Taskin

Otam frontga ketganida men juda yosh edim. Uyimizga «qora xat» kelganida, otam Stalingradning Peskovatka qishlog‘ida 1943 yil 11 yanvar kuni qahramonlarcha halok bo‘lganini o‘qib, dahshatga tushgandim. O‘sha joylarni bir ko‘rish men uchun armon edi. Nihoyat, orzuim ushaldi. Oradan 42 yil o‘tgach, Volgogradga bordim.Taksi gaplashib, Peskovatka qishlog‘ini izlab topdim. Qarovsiz qishloqning chekkasida «Birodarlik qabristoni» bor ekan. Ularga o‘rnatilgan yodgorlik taxtasida «jangda halok bo‘lganlarga abadiy shon-sharaf», degan yozuv muxrlangan edi. Qur’on tilovat qildim. Qabrdan tuproq oldim.

Qaytishda Mamayev qo‘rg‘oniga kirdim. Har biriga mingtadan ism-shariflar qayd qilingan 48 ta ustunni ko‘zdan kechirdim. Otamni izladim. Zarhal yozuvlar ichida Ahmedov M. ni topdim. Topdim-u, xo‘ngrab yig‘ladim,ovozim boricha uvilladim. Odamlar meni yupatishar, dalda berishar edi. «Shuncha yil o‘tib ketibdi-yu, buncha yig‘laysiz», deyishdi. Nima qilay, o‘zimni tutolmadim. Urush asorati aslo eskirmas ekan. Mamayev qo‘rg‘oni ma’muriyati idishga solingan hok bilan yorliq berdi. Yorliq hozir uyimizning to‘rida, javonda saqlayman, shahar timsoli esa devorda osig‘liq.

Qishloqqa qaytib, hokni qabristonga ko‘mdim. Marmar toshdan belgi o‘rnatdim. Toshga quyidagi so‘zlar muxrlandi:

Jasadingiz unda, hokingiz bunda,
Yodingiz farzandlar qalbida yashar.
Toki, avlodingiz hayot ochunda,
Hayotdursiz siz ham, ey buyuk padar!

Qirq ikki yildan keyin otamning yoshiga yetganda hokini o‘z qishlog‘ida yerga qo‘yib, taskin topdim.

Mahkam Maxammedov

Fikr bildirish