Toshkent viloyatida koronavirus bemorlari rasmiy statistika bo‘yicha 2-3 kunda sog‘aymoqda. Bu yo mo‘’jiza, yoki yolg‘on

Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan ba’zi bemorlar kasallik qayd etilganidan 2-3 kun o‘tib sog‘ayishni boshladi, deb xabar bermoqda «Daryo.uz». Hozircha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi erishgan yutuqlari bo‘yicha bong urgani yo‘q, ammo Sog‘liqni saqlash vazirligining har kunlik hisobotlarini taqqoslagan holda Toshkent viloyatida bemorlar juda ham tez davolanayotganini kuzatish mumkin.

Bemorlarning tezda sog‘ayishi bo‘yicha raqamlar

21 sentyabr soat 23:30 holatiga ko‘ra, SSV jadvali bo‘yicha Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar 9761 nafarni, tuzalganlar 9210 nafarni, vafot etganlar 67 nafar edi. Kasallik aniqlanganlar sonidan tuzalganlar va vafot etganlarni ayirib tashlasak, davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni kelib chiqadi — 484 nafar. Viloyatda 18 sentyabrda 123 kishida, 19 sentyabrda 122 kishida, 20 sentyabrda 121 kishida va 21 sentyabrda 131 kishida, jami 497 kishida COVID-19 qayd etilgandi. Bu kunlarda jami 8 kishi vafot etgan.

Agar kasallik aniqlanganlar sonidan (497) vafot etganlar sonini (8) ayirsak, 489 raqami chiqadi. Davolanishni davom ettirayotganlar soni 484 nafarni tashkil etayotgani inobatga olib, xomaki hisob-kitob qilinsa, go‘yo 18 sentyabrdan oldin COVID-19 qayd etilganlarning barchasi sog‘ayib bo‘lganu-u, oxirgi 4 kun ichida koronavirusga chalinganlardan kamida 5 nafari sog‘ayishga ulgurgan bo‘lib chiqadi. Eng birinchi kasallanganlar birinchi bo‘lib tuzalgan deb faraz qilsak, ushbu 5 bemorda 18 sentyabrda kasallik aniqlangan va ular oradan 3 kun o‘tib sog‘aygan.

Boshqa kunlardagi raqamlarni ham solishtiramiz. 18 sentyabr soat 23:30 holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar 9387 nafarni, tuzalganlar 8837 nafarni, vafot etganlar 63 nafarni tashkil etayotgandi. Davolanishdagi bemorlar 487 nafar edi.

15 sentyabrda 128, 16 sentyabrda 126, 17 sentyabrda 125 va 18 sentyabrda 123, jami 502 kishida koronavirus qayd etildi. Bu kunlarda 9 kishi vafot etdi. 502-9-487=6. Go‘yo 15 sentyabrgacha koronavirusga chalinganlarning barchasi 18 sentyabr 23:30 gacha tuzalishga ulgurgan-u, 15—18 sentyabrda virus qayd etilganlarning 6 nafari sog‘aygan.

Toshkent viloyatida bemorlar nafaqat 3 kunda, balki bundan ham tezroq sog‘aygani bo‘yicha misollar bor. 14 sentyabr soat 23:30 holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatida koronavirus qayd etilganlar 8885 nafarni, tuzalganlar 8428 nafarni va vafot etganlar 54 nafarni tashkil etayotgandi. Davolanayotganlar 403 nafar edi.

12 sentyabrda 162, 13 sentyabrda 143 va 14 sentyabrda 130, jami 435 kishida koronavirus qayd etildi. Ushbu 3 kun ichida 3 nafar bemor vafot etdi. 435-3-403=29. Bu degani, 14 sentyabr soat 23:30 gacha go‘yo 11 sentyabr va undan oldin kasallikka chalinganlarning barchasi tuzalgan hamda 12 sentyabr kuni COVID-19 qayd etilganlarning kamida 29 nafari oradan ikki kun o‘tib sog‘aygan.

Ikki kunda 100 dan ortiq bemor sog‘aygani bo‘yicha misol. 12 sentyabr soat 23:30 holatiga ko‘ra, Toshkent viloyatida davolanayotgan bemorlar soni 389 nafar edi. 10 sentyabrda 186, 11 sentyabrda 182 va 12 sentyabr 162, jami 530 kishida koronavirus qayd etilgan. 3 kun ichida 7 kishi vafot etgan. Demak, 10 sentyabrda koronavirusga chalinganlardan 130 dan ortig‘i 2 kun ichida sog‘ayganlar safiga qo‘shilgan.

Bemorlarning 2-3 kunda davolanish tendentsiyasi avgust o‘rtalaridan buyon davom etmoqda. Bir oy ichidagi istalgan 4 kunni olib, o‘zingiz ham taqqoslab bunga amin bo‘lishingiz mumkin.

Koronavirusdan tuzalishga qancha muddat kerak?

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov aprel oyida COVID-19’dan tuzalish uchun qancha muddat kerakligi haqida gapirib o‘tgandi.

«Bemorlar o‘rtacha 10-15 kun, ba’zida og‘ir hollarda bir oy davomida tuzaladi», — degandi Oqilov.

Bundan tashqari, Habibulla Oqilov iyul oyida koronavirusni uy sharoitida davolash shartlarini ma’lum qilgandi.

Unga ko‘ra, simptomsiz, ya’ni kasallik alomatlarsiz kechayotgan, uyda davolanish uchun yetarli sharoit bor, deb hisoblangan bemorlar faqat qonni suyultiruvchi va immunitetni ko‘taruvchi dori vositalarini profilaktik ravishda qabul qilishi mumkin.

Ular oilaviy poliklinikaning umumiy amaliyot shifokori tomonidan nazorat qilinadi. Tana harorati va boshqa shikoyatlarni bilish uchun har kuni belgilangan xodim telefon orqali bemor bilan bog‘lanib uning ahvolidan xabardor bo‘lishi kerak. Alomatsiz shakl bilan kasallangan bemorlar tuman va shaharlarda tashkil etilgan «mobil guruh» tomonidan saralanadi.

Uyda kuzatuvda bo‘lgan bemorlar oila a’zolaridan yakkalanishi, jismoniy faollik, gigiyena talablarini barchasini vaqtida bajarishi, xonani tez-tez shamollatib turishi lozim ekanligi ta’kidlandi. Idish-tovoqlar bir marta ishlatiladigan yoki o‘zi uchun individual ajratiladi. Agar kuzatuv davrida: yo‘talish, tomoq qirilishi, ta’m yoki hid sezish buzilishi, tana harorati ko‘tarilsa, zudlik bilan oila shifokori yoki 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, shifoxonaga o‘tkaziladi.

«Yashash sharoiti sanitariya-epidemiologik talablarga javob bermagan yoki yakkalash imkoniyati bo‘lmagan, 60 yoki undan yuqori yoshdagi, ortiqcha vazn, surunkali kasalliklar: gipertoniya, qandli diabet, yurak va qon-tomir kasalliklariga ega shaxslar bundan mustasno. Agar 10 kun davomida infektsiyaning klinik belgilari namoyon bo‘lmasa, bemorlar ro‘yxatdan chiqariladi», — degandi Oqilov.

Mutaxassislar koronavirus 80 foiz bemorlarda yengil kechishini ta’kidlagan. Lekin kasallik yengil kechayotgan bemorlarning barchasi ham 10—15 kun ichida to‘liq tuzalib ketavermaydi.

Bu borada bir misolni keltiramiz. Toshkent viloyatida yashovchi «Daryo» xodimlaridan biri ayni vaqtda koronavirusdan davolanmoqda. Dastlab, koronavirus uning turmush o‘rtog‘ida 14 avgustda aniqlangan. 15 avgustdan boshlab «Daryo» xodimida ham kasallik alomatlari kuzatila boshlagan. Ularning ikkovi ham uyda davolangan. 10 sentyabrda «Daryo» xodimi ilk bor test topshirgan va natija ijobiy chiqqan. Uning turmush o‘rtog‘i 16 sentyabrda topshirgan takroriy testi yana bir bor ijobiy chiqdi. Demak, Toshkent viloyatida 40 kundan buyon COVID-19’dan tuzalmagan kamida bir kishi bor.

Bu mo‘’jizami yoki raqamlarni soxtalashtirish?

Agar Toshkent viloyatida chindan ham bemorlar 2-3 kunda davolanayotgan bo‘lsa, bu, albatta, haqiqiy mo‘’jiza bo‘ladi. Bunday natijalar bilan hatto tibbiyot turizmini yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi. Koronavirus avvalgidek qo‘rqinchli bo‘lmay qoladi. Lekin hozircha Toshkent viloyatilik shifokorlar koronavirusni davolashda «inqilob» qilgani haqida bayonot bergani yo‘q.

Raqamlarni soxtalashtirish masalasiga kelsak, COVID-19’dan tuzalmagan bemorni sog‘ayganligi to‘g‘risida hujjatlar soxtalashtirilishi bo‘yicha kamida bir misol mavjud. Ushbu holat aynan Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan. Reanimatolog Farrux Rustamov Zangiotadagi ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasida ko‘ngilli sifatida ishlayotganida kasallikni yuqtirib olgan. U Chirchiq shahrida joylashgan viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Rustamov o‘zi reanimatolog bo‘lgani uchun jonlantirish bo‘limida kerakli muolajalar ko‘rsatilmagani sabab, u o‘z huquqini talab qilganida shifoxona bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva: «Bu mahmadona ekan, ruhiy kasal bo‘lib qolibdi», deb, uni viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborish harakatiga tushib qolgan.

Dispanser koronavirusga chalingan bemorni qabul qilishdan bosh tortgach, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida Farrux Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixiga bemor COVID-19 kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan va ahvoli og‘irligiga qaramay, Guljahon Yo‘ldoshevaning ko‘rsatmasi bilan viloyat Ruhiy kasalliklari dispanseriga yuborilgan. Koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashmagan dispanserga kislorod yetkazib beruvchi moslama olib kelingunicha Farrux Rustamovning joni uzilgan.

Viloyatda koronavirus bo‘lgani aniqlangan bemorlar 2-3 kunda qayta test topshirganiga ishonish qiyin, qisqa muddatda ular tuzalib qolishini aytmasa ham bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev yaqinda «vazirlik raqamlarni yashirishdan umuman manfaatdor emas»ligini aytgandi. Ammo Toshkent viloyati statistikasida keltirilgan raqamlarni solishtirganda, kimdir kasallanganlar va sog‘ayganlar o‘rtasidagi «balansni saqlash» uchun raqamlarni «chizib o‘tirgandek» tasavvur uyg‘onadi.

Yuqoridagi misollardan tashqari, yana quyidagilarni keltirib o‘tish o‘rinli. 18—21 sentyabr oralig‘ida Toshkent viloyatida koronavirusga chalinganlar soni ham, tuzalganlar soni ham 497 tani tashkil etdi.

Shuningdek, 1—10 sentyabr kunlari Toshkent viloyatida har kuni 93—98 nafar oralig‘ida bemorlar sog‘ayayotgandi. Sentyabrning dastlabki 9 kunida viloyatda 88—105 oralig‘ida yangi bemorlar aniqlanayotgandi. 10 sentyabr kuni Toshkent viloyatida bemorlar soni birdaniga o‘sib, 186 nafarga yetdi. 11 sentyabr kuni esa viloyatda tuzalganlar soni ham keskin ko‘payib, 157 nafar bemor sog‘aygandi.

Koronavirus bo‘yicha xalqaro statistikalarni yuritayotgan Jons Hopkins universiteti va Worldometers portali ham O‘zbekiston statistikasini mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari asosida butun dunyoga ko‘rsatib bormoqda. Agar raqamlarda qandaydir soxtalashtirishlar bo‘lsa, demak, bu bilan butun dunyoga yolg‘on ma’lumot berilmoqda.

SSV va Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bemorlar qay tariqa 2-3 kunda davolanayotgani bo‘yicha izoh berishi yoki koronavirusdan davolashning «mo‘’jizaviy retsepti»ni oshkor qilishi maqsadga muvofiqdir. Agar kimdir raqamlarni soxtalashtirgan bo‘lsa, tegishli vakolatli organlar bu bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishi lozim. Har holda, bir bemorning hujjatlarini soxtalashtirgan bosh shifokor boshqa bemorlarning ham hujjatlariga soxta ma’lumot kiritmaganligiga, boshqa shifoxonalarda ham shunday holatlar yuz bermaganiga kafolat yo‘q.

O‘zbekiston Prezidenti 28 avgustdagi yig‘ilishda haqiqiy holat bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha rahbarlarni ogohlantirgan edi. O‘shanda bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlangan edi. Kimdir jinoyatga qo‘l urib, raqamlarni soxtalashtirgan bo‘lsa, buning uchun jazosini olishi kerak.

Dilshod Sharipov

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: