Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Nima uchun mashhur?

O‘zbekiston Respublikasining birinchi muftiysi. Makkai Mukarramadagi «Butun Dunyo Islom Robitasi»ning ta’sis majlisi, Butun dunyo tasavvuf uyushmasi, Butun dunyo Islomiy xalqlari boshqaruvining bosh kotibiyati, Butun dunyo da’vat uyushmasi, Butun dunyo Ulamolari kengashi uyushmasi, Islomobod shahridagi Butun dunyo Islom uyushmasi, Makkai Mukarramadagi Butun dunyo mufakkir ulamolari yig‘inining ijroiya qo‘mitasi, Butun dunyo masjidlar uyushmasi, Iordaniyadagi Oli Bayt mussasasiga qarashli Islomiy fikrlar akademiyasi a’zosi. Shuningdek, Misr, Liviya va Rossiya kabi davlatlarning faxriy unvon va mukofotlari bilan taqdirlangan.

Qanday qilib mashhur bo‘ldi?

Shayx Muhammad Sodiq hazratlari 1952 yil 15 aprelda Andijon viloyatining Asaka shahrida, ilmli va e’tiqodli oilada tavallud topgan. Oiladagi muhit uning kelajak hayotiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Shayx Muhammad Sodiq Qur’oni Karim, sarf, nahv kabi boshlang‘ich ilmni ilk ustozi – otasidan olgan. Uning kitobdan ortgan vaqti bo‘lmagan. Kechasi uxlab qolguncha mutolaa qilgan ekan. O‘rta maktabni tugatgach, 1970 yil Buxoro shahridagi “Mir Arab” madrasasida, so‘ngra Toshkentdagi imom Buxoriy nomli Islom oliy ma’hadida tahsil olgan. O‘z faoliyatini “Sovet sharqi musulmonlari” jurnalida boshlagan. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi Shayx hazratlarini Liviyadagi Islomiy da’vat fakultetiga o‘qishga yuboradi. O‘qishni tamomlab, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasining tashqi aloqalar bo‘limida ishlab, Toshkent Islom institutida o‘qituvchilikdan tortib, rektor lavozimigacha faoliyat yuritadi.

1989 yilda esa O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy idorasi muftiysi lavozimiga tayinlanadi. Shayx hazratlarining Gorbachyov bilan bevosita muloqotidan so‘ng kommunistik tuzumning musulmonlarga nisbatan siyosatida o‘zgarishlar seziladi. Shayx hazratlari mustaqil O‘zbekiston Respublikasining birinchi muftiysi bo‘ladi. Diniy qadriyatlar qayta tiklanayotgan bir davrda faoliyat boshlagan Shayx hazratlari xalqaro miqyosda ham samarali ish olib borib, ko‘plab islom mamlakatlari bilan madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yadi. Shuningdek, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf yuzdan ortiq kitoblar va internet sahifalar muallifidir. Ayniqsa, Shayx hazratlarining 6 juzli “Tafsiri Hilol”, 39 juzli “Hadis va hayot”, 5 juzli “Xislatli hikmatlar sharhi”, 3 juzli “Ruhiy tarbiya” kabi asarlari ma’lum va mashhur. 2004 yilda uning rahbarligida islom.uz veb loyihasi yo‘lga qo‘yilgan edi. Hazrat 2015 yil 10 mart kuni Toshkent shahrida vafot etdi. 2019 yili poytaxtimizda Shayx Hazratlari nomidagi katta bir masjid bunyod etildi. Bundan tashqari, Janubiy Koreyadagi yangi ochilgan masjid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning nomiga qo‘yilgan.

Mashhur nima deydi?

“Mo‘min-musulmon o‘zining kiyimi bilan, o‘zini pok tutishi bilan, hatti-harakati bilan insoniyatni eng go‘zal nuqtasiga aylanishiga paydam bo‘lishi kerak”.

“Ko‘chaga chiqishdan oldin oila a’zolariga xabar berib, ularga yaxshi tilaklar bildiradi va duolarini so‘raydi. Ota-onasi bo‘lsa, ulardan alohida duo oladi. Bunday qilish kishining yuksak odobiga dalolat qiladi”.

“Bir ishga o‘zingizni bir muddat majburlasangiz, o‘sha narsa sizga odatga aylanib qoladi, keyin o‘shani bajarmasangiz, uyqungiz kelmaydigan bo‘lib qoladi”.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: