Transport vazirligi diqqatiga!

Poytaxt jamoat transporti:

maqsad yo‘lovchilardan ko‘proq pul undirishmi?

Shu paytgacha odamlar orasida “O‘tirgan joyida havodan pul topadi”, deyilganda, mobil aloqa xizmati ko‘rsatuvchi kompaniyalar nazarda tutilardi. Mantiqan olib qaralganda, bu bejiz emas: abonentlarning bog‘lanishi simsiz, ya’ni havo orqali bo‘ladi va taqdim etiladigan tariflar (eng arzon narxdagisi ham) eniga qo‘shib, bo‘yidan urish, har qanday vaziyatda uyali aloqa kompaniyasi manfaatini ko‘zlashga asoslanardi.

 Yaqinda iste’molchilarni, ta’bir joiz bo‘lsa, hatto “emagan somsasi”ga pul to‘lashga majbur qiladigan tashkilotlar va kompaniyalar safiga jamoat transporti ham qo‘shilsa ajab emas.

Toshkent shahar transport boshqarmasi bosh mutaxassisi Ahrorxo‘ja Toshxo‘jayev yaqinda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar qancha ko‘p bekat yursa, shuncha ko‘p haq to‘lanishi faqat metropoliten bekatlariga emas, balki avtobus va yo‘nalishli taksilar uchun ham joriy etiladi. “Yurgan masofaga qarab to‘lovni amalga oshirish” bir qarashda adolatli bo‘lib tuyulsa-da, maqsad jamoat transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilarning manfaatini ta’minlash emas, ulardan ko‘proq pul undirishga qaratilgan.

Shu o‘rinda, avvalo, “jamoat transporti” degan tushunchaga aniqlik kiritib olsak. O‘z nomidan kelib chiqib bu transport vositalari o‘ta muhim ijtimoiy vazifani — yo‘lovchilarning uzluksiz harakatlanishini ta’minlaydi. Haqli ravishda jamiyatning “qon tomiri”ga qiyoslanadi. Shu nuqtai nazaridan jamoat transportidan foyda olishni ko‘zlash adolatdan emas. Yo‘lovchilarni tashishdan ko‘rilgan zarar byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanishi maqsadga muvofiq.

Bu borada xorijiy mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratsak, Yevropaning bir nechta shaharlarida jamoat transportining ayrim turlaridan yo‘lovchilar bepul foydalanadi. London, Parij va Berlin shahridagi ba’zi hududlarida shaxsiy avtomobillar, yuk tashuvchi mashinalar uchun cheklovlar joriy etilishi, yo‘llar pulli qilib qo‘yilishi tirbandliklarning oldini oladi va jamoat transporti harakatlanishi uchun qulaylik tug‘diradi.

Ma’lumki, 2020 yil fevral oyi oxiridan Lyuksemburgda jamoat transporti bepul bo‘ldi. Bu butun mamlakat bo‘ylab jamoat transporti vositalariga joriy etildi. Odatda, bunday choralar alohida shaharlar ichida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, ko‘pincha yo‘lovchilarni tashish ma’lum transport turlarida (masalan, avtobuslarda) bepul bo‘ladi.

Estoniya poytaxti — Tallin shahrida ham yo‘lovchilar jamoat transportidan bepul foydalanadi. Frantsiyada esa bunday tizim yigirmaga yaqin shaharda yo‘lga qo‘yilgan. Ulardan eng yirigi — Dyunkerk shahri aholisi 257 ming atrofida bo‘lib, 2018 yildan avtobuslar shahar aholisi uchun bepul. Natijada ish kunlarida jamoat transportida yo‘lovchilarni tashish 60 foizga, dam olish kunlarida esa 100 foizga ortgan. O‘tkazilgan so‘rovnomada jamoat transportidan foydalanuvchi respondentlarning 48 foizi shaxsiy avtomobillarini uyida qoldirganini, yana 5 foizi esa sotib yuborganini ma’lum qilgan.

Germaniya, AQSh, Singapur, Yaponiya, Avstraliya kabi mamlakatlarda ham jamoat transportidan bepul foydalanish bo‘yicha eksperimentlar o‘tkazilgan. Ayni paytda dunyoda jami 107 ta bepul jamoat transporti tarmog‘i mavjud bo‘lib, ulardan 67 tasi Yevropada joylashgan.

Albatta, jamoat transportini butunlay bepul qilib qo‘yish ham muammoni keltirib chiqaradi. Agar ekspluatatsiya, amortizatsiya, haydovchilarning ish haqi va boshqa xarajatlar to‘liq shahar byudjetiga yuklansa, bu soliq to‘lovchilarning yelkasiga kelib tushadi.

Shuning uchun aksariyat mamlakatlarda jamoat transportidan ko‘rilgan zarar yo‘lkira narxlarining oshirilishi evaziga emas,  shahar hokimiyati yoki yirik kompaniyalar,  byudjet yoki davlatga soliq tushumlari hisobidan qoplanadi.

Yana bir mulohaza. Biz Toshkent shahridagi chorrahalarda avtomobillar tirbandligi yuzaga kelayotganidan ko‘p yozg‘iramiz. Buni bartaraf etish uchun qanchadan-qancha yo‘l o‘tkazmalari, ya’ni ko‘priklar qurildi. Lekin shahrimizda shaxsiy avtomobillar soni kun sayin ko‘payib borayotgani uchun muammoni hal etib bo‘lmayapti. Jamoat transportining tez harakatlanishi ta’minlanib, yo‘lkira narxlari arzonlashtirilsa, shaxsiy avtomobillar qatnovi keskin kamayadi. Bu ekologik muvozanat saqlanishida ham qo‘l keladi.

Bugun “yurgan masofaga qarab to‘lovni amalga oshirish”ni yoqlayotgan mutasaddilar jamoat transportida yurmaydi, xizmat avtomobillaridan foydalanadi. Shunday ekan, oddiy yo‘lovchilar manfaatini himoya qilishiga ishonish qiyin. Ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, bu tizimda biror o‘zgarishni amaliyotga joriy etishdan oldin jamoatchilik fikri o‘rganilib, keyin bir qarorga kelinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Quvondiq MUHAMMADOV

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: