Tramp shuncha tanqidga chidadi, ammo bizning vazir…

Xabaringiz bor, sobiq deputat Qobul Do‘sov va Xalq ta’limi vazirligi o‘rtasidagi sud jarayoni davom etmoqda. Vazirlik vakillari Qobul Do‘sovning ijtimoiy tarmoqlar orqali vazirlikni “xoin”lar degani, tizim korruptsiyaga botgani haqida va o‘qituvchilarning muammolarini aytib chiqqani yuzasidan raddiya talab qilmoqda.

Aslida xalq ta’limi tizimida muammolar ko‘pligini hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin, vazirlik bu gap-so‘zlarni “ko‘tara olmayapti”. Shu o‘rinda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov AQShda tahsil olganini eslasak, Amerikada “xiyonat” so‘zi haqoratga kirish-kirmasligini yaxshi bilsalar kerak. Qolaversa, prezident Donald Trampni amerikaliklar OAV orqali va ommaviy uchrashuvlarda ko‘p bor «xoin»likda ayblagan, hatto turli laqablar to‘qigan bo‘lsa ham, Tramp og‘a hech kimni sudga bermadi! Nima uchun endi deyarli barcha masalalarda AQShdan andoza olayotgan vazir fikr va so‘z erkinligi borasida ham shunday yondashuv qilmayapti?

Tan olish kerak, 2018 yil 20 iyunda vazir etib tayinlangan Sherzod Shermatov sohada o‘ziga xos o‘zgarishlar, yangiliklar qildi. Lekin, tizimda korruptsiya hamon kamaymayotgani, yig‘di-yig‘dilar barham topmayotgani ham bor gap.

Masalan, turniket degan matohni o‘rnatamiz deb 30-40 mingdan pul yig‘ib, o‘sha matohni o‘rnatib, bir oy o‘tmay ta’mirga olib ketilganiga nima deysiz? Eng qizig‘i, o‘sha turniketlar qaytib kelmadi, ba’zi joylarda esa o‘rnatilmadi ham.

Yoki yaqindagina o‘tkazilgan o‘qituvchilarning attestatsiyasini oladigan bo‘lsak, u ham shubhasiz korruptsiyajon-u, “Franklin amaki”siz o‘tmadi. Bularning isbotini esa o‘qituvchilarning o‘zlaridan eshiting:

Muzaffar Ismoilov, o‘qituvchi:

Attestatsiya o‘qituvchilar oyligini pasaytirishning madaniy usuli. Savollar atayin murakkablashtirilgan, berilgan vaqt juda oz. Xonaga kirishda ustozlar uchun yaxshigina “haqorat” ham tayyor turibdi. Milliy gvardiya nazoratidan o‘tish kerak. Qo‘li bilan tekshirib, yana apparatini ham ishga soladi. To‘lov qog‘ozi degani ham bor, uni ko‘rsatmasangiz ro‘yxatda borligingiz hisobga o‘tmaydi. O‘qituvchi abituriyent singari bo‘lib qoldi. Ustozga hurmat shumi? Menimcha, attestatsiya XTB xodimlari ishtirokida maktabda o‘tkazilishi kerak. Maktab rahbariyati, ota-onalar tavsiyasi ham inobatga olinib, test attestatsiyaning 20 foizini egallashi darkor.

Dilfuza G‘aznayeva:

Men aynan Do‘sov aytgan Qamashidagi eng qaloq, achinarli maktabda o‘qiganman. O‘quvchiligimda Dilbar G‘ulomovaning “Yosh kuch” jurnalida e’lon qilingan “Hamma yaxshi narsa bolalarga” nomli maqolasini o‘qib, maktabimizning ahvoli haqida maqolaga javob xati yozganman. Jurnalda “Qashqadaryoda nega shikoyat ko‘p” sarlavhasi ostida mening shikoyatim ham yoritilgan. Lekin, ahvol hamon o‘sha-o‘sha. Aslida Do‘sov ta’riflayotgan maktablar har bir viloyatda, tumanda topiladi. Shunday ekan, Qobul Do‘sov bizga o‘z vaqtida ko‘zgu tutqazmadimikin?

Endi esa e’tiboringizga Qobul Do‘sov bilan qilgan kichik suhbatimni havola qilmoqchiman…

Assalomu alaykum, Qobul aka! Ayting-chi, sizni ijtimoiy tarmoqlarda keskin chiqishlar qilishga nima majbur qildi?

Bunga albattaki, respublikadagi ko‘plab o‘qituvchilarning noroziliklari va menga yo‘llagan murojaatlari sabab bo‘ldi. Maktablardagi og‘ir sharoitlar, korruptsiyaga holatlari sabab gapirishga majbur bo‘ldim. Ikkinchidan esa shu yurtda yashayotgan hech bir bolaga bee’tibor bo‘la olmayman.

Sizning “Korruptsiyaga botgan attestatsiya tizimi bor, biz buni isloh qilmadik. 40 yildan buyon attestatsiyani bir xil odamlar o‘tkazadi yoki keladi soqqasini oladi ketadi, o‘qituvchilarimizni qiynaganimiz qiynagan” degan so‘zingiz uchun raddiya talab qilishmoqda. Siz hali ham o‘z pozitsiyangizda turibsizmi?

— Albatta. Yuqoridagi so‘zlar garchi hissiyotga berilib aytilgandek ko‘rinsa-da, bu haqiqat. Xalq ta’limi vazirligi mendan “Yurtimizdagi barcha maktablar yaxshi, xalq ta’limida korruptsiya yo‘q, men adashibman” degan raddiyamni talab qilib sudga bergan. Ba’zi sifatsiz darsliklar haqida so‘z yuritib buni xiyonat deb ataganimni mutlaqo noto‘g‘ri tushunishgan. Ular “Xiyonat”, ”Xoin” so‘zlarini vatanga nisbatan olishibdi, vaholanki, xiyonatni shaxsga, insonga, ta’limga nisbatan ham qo‘llashimiz mumkin. Men chiqishlarimda Sherzod Shermatovni emas, tizimni tanqid qilganman. Vazirning olib borayotgan islohotlarga ham ko‘z yumganim yo‘q. Lekin, yutuqlarga butun umr qarsak chalish bilan ish bitmaydi- ku?!

Attestatsiya tizimi haqidagi fikrlaringiz bilan ham o‘rtoqlashsangiz.

Attestatsiya tizimida mantiqsizlik bor. Masalan, menga murojaat qilgan o‘qituvchilardan birining yozishicha, unga attestatsiyada “Toshkent shahrining qaysi tumanida, _ maktabda smart xona bor?” degan savol tushgan. O‘sha smart xonasi bor maktabning raqamini bilishdan o‘qituvchiga qanday foyda borki, ertaga maktabga borib o‘quvchisiga o‘rgatsa?! Bunday mantiqsiz savollarga chek qo‘yish uchun sog‘lom, milliy dastur tuzish va o‘qituvchilarning bilimini onlayn, elektron tarzda imtihondan o‘tkazish lozim.

So‘ngi so‘z o‘rnida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?

Aslida demokratik davlatda bir so‘zni deb shov-shuv ko‘tarish shartmas. Mayli, bir tomondan yaxshi ham bo‘ldi. Mening misolimda bu muammolar “portladi”. Afsuski, vazirlik ularni hal qilishga ko‘proq vaqt sarflamay, muammoni aytgan odam bilan mashg‘ul bo‘lyapti. Kuni kecha sudda guvohlik bergan Sh.T. “qizni quda xolaga maqtagandek” og‘zi ko‘pirib ta’lim tizimini maqtadi va sohadagi yangi islohatlarga endi 3 yil bo‘lganini, tizim hali nihol ekanini, biz esa niholdan meva so‘rayotganimizni aytdi. Men esa ta’lim tizimini shunday isloh qilaylikki, 3 yilda emas 3 oyda meva bersin, degim keladi!

P.S. Ushbu materialni chop etish yoki etmaslik haqida ko‘p o‘yladik: avvalo, sud jarayoni davom etayotgan bo‘lsa, qolaversa, material ko‘proq Q.Do‘sov tomoniga tortib ketayotgandek bo‘lsa. Oxiri shunday xulosaga keldikki, fikr erkinligini cheklamaymiz, balki tomonlarga teng imkon beramiz. Marhamat, XTV yoki ularni yoqlovchi fikrlar bo‘lsa yuboring, albatta, e’lon qilamiz. Materialda bildirilgan fikrlar esa sud ishiga aslo bosim o‘tkazmaydi, zero, bu fikrlar sud majlisida ham aytilgan va ish bayonnomasida aks etgan.

Azizbek ABDUMALIKOV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: