Talabalar qachon yotoqxona bilan ta’minlanadi?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 yanvar kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarning ijtimoiy masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda 129 ta oliy o‘quv yurtida 500 mingdan ortiq talaba o‘qiyotgani, lekin ular yotoqxona bilan yetarlicha ta’minlanmagani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga talabalar uylarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Xabaringiz bor, gazetamizning 2021 yil 20 yanvar sonida yangi ish boshlagan vazir Abduqodir Toshqulov e’tiboriga tizimdagi mavjud ba’zi muammolarni havola etgandik.

Xususan, “Vazir o‘zgardi, muammolar endi yechim topadimi?”, “Ayb deputatlardami?” sarlavhali maqolalarda bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida dolzarb bo‘lib turgan talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi ko‘tarilgan edi. Talabalarning aksariyati o‘zi o‘qiyotgan institut yoki universitet yotoqxonasida yashashga joy topolmasdan, shahar ko‘chalarida ijaraga uy qidirib ovora-yu sarson bo‘lib yurgani, uy-joy bozorida  200 dollardan kamiga ijaraga bir xonali uy topish qiyin ekani haqida so‘z yuritilgandi. Oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar soni yildan-yilga oshib borishiga mutanosib ravishda ular yashashi uchun turar joylar qurilishi zarurligi yuzasidan asosli mulohazalar bildirilgan edi.

Darhaqiqat, yuqoridagi muammo Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlarini masalaning tub ildizi qayerda, degan savol bilan o‘rganish ishlarini olib borishga undagani ham bejiz emas. Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O.Abdullayeva, Z.Shodiyeva hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari L.Xikmatova, B.To‘xtamurodov va boshqalar O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘lib, mavjud holatni yaqindan o‘rgangan.

— O‘zbekistonda “o‘qib, o‘z ustimda ishlayman, kelajakda yetuk mutaxassis sifatida  yetishib chiqib, yurtimga foydam tegishi istayman” degan yoshlar ko‘p, — deydi xalq deputatlari  Toshkent shahar Kengashi deputati B.To‘xtamurodov. — Ayniqsa, respublikamizning chekka-chekka hududlarida bilimli, intiluvchan yoshlarimizning aksariyati otaxon universitetlarimizdan biri O‘zMUda o‘qishni orzu qiladi. Qanchadan-qancha mutaxassislarni yetishtirib, ta’lim berayotgan universitetda bugungi kunda 17 000 nafar talaba tahsil oladi. Biroq universitetda hozirda 3 600 nafar talabani yotoqxona bilan ta’minlash imkoniyati mavjud. Yotoqxonaga sig‘may qolgan talabalar esa falon narxlarda ijara pullarini to‘lab, transportga xarajat qilib, o‘qishga qatnashga majbur bo‘lmoqda. Bu muammoni hal etishning yo‘llaridan biri — universitet  hududida davlat-xususiy sheriklik asosida xostellar qurish,  imtiyozli narxlarda talabalarga xonalarni taqdim eta oladigan tadbirkorlarni hamkorlikka jalb etishdan iborat.

Ma’lumki, yoshlar kamoloti, shu jumladan, ularning oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi va yetuk mutaxassis bo‘lishi yo‘lida sarflanayotgan mablag‘ hamda resurslar kelajakka tikilgan sarmoya hisoblanadi. Shubhasiz, bu mablag‘lar oradan ma’lum vaqt o‘tib, necha barobar ortig‘i bilan qaytadi. Talabalarni turar joylar bilan ta’minlash masalasiga ham “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da shu nuqtai nazardan yondashilsa, eng og‘riqli muammolardan biri yechimini topishiga ishonamiz.

Suyundik MAMIROV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: