Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zi aytib, o‘zi qaytgan 5 Holat

Mana yarim yildirki, har kuni yurtimizdagi eng muhim yangiliklardan biri pandemiya holatiga oid ma’lumot va axborotlar bo‘lib qolmoqda.

Bu boradagi asosiy ma’lumot va xabarlar esa SSV tomonidan taqdim etilmoqda. Ammo ba’zida nima uchundir vazirlik aytgan so‘zidan ma’lum vaqtdan so‘ng qaytgan holatlar ham uchrab turibdi.

1. 13 iyulda O‘zbekistonda Plakvenil dorisini davolash protokolidan olib tashlash bo‘yicha SSVning 187-sonli buyrug‘i chiqarilgan. Unda, vaqtinchalik klinik qo‘llanma ishlab chiquvchi ishchi guruhning birinchi qatorida professor Habibulla Oqilov turibdi. Biroq biroz vaqtdan so‘ng Habibulla Oqilovning o‘zi plakvenil dorisi ishlatilishi kerakligi haqida gapirgan.

2. 12 iyul kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusufaliyev “O‘zbekistonda 8 ta xususiy tibbiyot muassasasida koronavirusga test topshirish mumkin”, deb turganida(ikki kun o‘tib) hamkasbi Habibulla Oqilov yurtimizda 6 ta xususiy tibbiyot muassasasiga koronavirusga test olish huquqi berilgan desa bo‘ladimi, “qovun tushirib”.

3. Tibbiyot fanlari doktori Anvar Alimov: “Biz ham immunoferment tahlillarini o‘tkazishni boshladik”, degan edi 13 iyul kuni. Lekin oradan bir kun o‘tib, Xabibulla Oqilov: “Biz ham immunoferment IFA va IXLA tahlillarini o‘tkazishni boshlamoqchimiz”, deb qo‘ygan.

4. Bahorda virusologiya instituti katta ilmiy xodimi, professor Xayrulla Mustafoyev havo harorati isishi bilan koronavirus xavfi bartaraf etilishi haqida gapirgan edi. Ammo to‘rt oy o‘tib, kunlar isiganidan so‘ng, aksincha, virusning tarqalishi kuchaygach, sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspektsiyasi rahbari Nurmat Otabekov: “Statistikaga ko‘ra, COVID-19 tarqalishi mamlakatlarda har qanday iqlim va namlikda yuz berishi mumkin. Shuning uchun infektsiyani faqat aytib o‘tilgan profilaktika qoidalariga rioya qilgan holda yengish mumkin”ligini ta’kidladi.

5. Habibulla Oqilov 8 iyul kuni agar “O‘zbekistonda kuniga 1-1,5 mingta koronavirusga chalinish holati aniqlansa, sog‘liqni saqlash tizimi qulaydi”, deb xavotirlangan bo‘lsa, oradan salkam bir oy o‘tib, «Karantin yumshatilsa, kasallarning oshishi mumkin bo‘lgan vaziyatga sog‘liqni saqlash tizimi tayyor» ekanini e’lon qildi.

Aslida, biz bu kabi holatlarni sanab o‘tish orqali kimningdir ishini taftish qilib, xatosini ko‘rsatmoqchi emasmiz. Shunchaki, bugun e’tibor berilmagan holat ertaga ishonchsizlikni keltirib chiqarishi mumkinligini eslatmoqchimiz, xolos. Zero, bu millatning salomatligi, buguni bilan bog‘liq gap, holatdir.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: