Televideniyeda tsenzura tiklandimi?

Tan olish kerakki, oxirgi yillarda ayrim telekanallar muammolarni ochiq ko‘rsatishga, bor gapni aytishga harakat qilmoqda.

Muammoni hukumat darajasiga olib chiqishda o‘zlarida kuch topmoqda. Oqibatda qarshiliklarga uchrayotgani ham bor gap.

— Ana shunday cheklashlar, tahdidlar sabab qanchadan-qancha ko‘rsatuv va lavhalar efir yuzini ko‘rmayapti, — deydi tanish telejurnalist. — “Tsenzorlar” efirga ketayotgan tayyor ko‘rsatuvni, hatto jonli efirni uzib,qandaydir reklama-roliklar orqali odamlarni chalg‘itib, “tepadagi”lardan achchiq haqiqatni yashirishga urinyaptimi?

Yaqinda «MY5″dagi “Markaziy studiya” dasturida jonli efir paytida boshlovchilar kinorejissyor Sarvar Karimovning otasi koronavirusdan vafot etgani, virusga test topshirishning abgor holati, dorilar, jihozlar yetishmasligi va rasmiy ma’lumotlarda o‘lim bilan bog‘liq holatlar aytilayotganida ularning mikrofoni uzilib, ovozi chiqmay qoldi. Tanqidiy lavhalar kuchli intershumlar orqali berildi, qo‘yilgan lavhalar qayta qo‘yilib, bir soatga yaqin jonli efirda ketgan butun boshli ko‘rsatuv “brak”ka aylandi.

.

«MY5″dagi yana bir ko‘rsatuv “Ochiqchasiga gaplashamiz”da karantin zonasida 14 kun faoliyat yuritayotgan shifokorlarga Prezident tomonidan belgilangan pullar berilmayotgani, aksar hollarda raqamlar faqat qog‘ozda qolayotgani to‘g‘risida jamoatchilik vakillari va shifokorlar ishtirokida ko‘rsatuv efirga ketayotgandi. Kutilmaganda ko‘rsatuv uzilib, reklama qo‘yildi va qayta davom ettirilmadi. Holbuki, bu ko‘rsatuv oldindan yozib olinib, efirga berilayotgandi.

Savol tug‘iladi: bunday “uzib qo‘yishlar”ning ketma-ket sodir bo‘layotgani hech narsani anglatmayaptimi? O‘sha “tsenzor”lar cheklamoqchi bo‘lgan lavhalar allaqachon ijtimoiy tarmoqlarda “aylanib bo‘lgan”ini bilishmasmikan?

Ziyoda Ramazonova

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: