Talabaligidayoq Sharof Rashidov e’tiboriga tushgan Munojot Yo‘lchiyeva

Zamondoshimiz kim?

O‘zbekiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari sohibasi. Mumtoz ashulalarning betakror ijrochisi. Xalqaro “BBC Radio 3 for World Music Awards” mukofotini qo‘lga kiritgan. Bugun uning tug‘ilgan kuni.

Zamondoshning hayot yo‘li?

Munojot Yo‘lchiyeva 1960 yil 26 noyabrda Andijon viloyatida tug‘ilgan. Uning onasi Muborakxon va otasi Abduvali o‘z qizlariga ism qo‘yishda adashishmagan edi. (Munojot – “ibodat qilish” bilan birga klassik musiqa ma’nosini anglatadi). Qo‘shiqchining otasi va akasi dastlab bu ijodiy yo‘lni tanlashiga qarshi bo‘lishgan. Faqatgina professional qo‘shiqchi va musiqachi bo‘lgan tog‘asi uning qarorini qo‘llab-quvvatlagan.

Munojot 1978 yili Toshkent Davlat konservatoriyasiga o‘qishga kirib, professor Shavkat Mirzayevdan saboq olgan. 2-kursda o‘qiyotganida o‘qishni Moskvada davom ettirishni taklif qilishganida u bu taklifni qabul qilmagan. Bir safar Alisher Navoiy tug‘ilgan kuni munosabati bilan Markaziy televideniyeda efirga uzatiladigan kontsert dasturi rejalashtirilganida esa konservatoriyadan 10-12 ta talaba orasida Munojotni ham tanlashgan. Mazkur kontsertdagi chiqishi bilan Sharof Rashidovning e’tiboriga tushgan talaba qiz teleradiokompaniya qoshidagi maqomchilar ansambliga qabul qilingan.

Kontsertlardan birida yotoqxonadagi sharoit tufayli betob bo‘lib, qatnasha olmagani sababli unga hatto hukumat tomonidan poytaxtning qoq markazidan ikki xonali uy berishgan. Keyinchalik mazkur uyni kengaytirishni niyat qilganida otasi unga davlat tomonidan berilgan birinchi sovg‘ani asrashni maslahat qilgan.

Munojot Yo‘lchiyeva 1980 yilda professional qo‘shiqchi sifatida faoliyatini boshlagan. Uning ijodiy taqdirida katta rol o‘ynagan Frantsiyaga – Parij teatri De La Villega gastroli keyinchalik Yevropa sahnasiga chiqishiga keng yo‘l ochgan. Italiya, Gollandiya, Belgiya va boshqa mamlakatlardagi nufuzli xalqaro festivallarda ishtirok etish imkonini bergan. Qo‘shiqchi dunyodagi barcha nufuzli kontsert zallarida o‘z mahoratini namoyon etgan.

Ayni vaqtda Munojot Yo‘lchiyeva O‘zbekiston davlat konservatoriyasining an’anaviy qo‘shiqchilik kafedrasi mudiri. Uning ijodiga bag‘ishlangan bir necha filmlar suratga olingan.

Munojot Yo‘lchiyevaning ikki nafar farzandi bor.

Zamondosh fikrati

1984 yilda birinchi marta Iordaniyaga bordik. Men Munojot, Tanovor qo‘shiqlarini ijro eta boshladim. Lekin ijro jarayonida tinglovchilarning bundan ham kattaroq, jiddiyroq narsalarga tayyorligini tushundim. Keyin belgilangan dasturni chetga surib, maqomlarni ijro etdim. Siz u yerda nimalar boshlanganini tasavvur ham qila olmaysiz! Ulkan sport majmuasida kontsert berayotganimiz uchun tomoshabinlar juda ko‘p edi, ular chapak chala boshladilar, keyin oyoqlarini dupirlatib, hushtak chalishdi… biz esa hayratdan qotib qolgandik. Dastlab zalning bu reaktsiyasini ijroning muvaffaqiyatsizlikka uchraganini bildiruvchi va yomon xulq-atvor, deb o‘yladik. Keyin bilsak bu ularning zavq-shavqni o‘ziga xos namoyon etishi – urf-odati ekan.

Men har qanday qo‘shiq san’atida, ayniqsa, maqomda, uni tinglovchiga to‘liq yetkazish imkonini beradigan uchta tarkibiy qism – to‘g‘ri diapazondagi ovoz, so‘zlar va albatta, musiqa bo‘lishi kerak. Ansambl odatda ritmni belgilab beruvchi doira, rubob, g‘ijjak va dutorni o‘z ichiga oladi. Hammasi risoladagidek joyiga qo‘yilgan bo‘lsa, dunyoning istalgan mamlakatida tinglovchi tarjimaga muhtoj bo‘lmaydi – ruhning o‘zi asarni qabul qiladi. Bunday holda, ijrochining tomoshabin bilan muloqoti yurakdan yurakka qabilida kechadi.

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: