Shoira hayotidan uch lavha

Urushning oxirgi yili edi. Adabiyot o‘qituvchimiz darsni rejadagi mavzu qolib, “Bahor keldi seni so‘roqlab” she’rini o‘qishdan boshladi. Sinf suv quygandek jim, o‘tirganlarning ko‘nglida hayajon, ayrimlarning ko‘zida yosh.

So‘ng domla asar muallifi – shoira Zulfiya she’rining yozilish tarixi, uning turmush o‘rtog‘i shoir Hamid Olimjonning bevaqt vafoti haqida so‘zlab berdi. O‘sha kundan bosh­lab men shoira Zulfiya she’riyatining shaydosiga aylandim, ayniqsa, o‘z qalbi gavhari izhori – hijron va vafo iztiroblari qalamga olingan galdagi har bir she’ri bilan tanishish shoiraning ko‘plab muxlislari qatori men uchun ham bayram bo‘lardi.

Munaqqidlik hunarini ozmi-ko‘pmi egallagach, ko‘nglimdagi o‘sha tug‘yonlarni qog‘ozga tushirishga shaylanar edim-u, Zulfiya opaning salobatlari bosib, bunga jur’at etolmas edim. Nihoyat, shoira qalb gavhari rozlarining so‘nggi va eng avji – “Xotiram siniqlari” dostoni paydo bo‘ldi. Endi u haqda yozmaslikning iloji yo‘q edi. Maqola yozildi, afsus, shoira hayotligida emas, vafotidan so‘ng “Baqo bo‘sag‘asidagi nido” sarlavhasi ostida matbuotda e’lon qilindi.

Zulfiya opa haqidagi xotiralarimdan ayrimlarini, aniqrog‘i, uchta lavhani so‘zlab o‘tsam.

Birinchi lavha: 1965 yili Zulfiya tug‘ilgan kunning 50 yilligi oldidan shoira ta’lim olgan xotin-qizlar bilim yurtida u bilan adabiy uchrashuv o‘tkaziladigan bo‘ldi. Opaning taklifiga ko‘ra, ustoz Ozod Sharafiddinov boshchiligidagi bir guruh ijodkorlar qatorida men ham tantanada ishtirok etadigan bo‘ldim. O‘sha kezlari nomi butun ittifoq, balkim jahonda mashhur shoiraning bilim yurtida o‘zini tutishini – bu qadar kamtarlik, xokisorlikni ko‘rib lol bo‘lib qoldim. Opa bilim yurtiga qadam qo‘yishi bilan tantana o‘tkaziladigan zalga emas, o‘zi o‘qigan auditoriyaga olib kirishlarini iltimos qildi. Sobiq kursdoshlari, muallimlari qurshovida auditoriyaga kirib, bir vaqtlar o‘zi o‘tirgan partani bexato topdi va u yerda turib ustozlariga ta’zim bajo keltirdi. Tantana zaliga kirganda esa ustozlarining barchasi zal to‘riga o‘tmaguncha, u yerga chiqmayman deb turib oldi. Shoira aytganday bo‘ldi, ustoz­lari davrasida yayrab o‘tirishi marosimga ajib fayz, zavq-shavq baxsh etdi. Bunaqasini birinchi ko‘rishim edi.

Ikkinchi lavha: Oradan bir yil o‘tib nashriyotda “Tirik satrlar” maj­muasi qo‘lyozmasi muhokamasiga to‘plandik. Direktor xonasi noshirlar, ijodkorlar bilan to‘la. Taniqli adiblar qatori Zulfiya opa ham muhokamada ishtirok etdi. Cho‘lpon tevaragidagi hadik hali avjida bo‘lgan o‘sha kezlari “Tirik satrlar” munosabati bilan opaning u haqda aytgan so‘zlari bamisoli momaqaldiroq kabi o‘tirganlarni larzaga soldi. “Cho‘lpon “Tirik satrlar”dan joy olgan shoirlarning barchasidan baland turadi, — deya mardona so‘zini boshladi opa va davom etdi. – Cho‘lpon o‘z nomi bilan tong yulduzi, u chindanam, yangi o‘zbek she’riyatining yulduzi. Uni “Tirik satrlar”dagi shoirlar qatoriga qo‘yish tong yulduzini ko‘kdan yerga tushirish bo‘lmasmikin… Men Cho‘lpon she’rlarini alohida kitob holida chiqishi tarafdoriman”.

Bu o‘sha paytda, chindan ham, buyuk jasorat edi!

Uchinchi lavha: 1995 yil avji bahorida Toshkent davlat agrar universitetida shoira tug‘ilgan kunning 80 yilligiga bag‘ishlangan bayramona adabiy anjuman uyushtirildi. Universitetning ulkan majlislar zalini to‘ldirib o‘tirgan talabalar, professor-o‘qituvchilar qarshisida
davlat, jamoat arboblari, olimlar, talabalar, mashhur aktyorlar birma-bir minbarga ko‘tarilib dil so‘zlarini aytishmoqda, sakson yoshlik piru badavlat onaxon shoiramiz o‘zbekona odob-tavoze bilan o‘z sha’niga aytilgan dil so‘zlarini tinglab mamnun holda o‘tiribdi. Nihoyat, kaminaga so‘z berildi. Men asosan shoiraning yaqindagina matbuotda e’lon etilgan “Xotiram siniqlari” dostoni xususida gapirdim, asr so‘nggida yaratilgan bu doston she’riyatimizning jiddiy yutug‘i ekanini aytib, uni o‘quv dasturiga kiritishga rozilik berishlarini iltimos qildim. Opa qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib rozi ekanligini izhor etdi. Shundan so‘ng doston oliy o‘quv yurtlari adabiyot dasturi va darsligidan muqim o‘rin oldi.

Umarali NORMATOV,
filologiya fanlari doktori, professor

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: