«Toshkentdan gapiramiz» mi yoki «toshkentcha gapiramiz» ?..

Mustaqillikdan oldingi davrda markaziy televideniya va radiodan “Toshkentdan gapiramiz” degan jumla muntazam jaranglab turardi. Bugun ham televideniya va radioni respublikamizning deyarli barcha aholisi ko‘rishadi va eshitishadi. Xususiy kanallarda efirga uzatilayotgan ko‘rsatuv va eshittirishlar Toshkent shevasida berilayotgani e’tirozlarga sabab bo‘layotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Qo‘llanilayotgan so‘zlarning aksariyati tushunarli, ammo yoshlar, bolalar ularni adabiy til shaklida qabul qilib qolishi chatoq. Chunki bizda hali-hanuz televideniyada qo‘llanilgan so‘zlar to‘g‘ri, radioda aytilgan gap o‘rinli va gazetada yozilgani namuna, etalon sifatida qabul qilinadi.

Yaqinda 5-sinfda o‘qiydigan qizim “Dada, o‘tlaring so‘zi qanday yoziladi”, deb so‘rab qoldi.

Men “o‘tinglar” deb yoziladi, dedim.

Shunda u birdan ikkinchi savolini berdi:

Etlaring so‘zichi?

– O‘zbek adabiy tilida “o‘tlaring” va “etlaring” degan so‘zlar yo‘q, “o‘tinglar” va “aytinglar” degan so‘z bor va ular shu tartibda yoziladi, — dedim. Bu so‘zlarning asl o‘zagi “o‘t” va “ayt” buyruq fe’llari bo‘lib, ularga “ing” qo‘shimchasi qo‘shilganda hurmat ma’nosini berishini, …lar qo‘shimchasi qo‘shilganidan so‘ng esa ko‘plik ma’nosini anglatishini tushuntirdim.

– Bir dugonam esa televizorda shunaqa deb aytdi. Demak, ketlaring va o‘tlaring to‘g‘ri deb o‘z so‘zida turib oldi va shunday yozdi, – dedi qizim.

– Dugonang noto‘g‘ri yozibdi, – deb shevaning chalg‘itadigan joyini tushuntirdim.- Dugonanga ayt, u “gapir, so‘zla” ma’nosini beruvchi so‘z o‘zagi “ayt” buyruq fe’lini “et”ga aylanib qolganini tushunmayapti. Chunki o‘zbek tilida “elt”, “eltmoq” buyruq fe’liyam bor. Bu olib bor degan ma’noni beradi. Shuning uchun shevadagi ayrim so‘zlar so‘zning ma’nosiga yaqin bo‘lsa-da, ko‘pincha eshituvchida tushunmovchilik paydo qiladi.

Agar har kim o‘z shevasida yozadigan bo‘lsa ko‘p chalkashliklar va tushunmovchiliklar vujudga keladi. Masalan, men tug‘ilib o‘sgan Qo‘shrabot tumanida maqtanma so‘zining shevada 5 ta shakli bor. Birinchisi, mozotlanma, ikkinchisi, ishmalama, uchinchisi, eshkannama, to‘rtinchisi, guppillama, beshinchisi, toltoyma va yana oltinchisiyam bo‘lsa kerak.

Bu so‘zlarning hammasi o‘z joyida, kimga aytilishiga qarab ishlatiladi. Masalan, mozotlanma degani, o‘zak so‘z “zot” bo‘lib, moling, narsang bilan maqtanma degani bo‘lsa, “ishmalama” sheva so‘zi adabiy tildagi shishmoq o‘zak so‘zidan olingan bo‘lib shishib ketma, yorilib ketasan, degan ma’noni beradi. Ana undan keyin “eshkannama” aytiladi. Bu degani esa majoziy bo‘lib, shishib ketgan maqtanchoqning eshakka o‘xshab oldi-ortiga qaramay o‘ynoqilab ketganiga o‘xshatiladi. Hoy o‘zingni bos, muncha eshkannaysan, o‘zingni yo‘qotib qo‘yibsanku, degan ma’noda maqtanchoqni qaytaruvchi da’vat shaklida qo‘llaniladi. Guppillama, degani paxta solib to‘qilgan kiyim guppi deyiladi. O‘zi yengil, lekin shishib turadi. Ayrimlarni shu guppiga o‘xshatib, birovning oldida g‘o‘ddayma, degan ma’noni bersa, toltoyma degani, qimmat kiyimni kiyib yoki qimmat mashinaga o‘tirib, birovlarning oldidan oliftalanib, kekkayib o‘tma, ularning ustidan kulma, yurish-turishing senga nisbatan salbiy fikr uyg‘otayapti degani bo‘ladi, dedim.

Shundan so‘ng qizim shevalarga qiziqib qoldi va boshqa viloyatlardan kelib o‘qiydigan sinfdoshlari gaplashadigan ayrim so‘zlarning ma’nosini so‘raydigan bo‘ldi. Bu qaysidir jihatdan yaxshi. Ammo unutmaslik kerakki, o‘zbek tilining o‘zagi sifatida hamma tushunadigan so‘zlardan tarkib topgan adabiy til qoidalarni buzib gapirish xunuk odat.

Shuning uchun adabiy til qoidalariga amal qilish nafaqat zaruriyat, balki. Qolaversa, OAV dasturxon emas, minbar.

Bu degani o‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir, hamma tushunadigan tilda gapir degani.

Ayniqsa, hozirda ayrim televideniya boshlovchilari, kino va teatr aktyorlari ham ko‘p so‘zlarni, jumlalarni shevada aytib, xatolikka yo‘l qo‘yishayapti. Masalan, ketlaring, kellaring, qochlaring, bo‘llaring, o‘tlaring… bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Lekin gap orasida aytilgan bu so‘zlar, afsuski, o‘zbek adabiy tili qoidalari buzilishiga sabab bo‘layapti. Shuning uchun Toshkentdan gapirganda, Toshkent shevasida emas, adabiy tilda gapirish zarur. Shunda so‘zning qadri, so‘zlovchining obro‘yi, televideniya yoki radioning muxlisi ko‘payadi.

Shuhrat RO‘ZIYEV,
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash
vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar
va til masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: