To‘yga aytishmasa, hafa bo‘lmayman

2020 yil… Chiroyli raqamli yilni qancha orzu-niyatlarda kutib oldik. Boshlanishi yomon bo‘lmadi. Biroq Xitoyda boshlangan virusli kasallik sekin-asta barcha davlatlarga yoyila bordi. Bu kasallik qamrovidan mamlakatimiz ham benasib qolmadi. Gap Сovid 19 kasalligi haqida emas. Uning umuminsoniy yoki umumiqtisodga zarari haqida ham emas.

Karantin davridan biroz o‘tib, aholining turmush sharoiti yaxshilanishi maqsadida to‘y va ma’rakalarga, bozor va do‘konlar faoliyatiga ruxsat berildi. Ayniqsa, to‘ylar 30 kishi bilan o‘tkazilishi ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi. Odamlar uvol va dabdabaga asoslangan to‘ylardan yoshlarning baxtu iqbolini ko‘zlab o‘tkaziladigan ixcham to‘ylarni juda ko‘p targ‘ib qilishdi. Demak, ko‘pchilikka bu ish ma’qul bo‘lgan. Ammo doim ishbuzarlar chiqib turgan. Bir kunda o‘ttiz kishidan bo‘lib-bo‘lib mehmon chaqirganlar, atay qo‘ni-qo‘shninikiga mehmon joylab, xonadonida 30 kishilik dasturxon yozganlar to‘g‘risida ko‘p eshitdik. Afsuski, 30 kishilik to‘yga kelgan yuzdan ziyod odamning kasallikka chalingani haqidayam gap tarqaldi. Ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda so‘rovnomalar o‘tkazildi. Ayrimlar 30, 50, 100 kishilik to‘ylarga ovoz berishgan. Demak, to‘y qilaman, deb umrini mehnatga sovurish odamlarni bezdiribdi. To‘g‘ri, so‘rovnomalarda aholining ma’lum qismi ishtirok etadi va bu natijalar nisbiy bo‘lishi mumkin. Lekin ortiqcha orzu-havas ko‘pchilikka kerak emasligi ayon bo‘ldi.

Xullas, to‘yona bormi, to‘ylarda o‘tkazib qo‘yilgani bormi, bu gaplarni chetga suramiz va to‘yga aytilmasa, xafa bo‘lmaymiz. Men 30 kishilik to‘y qilgan qo‘shnilarim, do‘stlarim va qarindoshlarimdan xafa emasman. Meni aytmay to‘g‘ri qildingiz. Oilangizdagi quvonchga sherikman. Yoshlar uchun duodaman.

O‘rni kelganda shuni ham aytmoqchimanki, bu to‘ylar yoqmaganlar, karantin tugab, hammasi izga tushishini kutib, to‘yni ortga surayotganlar haqida ham eshityapmiz. Bir kuni ishga taksida ketayotsam, O‘zbekiston mehmonxonasining yonida besh-olti chiroyli mashina qator turibdi. Haydovchi avvaliga hayron bo‘ldi. Keyin Amir Temur xiyoboni bo‘ylab mashinalarni suratga olayotgan tasvirchi, suratchilarni ko‘rib, to‘y ekan, shu yerning o‘zida o‘ttiz chog‘li odam, bazmda qancha bo‘larkan, deb qo‘ydi. Demak, orzu-havas ortidan hech narsadan qaytmaydiganlar bor.

Pandemiya davri bizga ko‘p narsani o‘rgatdi. Xulosa chiqarish o‘zimizdan. Lekin hamon ko‘zi ochilmagan, farzandining baxtidan ko‘ra o‘zini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lganlar bor.

To‘g‘ri, ko‘pchilikning to‘yiga borganmiz. To‘g‘ri qarz-havola, to‘yona degan gaplar bor. Buni o‘zaro kelishib, hal qilish va ixcham to‘yga rozi bo‘lish lozim. Ixcham to‘ylar nafaqat kasallik tarqalishini boshqa ko‘pgina jihatlarni ham iziga tushishiga omil bo‘ladi.

Uyimiz kattagina to‘yxona yonida joylashgan. Bu to‘yxonada kazo-kazo to‘ylar o‘tkazilardi. Keyin orqa eshikdan yirik idishlarning besh-oltitasida oziq-ovqatlar isrof bo‘lib, qayergadir olib ketilardi. Dastlab bu holga achinib qarardim. Keyinchalik o‘rganib ketdim. Ba’zida osh va boshqa marosimdan keyin katta-katta aravalar chiqindi olib ketayotganda shu mahsulotlar qancha muhtoj oilalarni to‘ydirishi haqida o‘ylar va qiynalardim.

Yaqinda qo‘shnim qiz uzatdi. Uch-to‘rt ayol qizni olib kuyovnikiga ketishdi. Ortidan duo qildim. Uch-to‘rt kun o‘tib qo‘shnimni ko‘rib hol so‘radim. “Alloh mushkulimni oson qildi. Qudam osh bermaganimizga yarasha kelin salom, qovurdoq talab qilsa kerak, deb xavotirda edim. Aksincha, sizga ham, bizga ham oson bo‘lsin, deyishdi”. Qani edi hamma shunday tushungan bo‘lsa. Karantin qoidalariga qat’iy amal qilingan kunlarda ham tugun-tersak qilib yurgan ayollarni ko‘rib, odamlar qachon ortiqsa orzu-havasdan voz kechar ekan, deb o‘ylardim.

Xalq hamisha yaxshi ishlarga bosh qo‘shgan, tashabbuslarga ergashgan. Hali oldinda omon-omon kunlar umidi bor. Yaxshi kunlarga barchamizni salomatlikda yetkazsin. Lekin pandemiya davrida saboq bo‘lgan ko‘p yaxshi tomonlardan voz kechmasak nur ustiga nur bo‘lar edi.

Manzura ShAMS

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: