Shavkat Mirziyoyev

Mirziyoyev haqida qisqacha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan. Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda “2019 yil odami” deb topilgan. “Evroosiyo oldidagi xizmatlari uchun” nomli yuksak mukofot sohibi. Bugun, 24 iyul kuni uning tug‘ilgan kuni.

Mirziyoyev hayot yo‘li

Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokorlar oilasida tug‘ilgan. Otasi Miromon Mirziyoyev Zomin tumanidagi sil kasalliklari dispanseri asoschisi va bosh shifokori bo‘lgan. U qishloqdagi birinchi oliy toifali shifokor edi. Urushdan keyingi yillarda u Zominga rengen apparatini olib kelishga va ko‘plab sil bilan og‘rigan bemorlarni davolashga erishgan. Onasi ham mazkur dispanserda faoliyat yuritgan, ammo yosh vafot etgan. Otasining ikkinchi ayolining ta’lim-tarbiyasi bo‘lajak xalq liderining hayotida katta rol o‘ynaydi. U 1981 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Shavkat Mirziyoyev o‘z intervyularidan birida “agar irrigator bo‘lmaganimda shoir bo‘lardim”, degan edi. U yoshligidan o‘z oldiga hamisha katta reja, maqsad qo‘yar edi. Mehnat faoliyatini mazkur institutda boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan. Texnika fanlari nomzodi, dotsent ilmiy unvonlariga erishgan. Turmush o‘rtog‘i Ziroatxon (Hoshimova) Mirziyoyeva bilan ham mazkur institutda tanishgan. Qo‘qonlik bu talaba qiz Farg‘ona vodiysining nufuzli kishilaridan biri Mahmudjon Hoshimovning qizi edi.

1990 yil 33 yoshida Shavkat Mirziyoyev Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, Mandat komissiyasining raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ammo, bu lavozimlariga qaramay o‘sha yillari u ikki xonalik kvartirada yashagan. 1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlanadi. Shundan so‘ng unga yangi uy ajratilar ekan, unga erishish ham oson bo‘lmaydi. Mazkur masalada uni sarson qilgan bo‘lim mudirasi keyinchalik uzr so‘rab, uni vazifasidan ozod qilishlarini so‘raydi. Ammo Mirziyoyev aybini tushungan ayolga ishini davom ettirishi mumkinligini aytadi. 1996-2001 yillarda esa tug‘ilib o‘sgan Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. Urgut tumanidagi ikki qo‘shni qishloq o‘rtasidagi abadiy nizoni hal qilishga muvaffaq bo‘lgan. Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi. Mirziyoyev 2003 yilda Islom Karimovning taklifi bilan O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlanadi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan. 2016 yil 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Miromonovich zimmasiga yuklanadi. 2016 yil 4 dekabrdagi prezidentlik saylovi natijasiga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti etib saylandi. AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen ta’kidlaganiday, Mirziyoyev o‘z boshqaruvida majoziy qilib aytganda, xalq va hokimliklar o‘rtasidagi devorni buzib tashlashga erishdi. Qolaversa, inson huquqlarini himoya qilishda ham katta islohotlarni amalga oshirdi.

Shavkat Mirziyoyevning ikki qiz, bir o‘g‘li, besh nafar nabirasi bor. Rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva mutaxassisligi bo‘yicha muhandis-iqtisodchi, ayni paytda «Zamin» fondi vasiylik kengashi raisi.

Prezident 61 yoshga to‘lishi munosabati bilan “Janob Prezident” nomli maxsus film namoyish etilgan. Shavkat Mirziyoyevning bir qancha siyosiy kitoblari nashr etilgan.

Mirziyoyev fikrati

“Har bir insonning hayotidagi eng katta narsa bu – oila. Oila men uchun muqaddas. Kim bo‘lishingdan qat’iy nazar, oiladagi tarbiya, oiladagi muhit, oiladagi halollik, munosabatlarga alohida e’tibor bermasang, hech qachon natija bo‘lmaydi. Men farzandlarimning tarbiyasiga juda katta e’tibor berardim. Har bir farzandimga ham, nevaramga ham o‘zimning alohida munosabatim bor. Har bir nevaramning alohida xarakterini bilaman, niyatini bilaman, istagini bilaman.

Inson o‘zini baxtliman deyishga qachon haqli? Agar oilang bilan baxtli bo‘lsang, o‘zingni baxtli sanashga haqing bor. Faqat oilam baxtli bo‘lishi emas, halqim ham baxtli bo‘lsa, men o‘zimni baxtli, deb bilaman”.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: