farmon-qarorlarini bajarishda sustkashlik qilishayotgani bor gap.

Ushbu maqolani yozishga senator, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning fikri turtki berdi. U kishi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari Kuzatuv kengashiga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019 yil 11 yanvarda 3118 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan namunaviy Nizom ishlab chiqilganini aytib, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh.Kudbiyev hamda O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi Q.Rafiqov bilan kelishilgan mazkur nizom to‘g‘risida o‘z qarashlarini bildirdi.

Senatorning fikricha, maktablardagi Kuzatuv kengashi noto‘g‘ri tuzilgan, degan xulosaga kelinmoqda. Bu noto‘g‘ri fikr. Kuzatuv kengashi tuzilishi o‘z mohiyatiga ko‘ra, ta’lim muassasalaridagi korruptsiya va poraxo‘rlik, boshboshdoqlik, noqonuniy pul yig‘ish va o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish, metallom to‘plash va majburiy obunaga chek qo‘yish hamda kelajagimiz bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalash, ularning samarali ilm olishini ta’minlash, maktabdagi qobiliyatsiz, o‘z ustida ishlamaydigan pedagoglar, sinf rahbarlarining bilimi, saviyasini tekshirish, tahlil qilish, ayrim maktablardagi mutasaddilar xatti-harakatini nazorat qilish imkonini beradi.

Afsuski, bunday Kuzatuv kengashlarini tan olmaydigan rahbarlar eskicha yakka hokimlik yo‘lini tanlashni afzal qo‘rmoqda. Masalan, bir maktab direktori xalq ta’limi bo‘limi mudiri noqonuniy buyurgan ishni bajarmasa, mudir darrov undan qutilish payiga tushadi va pora evaziga yangi direktor tayinlashga urinadi. Bunga esa Kuzatuv kengashi to‘sqinlik qila oladi. Vaholanki, tuman xalq ta’limi bo‘limi haq bo‘lsa, xato, kamchilikka yo‘l qo‘yayotgan maktab direktori ishini kuzatuv kengashiga yozma ravishda bildirgi bilan yetkazishi yoki qo‘shma yig‘ilish o‘tkazib, ishdan bo‘shatish sababini ko‘rsatib, murojaat qilishi mumkinku?!

Ikkinchi masala. Ijtimoiy tarmoqda falon tuman xalq ta’limi bo‘limida 992 million so‘m o‘zlashtirilgani, yana birida 870 million so‘m talon-taroj qilingani haqida yozildi. Yoki Samarqandda hisob palatasi tekshiruvini yopish uchun o‘qituvchilardan pul yiqqan maktab direktori ishdan olindi, degan xabar tarqaldi. Keskin chora ko‘rilmasa, bunday holatlar davom etaveradi, deb o‘ylayman. Shuning uchun Kuzatuv kengashining rolini oshirish kerak. To‘g‘ri, ayrim maktablarda mahalliychilik, tanish-bilishlik bo‘lishi mumkin. Aslida, Kuzatuv kengashi raisi, uning a’zolari ota-onalar yig‘ilishida ochiq ovoz bilan saylanadi va shu ta’lim muassasasi faoliyatida ota-onalar vakilining ishtirokini ta’minlaydi, yakka hokimlikning oldi olinadi. Bu esa ta’lim tizimida oshkoralikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shunday ekan, Kengash a’zolari yig‘ilish o‘tkazganda maktab direktori, uning o‘rinbosarlari ishtirok etishi, kengash fikri bilan hisolashishi, kengash tomonidan ko‘rsatilgan nuqsonlarni bartaraf etishi, pirovardida jamoa ta’lim tizimida soflik qaror topishiga erishishi kerak.

Haqiqat achchiq, chunki kelajagimiz mevasi bo‘lmish farzandlarimiz taqdiri ustozlar qo‘lida. Bunga hech kim befarq bo‘lmasligi kerak. Kuzatuv kengashi barham topsa, davlat kassasi va ommaning kissasi ofatga uchraydi

Yana bir masala… ta’lim tizimini bitirganlarning necha foizi OTMga o‘qishga kirganini tahlil qilinib, maktablarning reytinggi o‘sishi yo‘lga qo‘yilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Shunda o‘qituvchi-pedagoglarning o‘quvchiga bilim berish saviyasi qay darajada ekani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muhtaram o‘qituvchilarimiz farzandlarimizni o‘qitgani uchun emas, nechta o‘quvchisi o‘qishga kirgani uchun rag‘batlantirilsa, ta’lim tizimida samara bo‘lardi. Aks holda, oylik tayin, kun o‘tsa bo‘ldi, qabilida yashayveramiz.

Ikrom Xayrullayev,
pensioner

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: