Текширувчилар нега якшанба куни келишади?

Яқинда бир юмуш билан ўзим яшайдиган Яшнобод туманидаги “Бешариқ” маҳалла фуқаролар йиғини идорасига чиқишимга тўғри келди. Шанба куни бўлгани учун кўпчилик ташкилот-корхоналар қатори у ердагилар ҳам бугун ишламаса керак, деган хаёлга бордим. Шунга қарамай, ҳар эҳтимолга қарши, идорага сим қоқдим. Буни қарангки, гўшакни кўтаришди. Саволимга: “Биз одатдагидек иш жойимиздамиз, келаверинг”, деб жавоб беришди.

Idoraga kirib borganimda mahalla oqsoqoli, kotiba va fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Karima Shayxova o‘z xizmat xonasida edi. Men dam olish kuni murojaat qilganim uchun ulardan uzr so‘radim. Bundan Karima opa hayron bo‘ldi, keyin dardini ayta ketdi:

— Shanba biz uchun allaqachon ish kuniga aylanib qolgan. Afsuski, shu kuni ham fuqarolarni qabul qilib, arizalar bilan shug‘ullansak-da, qog‘ozbozlik degan baloni tugata olmayapmiz. Ayniqsa, tekshiruvchilarning aynan yakshanba kunlari tashrif buyurishiga nima deysiz?.. Tunov kuni deng, Jarqo‘rg‘ondagi mahalla raisini tekshiruvchilar kelganda ish joyida bo‘lmagani uchun vazifasidan bo‘shatishibdi.

O‘rinbosar ayolning gapini eshitib hayron bo‘ldim. Boz ustiga, bu idoradagilar ortiqcha ishlaganlari evaziga hech qachon qo‘shimcha haq olishmas ekan. Karima Shayxova boshqa muammolar-u, ba’zi masalalarni ham bizga ro‘y-rost so‘zlab berdi:

— So‘nggi vaqtlarda davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan mahalla institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimida hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qator qarorlar qabul qilindi. Bu mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatiga e’tibor ancha kuchayganidan va tizimni yanada rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratilayotganidan dalolat. Qarorlarning ahamiyati amalda ijrosi nechog‘li ta’minlangani bilan belgilanadi, lekin mahalla idoralari xodimlari hanuz o‘z zimmalariga noo‘rin yuklatilgan turli statistik ma’lumotlarni yig‘ish, jadvallar to‘ldirish kabi qog‘ozbozliklardan bo‘shamayotgani, hamkor tashkilotlar ko‘paygani sayin topshiriqlar ko‘lami ham kengayayotgani hech kimga sir emas. Oqibatda biz qimmatbaho vaqtimizni aholi bilan ko‘proq muloqotda bo‘lish, oilalarni imkon qadar yaqindan o‘rganish, muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rishdek muhim vazifalarimizni bajarishga sarflash o‘rniga ko‘pincha kompyuter oldida o‘tirib, qog‘oz to‘ldirish, rasmiyatchilik va hisobot topshirish bilan shug‘ullanayapmiz. Bu juda achinarli hol. Shunday bo‘lsa-da, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlar pandemiya davrida ham sustkashlikka yo‘l qo‘ymadilar, hatto dam olish va bayram kunlari ham ishni to‘xtatmadilar.

To‘g‘ri, bunday og‘ir va sinovli kunlarda fidoyilik ko‘rsatish har bir insonga xos fazilat. Ayni chog‘da, ataylab yakshanba kuni tekshirish o‘tkazadiganlar bir narsani unutmasliklari kerakki, o‘sha fidoyi kishilarning ham oilasi, tashvishi bor. Huquqiy jihatdan yondashsa, dam olish kunlarida haq to‘lanmaydigan ishga chiqishga majburlash Mehnat kodeksining tegishli moddalari talablari buzilishiga, Konstitutsiyaviy huquqimiz poymol etilishiga olib kelmoqda.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, shu paytgacha mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlari raislari va xodimlari haqida turli gap-so‘zlarni eshitibmiz yoki gapiribmiz-u, aslida ularning ham o‘ziga yarasha dard-tashvishlari borligi to‘g‘risida chuqurroq o‘ylab ko‘rmabmiz. Bu tuzilma vakillari tez-tez uyma-uy yurib aholining g‘am-tashvishlarini o‘rgansin, debmiz-u, ba’zan loaqal o‘z oila a’zolari hol-ahvolidan durustroq xabar olishga, ular bilan bemalol suhbatlashishga vaqt topolmasliklarini anglamabmiz.

Men birgina voqea bahonasida tizimda ishlayotganlar faoliyatini yoppasiga ijobiy deb baholamoqchi emasman. Shunchaki, mahallalarimiz rivojlanishiga baholi qudrat hissa qo‘shayotganlarning ayrim huquqlari buzilayotganiga, mehnat qonunchiligiga qat’iy rioya qilinmayotganiga achinayapman.

Xullas, mazkur soha vakillari gohida xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yishganida ayovsiz tanqid ostiga olganimiz kabi ularning dardlarini ham elga dasturxon qilganim uchun meni ayblamaysizlar, balki ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, birrov “Hormanglar!” deb qo‘yarsizlar, degan umiddaman.

Sayyora QODIROVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: