Shoir maqbarasi qarovsiz qolsa…

Yo‘l og‘ir. Jonliqni bodroq qilar yoz,
Tiniqib bir nafas olib bo‘lmaydi.
Yuz yilki, yo‘limga zor Ajiniyaz,
Shoirning yoniga borib bo‘lmaydi.

Iqbol Mirzo

Orol dengizini ko‘zim bilan ko‘rmagandim, shu yili Nukus shahrida yashovchi ijodkorlar bilan Mo‘ynoq tumaniga yo‘l oldik. Bir payt kimsasiz cho‘l o‘rtasida moviy gumbazli ixchamgina qilib barpo etilgan maqbara ko‘rindi. Bu maqbara shundoqqina yo‘l yoqasida bo‘lib, ko‘rinishidan qandaydir buyuk insonga atab qurilganga o‘xshaydi. Ko‘ngilni xira qilgani shundaki, maqbara atrofi juda qarovsiz ahvolda. Biz ichkariga kirdik, bu ziyoratgohda qoraqalpoq xalqining buyuk shoiri Ajiniyaz Qusiboy o‘g‘lining ramziy qabri bor.

Shunisi ajablanarliki, peshtoqiga “Ajiniyaz bobo maqbarasi” deb yozilgan, lekin biror joyda bu shoirning qabri ramziy ekani yoki faqat qadamjo sifatida qurilgani haqida ma’lumot yo‘q. Agar bu joy qadamjo bo‘lsa, buyuk shoirning haqiqiy qabri qayerda, nega yo‘l ustidagi kimsasiz joyda maqbara qurilgan? Bunday savollarga javob topish, shoirning qabri boshqa joyda bo‘lsa, borib ziyorat qilish maqsadida mahalliy aholi bilan suhbatlashay desak, bu yaqin atrofda bironta ovul yo‘q.

Oradan ma’lum vaqt o‘tib, so‘rab-surishtirsam, Ajiniyaz shoirning asl qabri biz ko‘rgan maqbaradan ancha uzoqda, keng dalada ekan. Yo‘l yoqasidagi maqbara esa faqatgina timsol sifatida, ya’ni o‘tkinchi sayyohlarni jalb etish uchun qurilgan, xolos. Qoraqalpoq xalqining sevimli shoiri, qoraqalpoq ziyolilari orasida birinchilardan bo‘lib oxund darajasiga erishgan Ajiniyaz Qusiboy o‘g‘lini kitobxonlar, she’riyat ixlosmandlari yaxshi bilishadi. U 1824 yili Mo‘ynoqda tug‘ilgan, Zevar taxallusi bilan ijod qilgan, 100 ga yaqin she’r va dostonlar yozgan, “Bo‘zatov”, “Bo‘ladi”, “Bo‘lmasa”, “Yaxshi”, “Yigitlar”, “Qiz Mengesh bilan aytishuv” kabi asarlarida vatanparvarlik, insonparvarlik g‘oyalarini kuylagan va mashhur bo‘lgan.

Bugungi kunda shoir Ajiniyazga atab barpo etilgan maqbaraning tevarak-atrofi juda xarob ahvolda ekanligi, uning yaqinida bironta aholi punkti yo‘qligi, ziyoratgoh sifatida odamlarning kelishiga o‘ng‘aysizligi shundoq ko‘rinib turibdi. Aslida qabrni qayerda ekanini ham ko‘pchilik bilmaydi. Bu inson qoraqalpoq elining ko‘zga ko‘ringan shoiri bo‘la turib, uning maqbarasi qarovsiz, kimsasiz cho‘lda, go‘yo zo‘rma-zo‘raki qurilgandek hech kimga keraksiz bo‘lib turishini qanday izohlash mumkin?

Biz katta shaharlardagi ko‘chalarga, xiyobonlar va hatto institutga shoir Ajiniyaz nomini berib, asarlarini sevib o‘qisak, uning o‘zi tug‘ilib-o‘sgan, ijod qilgan va dafn etilgan maskanini qarovsiz tashlab qo‘ysak, bu juda uyatli ish emasmi? Siz bunga nima deysiz?

Nurbek G‘OFUROV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: