Sud hali davom etishi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ishda yutib chiqishi ham mumkin

Bugun ko‘pchilik OAV va blogerlar «Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sudda UzAuto Motors kompaniyasiga yutqazdi», deb axborotni tarqatishdi. Ularda keltirilgan sharhlardan shuni anglash mumkinki, ishning bu tarzda tugaganidan ko‘pchiligining hafsalasi pir bo‘libdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri esa, sudda nafaqat Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, balki Qo‘mitaga xayrixoh va monopoliyaga qarshi turgan millionlab yurtdoshlarimiz, Oliy Majlisning xalqparvar deputatlari ham yutqazdi, deb yozibdi.

Ha, birinchi instantsiya sudining qaroriga ko‘ra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ishi bo‘yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarori haqiqiy emas deb topildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidan arizachi “UzAuto Motors” AJ foydasiga shikoyat keltirishda to‘langan davlat boji 2 230 000 so‘m va 20 000 so‘m pochta xarajatlari undirish belgilandi.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan qonun hujjatlari talablari buzilganligi holati yuzasidan xususiy ajrim ham chiqarildi.

Ammo bu hammasi tugadi, degani emas. Qo‘mitaga xayrixohlar bundan juda o‘ksinmasa ham bo‘ladi. Qo‘mita hali butunlay yutqazgani yo‘q. Birinchi instantsiya sudida yutqazdi, xolos.

Qo‘mita sudning ushbu qaroridan noroziligini bildirib, yuqori instantsiya sudiga shikoyat qilish huquqi bor. Zero, Qo‘mita bu huquqidan foydalanishi va keyingi instantsiya sudlarida hatto ishni o‘z foydasiga hal qilishi ham mumkin.

Olimjon O‘sarov,
Huquqshunos-jurnalist

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: