Sudya bilan tortishgan G‘uzor tumani hokimi ariza yozdi

Sudya va tuman hokimining o‘zaro tortishuvi katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lganidan barchaning xabari bor. Aynan ushbu mavzuga biz ham bir necha marta to‘xtalganmiz.

Jumladan, O‘zAda 2020 yil 16 mart kuni “Hokim va sudyaning telefondagi tortishuvida kim haq edi?”, 2020 yil 19 mart kuni “Xalqqa jon qayg‘usi, hokimga sha’n…” sarlavhali maqolalar e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, G‘uzor tumani hokimi Sa’dulla Boboqulov va Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudining raisi Sattor Aqanov o‘rtasidagi telefondagi muloqot audioyozuvi internetda tarqalib, bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi.

Aslida bu muloqotda ortiqcha gap-so‘zning, ya’ni ochiqcha haqorat yoki kamsitishning o‘zi yo‘q. Faqat hokim «ho‘p bo‘ladi, hokim buva», so‘zlarini eshitmagan, xolos. (Ya’ni hokim «qabulimga keling», deganida sud raisi «qabulingizga bormayman, kechirib qo‘yasiz», degan).

Aytib o‘tish keraki, audioyozuvni eshitganlarning ko‘pchiligi hokimning o‘zini katta olganini keskin qoralagan edi. Bunga toqat qila olmagan hokim esa sudyaning ustidan yozish, ommaviy axborot vositalarida sudyani qoralashga qaratilgan kompaniyalar ham tashkil qildi. Hatto, Sudyalar oliy kengashi shikoyatimga javob bermadi, degan tuhmatlar ham uyushtirildi.

Aslida esa tuman hokimi imzosi bilan Sudyalar oliy kengashiga sudyaga chora ko‘rilishi talab qilib yuborilgan shikoyat xati ustiga “Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Oliy Majlisga”, degan so‘zlar yozilgan ekan. Bu holat bizga keyin ma’lum bo‘lsa ham gapni cho‘zib yurmaslik uchun bu holatga to‘xtalmagan edik. Biroq, yozilgan manzilga qarganda, yozg‘uchida maktab sabog‘iga ehtiyoj yo‘q emas…

Qashqadaryodan tarqatilgan xabarlarga qaraganda, (qashqsdaryo.uz) G‘uzor tumani hokimi S.Boboqulov o‘z arizasiga ko‘ra egallab turgan vazifasidan ozod etilgan. Ishonchimiz komilki, bu shunchaki tasodif emas. Bu jamoatchilik fikri o‘z kuchini ko‘rsatgani. Zero, bugun yurtimizda erkin fuqarolik jamiyati gurkirab rivojlanmoqda. Bu mustaqil sud hokimiyati, sudyalar nafaqat qonun, balki Prezident himoyasida ekanini anglatuvchi amaliy mujda.

Davlatimiz rahbarining xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida aytilgan fikrlarni yodga olsak: «Davlat idoralari mansabdorlari shuni chuqur anglab olsinlar: sudlar mustaqilligini ta’minlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida bo‘ladi».

Albatta, hokimlar ijro hokimiyatining asosiy va hal qiluvchi bo‘g‘ini, biroq, eskidan qolganidek, yakkahokim emas.

Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: