“Tovarish” o‘zbekcha so‘zmi yoki ruscha?

Har bir til tarixiy taraqqiyot natijasida boyib boradi. Mazkur jarayon tilning o‘z ichki imkoniyatlari asosida va boshqa tillardan so‘z o‘zlashtirish orqali yuz beradi.

Mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-madaniy munosabatlarning kuchayishi, ayniqsa, bir-biriga qo‘shni xalqlarning o‘zaro aloqalari natijasida bir tildan boshqasiga yangi tushunchalarni ifoda qilgan so‘z-atamalar qabul qilinadi. Bugungi globallashuv zamonida bu jarayon yanada kuchaydi.

Turkiy til, jumladan, o‘zbek tilining g‘oyat boyligini, avvalo, Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur singari bobokalonlarimiz isbotlab ketgan. Rus va ukrain, forsiyzabon tillarga turkiy tillardan salmoqli so‘zlar o‘zlashgan. Yevropa tillari ham ma’lum miqdorda bundan bebahra qolmagan. Tilimizda shunday so‘zlar borki, ko‘pchilik ularni boshqa tillardan o‘tgan deb o‘ylaydi. Aslida o‘zimizniki bo‘lgan bunday “jahongashta” so‘zlar sal o‘zgarib yana o‘zimizga qaytgan.

Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!

Turkiy tillardan rus tiliga o‘zlashgan so‘zlarning ko‘pi bizga tanish. Masalan: “serga” (sirg‘a), “baxcha” (bog‘cha), “arik” (ariq), “ochag” (o‘choq), “karaul” (qorovul), “arbuz” (tarvuz), “bazar” (bozor), “plov” (palov), “kamish” (qamish), “karavan” (karvon), “arkan” (arqon), “tuman” (tuman), “ambar” (ombor), “kapkan” (qopqon), “saray” (saroy), “baklajan”, (baqlajon), “karakul” (qorako‘l), “esaul” (yasovul), “eralash” (aralash), “berkut” (burgut) kabilarni aytish mumkin. Lekin rus tilidagi quyidagi so‘zlarning ham asli turkiy (o‘zbekcha) ekani hayratlanarli.

“Tovar” — tovar, mol-mulk, boylik, dunyo. Bu so‘z qadimgi turkiy tilda mavjud. Mahmud Koshg‘ariy ham bu so‘zni o‘zining mashhur “Devonu lug‘atit turk” kitobiga kiritgan va yuqoridagi ma’nolarda qayd etgan. Hatto bu so‘z izohiga maqol ham uchraydi: “Tamug‘ qapug‘in achar tavar” (Tovar hatto jahannamdan ham eshik ochadi). Keyinchalik eski o‘zbek tilida so‘zning qoramol, yilqi ma’nolari ham ortgan. Rus tiliga ko‘chgach, bu so‘zning ma’no ko‘lami kengaygan: mol-mulk, boylik, dunyo ma’nolaridan tashqari pul, yilqi, harbiy oboz (ot-arava), mustahkamlangan qarorgoh kabilarni ham anglatgan.

“Tovarish” — “tovar esh”, ya’ni “tovar o‘rtoq”, tovar-mol vositasida birga ish qiladigan sherik. Bu so‘z o‘zbek tilida o‘rtoq, oshna, jo‘ra, og‘ayni, sherik kabi ma’nolarga ega.

“Ayva” — behi. Qadimda turkiy tilda avya bo‘lgan. “Devonu lug‘atit turk”da shu shaklda keltirilgan. Tovushlar o‘rni almashgan, metateza hodisasi ro‘y bergan. Xuddi: yog‘mir — yomg‘ir, supra — surpa kabi.

“Kirpich” — g‘isht. Buni Koshg‘ariy o‘z asarida ko‘rsatgan: kerpich — kirpich, g‘isht. Bishig‘ kerpish — pishiq g‘isht. Xorazm shevalarida “karpich” deb hozir ham ishlatiladi. Adabiy tilimizdagi g‘isht — forsiycha. Navoiy hazratlari har ikkisini ham qo‘llagan:

Lab-balab ul may bila xumi sipehr,
Og‘zidag‘i kirpich anga xishti mehr.

(“Hayrat ul-abror)

“Shtani” — ishton. Ishton “ich to‘n”dan kelib chiqqan.

“Kibitka” — bu so‘z rus tilida soyabon arava; o‘tov; arava soyaboni; paxsa uy kabi ma’nolarni anglatadi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida “kebit” so‘zi uchraydi. “Devonu lug‘atit turk”da kebit — ichkilik do‘koni, mayxona deb izohlangan. Devonni nashrga tayyorlagan Solih Mutallibov “rus tilidagi “kibitka” so‘zi shu “kebit” so‘zidan bo‘lsa kerak”, deydi. Bu so‘zning asli turkiy ekanligi ko‘pgina rus turkologlari tomonidan e’tirof etilgan.

“Kaftan” — “qop to‘n”dan kelib chiqqan. Keng-mo‘l to‘n ma’nosida. Vamberi, Korsh, Dmitrev singari olimlar bu so‘zning turkiychadan o‘zlashganini yoqlaydilar. Rus lug‘atshunosi Dal “movutdan tikiladigan uzun etakli erkaklar ustki kiyimi” deb izohlagan. Navoiy asarlari uchun tuzilgan lug‘atlarda xafton (qapton) — ustdan kiyiladigan hashamli to‘n; sovut ostidan kiyiladigan to‘n deb ko‘rsatilganki, bu ham ularning fikriga dalil.

Rus yerlarida yuzlab yillar davom etgan mo‘g‘ullar hukmronligi, Oltin O‘rda davlatchiligi, Amir Temur saltanatining mo‘g‘ul xonliklari hududlariga ko‘chishi bo‘lg‘usi Rus davlatining iqtisodiy tuzumiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu tilda ham o‘z aksini topdi.

“Shashlik” — Markaziy Osiyo xalqlarining, avvalo, ko‘chmanchi aholining bu taomi shu nom bilan ruschaga o‘zlashgan. Odatda u qo‘y go‘shtidan metall yoki yog‘och shish — sixda pishirilgan. “Shashlik” kabob pishirishda ishlatiladigan temir ma’nosidagi shishso‘zidan kelib chiqqan. “Devonu lug‘atit turk”da sish shaklida qayd etilgan. Bu so‘z Lutfiyda shish, Navoiyda esa hozirgi kundagidek six shakllarida qo‘llangan:

Andoq so‘rung begimki, ne shish kuysa, ne kabob,
Ul g‘amzaning so‘ziyu, ko‘ngul sharhi holini.

(Lutfiy)

Bazmning asbobini qilg‘il nasaq,
Hozir etub sixu, kabobu tabaq.

(Navoiy)

Navoiy asarlari tilida “shish” so‘zidan “shishlamoq” fe’li yasalganini ko‘rishimiz mumkin:

Garchi ishq o‘tida ko‘nglumni o‘qungg‘a shishlading,
Garm bo‘lmakim, hanuz ne six kuymish, ne kabob.

(Navoiy)

Turk qardoshlarimizning mana bu maqoli yuqorida alloma shoirlarimiz mahorati bilan she’riy shaklga kirgan o‘zimizning o‘zbekona “Six ham kuymasin, kabob ham” maqoliga g‘oyat uyg‘un bo‘lishi bilan ushbu xalq donishmandligi namunasining ham, shish so‘zining ham turkiy xalqlar uchun qadimiy va xosligini ko‘rsatadi: “Hem shish yag‘lanmali, hem kebap pishmeli”.

Bugungi kunda tilimizda faol bo‘lgan “suzma”, “qaymoq”, “qatiq”, “qimiz”, “qurut”, “qatlama”, “qazi”, “yogurt” kabi so‘zlar “Devonu lug‘atit turk”da, tilimizning keyingi bosqichi bo‘lgan eski o‘zbek tilida, ayniqsa, Alisher Navoiy asarlarida deyarli o‘zgarmasdan uchraydi. Bular allaqachon rus tili lug‘at tarkibini boyitgan. Faqat yogurt sal boshqacharoq bo‘lgan.

“Yogurt” — Navoiyda jug‘rot shaklida uchraydi. Bu so‘z lug‘atda “qatiq” deb izohlangan. Buning misoli “Saddi Iskandariy”dan:

Ani uyga kelturdi tortib inon,
Ravon mohazar chekti jug‘rotu non.

Mazmuni: uni uyga keltirib, oldiga tayyor turgan jug‘rot va nonni qo‘ydi. Jug‘rot hozir boshqa turkiy tillarda, xususan, tatar tilida ishlatiladigan “yug‘urt” so‘zining Navoiy davridagi shakli. Bu so‘zning “yog‘rut” fonetik shakli “Qutadg‘u bilig”da ishlatilgan: qimiz, sut ya yun yag‘ ya yog‘rut qurut (qimiz, sut yoki jun, yog‘ yoki qatiq, qurut). Yogurt turkiy tillardan rus tiliga o‘zlashib, hozir shu shaklda faol qo‘llanmoqda. Hatto ingliz tiliga ham o‘tib ulgurgan.

O‘z so‘zlarimizni bilmasligimiz tufayli shunchalikka yetdikki, ba’zan bunday so‘zlarni boshqa tildan o‘tgan deb o‘ylay boshladik. Bir necha yil ilgari televizorda Navoiy viloyatining hayvonot olami haqida ko‘rsatuv bo‘lib qoldi. Bu o‘lkaning turli yovvoyi hayvonlari haqidagi hujjatli film asli ruscha tayyorlangan bo‘lib, o‘zbekchaga tarjima qilingan va suxandon shu matnni o‘zbekcha aytib bermoqda edi. Uning ovozi ostida dastlab yozilgan ruscha ovoz ham eshitilib turardi. Yirtqichlarga mansub cho‘l hayvoni — qoraquloqlar haqida so‘zlar ekan, rusiyzabon boshlovchi uni o‘z nomi bilan, faqat ruscha talaffuzda atay boshladi: “karakulaki”. Ruschada “q” tovushi bo‘lmaganidan shunday so‘zladi. Bizning tarjimonlarimiz qoraquloq aslida nima ekanini bilmaganidan uning ruscha ifodasini saqlab qolgani aniq. O‘zbek suxandoni ham uni ruschaga ergashib aynan ayta boshladi: “karakulaklar shuncha yil umr ko‘radi, karakulaklar falon-falon narsalar bilan oziqlanadi, karakulaklar mana bunday ov qiladi” va hokazo. Alisher Navoiy bobomizning so‘zlari yodga keladi:

Sen o‘zungni tonimas ermishsen,
O‘z so‘zungni tonimas ermishsen.

Muhammad Yusuf Chingiyning XIX asrda yaratilgan “Kelurnoma” lug‘atida “qoraqulag‘ — “stepnaya ris”, ya’ni cho‘l silovsini deb keltirilgan. O‘zbekiston milliy entsiklopediyasida bu hayvonga batafsil izoh berilgan: Qoraquloq, karakal — mushuklar urug‘iga mansub sut emizuvchi hayvon.

Bu o‘rinda ham kamchilik mavjud: qoraquloqning ikkinchi nomi sifatida qomusiy lug‘atda qayd etilgan karakal aslida qoraxoldir. Bu turkiy-o‘zbekcha so‘zimiz nafaqat ruschaga, balki boshqa yevropa tillariga ham o‘zlashgan. Masalan, nemislar bu hayvonni karakal deyishdi.

“Stakan” — rus tiliga turkiy tillardan o‘zlashib, bunday shamoyilga kirgan bu so‘z eski o‘zbek tilida: tustag‘on — qimiz va may ichadigan yog‘och idish; qozoq tilida: tostagan, tustagan — chog‘roq yog‘och kosa; qirg‘iz tilida: tostukan — kamyob chog‘roq yog‘och kosa kabi shakl va ma’nolarga ega bo‘lgan. Vladimir Dal uni dostakan — qadimgi idish turi deb ko‘rsatgan. Ye. N. Shipova o‘zining “Rus tilidagi turkizmlar lug‘ati”da Dal, Yudaxin, Radlov singari tilshunoslarga asoslanib bularni qayd etgan. Ushbu kitobga besh mingga yaqin turkiy so‘zlar kiritilgan.

Hazrat Navoiy turkiy xalqning bir qavmi bo‘lgan sodda, qo‘li ochiq, bag‘rikeng o‘zbekni suyib tasvir etgan o‘rinlar anchagina. Bulardan birida qozoq qardoshi kabi cho‘l farzandi sanalgan o‘zbekning qimizu tustag‘onini madh etgan:

Halol ona sutidekdur gar o‘zbakim tutsa
Tobuk qilib, yukunib tustag‘on ichida qimiz.

Rus tilidagi “balbes” — “bilmas”dan, “kazna” — “xazina” yoki “g‘azna”dan, “dengi” — “tanga”dan, “kuraga” esa “quruq meva”dan olingan. “Inju” tilimizga xitoychadan, “ziyon” esa arabchadan o‘zlashgan. Ular tilimiz orqali rus tiliga “jemchug” va “iz’yan” bo‘lib o‘tgan. “Kavardak” — “qovurdoq”. Asli qovurmoq fe’lidan kelib chiqqan bu so‘z bizda taomni bildirsa, ruslarda “yomon ovqat”, “tartibsizlik”, “xaos” ma’nolariga ega. “Kochevat”, “kochevnik” o‘zimizdagi “ko‘ch” so‘ziga borib taqaladi (ko‘chmoq fe’lidan).“Loshad” — “alacha ot”, “alasha ot”, ya’ni past bo‘yli ot; “kaban” — “qobon”, ya’ni yovvoyi cho‘chqa; “mishen” — “nishon”, “bogatir” — “bahodir”, “xozyain” — “xo‘jayin”. Bu juftlikdagi ruscha so‘zlar qanday kelib chiqqanini sezgandirsiz.

“Xozyain vzyal dengi iz kazni i poshyol na bazar”. Bu jumladagi oltita so‘zdan to‘rttasi turkiy o‘zlashma.

Xullas, g‘oyat boy va qadimiy bo‘lgan tilimiz (turkiy til) o‘z tarixi davomida rus, ukrain, ingliz, nemis, frantsuz, venger kabi yevropa tillari lug‘ati tarkibini boyitgan. Mutaxassislarning fikricha, rus tilidan boshqa yevropa tillarida turkiy tillardan so‘z o‘zlashish darajasi yuzga yetar-etmas miqdorda bo‘lsa, rus tilida bunday so‘zlar sanog‘i qariyb besh mingtani tashkil qiladi.

To‘lqin TOG‘AYEV,
filologiya fanlari nomzodi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: