Shayx hazratlarining Belarusdagi masjidga va Checheniston prezidentlariga qanday aloqasi bor?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tashabbusi bilan Belarusda masjid qurilganini bilasizmi?
Shayx hazratlarining uzoq yillik ayriliqdan so‘ng O‘zbekistonga qaytishlariga nima sabab bo‘lgan?

Dunyoga mashhur bo‘lgan o‘zbek islom ilmi ulamosining hayot yo‘llari haqidagi suhbatning navbatdagi qismini hukmingizga havola etamiz.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1993-2001 yillar orasida yurt tashqarisida umr kechirdi. Dastlabki bir yarim yil Makkai Mukarramada, 1994 yil noyabridan 2001 yilgacha Liviyada istiqomat qilgan edilar. Hazratning Vatandan yiroqda bo‘lgan yillari, arab olamining islomiy ulamolari bilan munosabatlari va Checheniston prezidentlari bilan aloqalari haqida u kishining farzandi Ismoil Muhammad Sodiq bizga hikoya qilib berdi.

Shayx hazratlarining hijratdagi yillari qanday kechgan edi?

Shayx hazratlari xorijda yashagan davrlarida ko‘plab islomiy tashkilotlarning anjumanlarida qatnashganlar. Agar lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, Islom yurtlaridagi anjumanlarda Sobiq Ittifoq hududidan vakil sifatida qatnashganlar. Sobiq ittifoq mamlakatlari musulmonlari muammolarini ana shu davralarda, yig‘inlarda ko‘tarishga harakat qilganlar. Makkai Mukarramadagi Butun dunyo islom olami uyushmasida uzoq yillar davomida Sobiq ittifoq bo‘yicha maslahatchi lavozimida va shu tashkilotning ta’sis majlisi a’zosi sifatida ham xizmat qilganlar. U kishi Markaziy Osiyo va Sobiq ittifoq davlatlaridagi musulmonlarni arab olami islom ulamolari bilan bog‘lab turuvchi ko‘prik bo‘lganlar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Hozirgi kunda turli musulmonlar tashkiloti rahbarlari buni e’tirof etadilar va ko‘p voqealarni xotirlab turadilar. Ularni mintaqa islom olimlarini bog‘lab turuvchi ko‘prik bo‘lganlar, deyishimizga yana bir sabab shuki, ular Sobiq ittifoq davrida mazkur hududda yagona hisoblangan Imom Buxoriy nomidagi Islom institutida uzoq yil mudarris bo‘lganlar. Keyinchalik mudir noibi va mudir bo‘lib ham ish yuritganlar. Shu vaqtda Sobiq ittifoqdagi barcha musulmon olimlari mana shu maskandan yetishib chiqqan. Toshkentdagi Islom institutida Tatariston, Boshqirdiston, Kavkaz davlatlari, Dog‘iston kabi Sobiq ittifoqdagi musulmonlar tahsil olganlar. Shayx hazratlari ularning ayrimlari bilan ustoz-shogirdlik aloqalari bo‘lgan va ayrimlari bilan birga o‘qiganlar. Shu sababli ham xorijga chiqqanlarida ko‘pchilikni tanir edilar. O‘zaro aloqalari keyinchalik ham davom etib turgan.

Checheniston Respublikasining bugungi kundagi Prezidenti Ramzan Qodirovning otasi Ahmad Qodirov bilan aloqalariga kelsak, yuqorida aytib o‘tganimdek, Ahmad Qodirov Toshkentdagi Islom institutida o‘qigan. U o‘qigan vaqtlarida hazratga shogird hisoblangan. Ahmad Qodirov Chechenistonning birinchi Prezidenti bo‘lgan vaqtlarida ham hazrat bilan aloqalari yaxshi bo‘lgan va ko‘p narsada Shayx hazratlari bilan maslahatlashib turar edi. Ramzan Qodirov hazratga otasining ustoziga, do‘stiga bo‘lgan munosabatini namoyon qilib, doim aloqada bo‘lib turgan”.

Shayx hazratlarining Vatanga qaytishlariga nima sabab bo‘lgan?
Ularga ortiq tahdidlar yo‘qligini qanday bilgan edilar?

“Shayx hazratlarini Vatanga qaytishlari sababini ko‘pchilik biladi. 2000 yillarda Samarqandda o‘tayotgan press-konferentsiyada adashmasam «Ozodlik» yoki «Amerika ovozi» radiosi muxbiri amaldagi Birinchi Prezident Islom Karimovga savol bergan: «Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O‘zbekistonga qachon qaytadi yoki qaytib kelsa bo‘ladimi?» degan mazmunda. Islom Karimov: «U kishi kelishi mumkin, Shayxning qaytishiga hech qanday monelik yo‘q», deya javob bergan. Shundan so‘ng hazrat qaytishga harakat qilganlar. Maslahatlar asosida hazrat 2000 yil boshida O‘zbekistonga qaytib kelganlar. Bir hafta turib, bir yil o‘tgach, butunlay qaytib kelganlar va faoliyatlarini shu yerda davom ettirganlar.

Shayx hazratlari doim Vatanga qaytishni xohlaganlar va doimo Vatanning o‘yi bilan yashaganlar. O‘sha vaqtdagi butun yozgan asarlarini o‘zbek xalqining ta’lim tarbiyasi uchun kelajakda bo‘lsa ham sharoit bo‘lganda nashr etiladi deb yozib borganlar. Ular faqatgina o‘zbek tilida ijod qilganlar. O‘zlari xorijda bo‘lsalar ham, fikrlari doim O‘zbekistonda bo‘lgan. O‘zbek xalqini islomiy ilmi, ta’lim-tarbiyasi uchun xizmat qilganlar. Faqat kitob yozish emas, balki o‘sha vaqtlarda «Ozodlik», «VVS», «Amerika ovozi» o‘zbek yoki rus tilida eshittirishlar beradigan radiolar orqali dolzarb bo‘lgan masalalarda chiqishlar qilib turganlar. Saudiyada istiqomat qilgan damlarida Umra yoki Haj uchun borgan o‘zbek hamyurtlari bilan muloqot qilib turganlar.

Yaqinda bir voqea bo‘ldi nashriyotimizning katta muharriri Ahmad Muhammad Tursun Shayx hazratlari bilan xijratda birinchi uchrashganlarini xotirladilar. Shunda hazrat men bilan ko‘rishib, birinchi so‘ragan savollari «Xalqning ahvoli qanday, musulmonlarning ahvoli qanday?», deganlarini taajjub bilan esladilar. Ota-ona va yaqinlarini emas, birinchi xalqni so‘ragan edilar deb xotirlab aytib berdilar. Albatta, ota-ona va qarindosh-urug‘ning o‘z o‘rni bor. Hazrat ulardan doim xabar olib turganlar lekin, g‘amlari xalqimiz, musulmonlarimiz bo‘lgan.

Hazrat vafot etganlariga 5 yildan o‘tdi. Bu muddat ichida xorijlik musulmonlarning O‘zbekistonga kelishi ko‘paydi. Bugungi kunda ziyorat turizmi yo‘lga qo‘yildi. Shuning orqasidan hazratni yo‘qlovchilar ham ziyoratga kelishdi. Kelganlar albatta biz bilan ko‘rishadi, hazratning qabrlarini ziyorat qilishga harakat qilishadi. Undan tashqari, o‘zim ham ilmiy anjuman va tadbirlar munosabati bilan chet el safariga chiqib turaman, safarlar jarayonida hazratni yaxshi taniganlar bilan uzoq do‘stona munosabatda bo‘lganlar bilan ham ko‘rishamiz. Hazratning vafotlaridan keyin biz ham hazrat haqidagi xotiralarni imkon darajasida yig‘ib borishga harakat qilamiz. Xotiralarni tasvirga olib bir munchasini jamlab ham qo‘yganmiz. Ko‘p muloqotlarda hazratning islom olami bilan bo‘lgan xotiralarini aytib berishadi.

Sobiq ittifoq hududida hozirgi kunda diniy tashkilotlarga rahbar bo‘lib turgan insonlardan turli voqealarni ko‘plab eshitamiz. Yaqinda Belarusda katta bir masjid qurib bitkazildi. Ana shu masjidning poydevori qo‘yilishiga, bu masjid uchun islom olamidan mablag‘ olinishida ham bevosita hazratning o‘zlari ishtirok etganlari haqida bugungi kunda Belarus musulmonlari boshlig‘i Abu Bakr hazrat so‘zlab berdilar. Masjid 10 yil ichida qurib bitkazildi. Abu Bakr hazratlari «Alloh rahmat qilsin, masjidning birinchi poydevori qurilishiga Shayx hazratlarining o‘zlari sababchi bo‘lganlar», deb aytdilar. Bu kabi fikrlarni biz har bir mintaqadagi musulmonlardan eshitishimiz mumkin. Hazrat bilan birgalikda uzoq muddat farzand, shogird bo‘lganligimizga qaramasdan mana shu voqealar haqida xabarimiz bo‘lmagan. Chunki hazrat ko‘p narsalarni bevosita tegishli odam bilan hal qilib, bizga gapirmaganlar.

Shayx hazratlari O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lganlarida birinchi bo‘lib Saudiya Arabistoniga borganlari aytiladi. Ularni Saudiyada qirol odamlari kutib olgani rostmi?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Vatanni tark etishga majbur bo‘lganlarida birinchi Saudiya Arabistoniga borgan edilar. Shayx hazratlarini o‘shanda Saudiya qirolligi vakillari kutib olishga harakat qilgani haqida meni ma’lumotim yo‘q. Meni bilganim shuki, o‘sha vaqtda O‘zbekistonni qachonlardir ota-bobolari tark etgan va hozirda Saudiyada avlodlari muqim yashab qolgan va katta mansabga ega bo‘lgan o‘zbeklar kutib olgan. Ularga joylashishga hayot kechirishga yordam qilishgan. Undan tashqari, hazrat islom olami uyushmasi ta’sis majlisi a’zosi bo‘lganlar. Ushbu tashkilot hazratga vazifa bergan va ularni Sobiq ittifoq bo‘yicha maslahatchi qilib saylagan.

Anora SODIQOVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: