“Turnalar” qo‘shig‘i tarixi

Dog’istonlik mashhur shoir Rasul Hamzatov (1923-2003) ning “Juravli” — “Turnalar” she’riga Yan Frenkel` kuy bastalab, Mark Bernes ijro etgan qo’shiq har qanday odamning ko’nglini eritib, ko’ziga yosh qalqitadi. Eshituvchining ko’z o’ngida Ikkinchi jahon urushi qurbonlari gavdalanadi…

1963 yili Rasul Hamzatov Shimoliy Osetiyaga borganda Gazdanovlar oilasi xotirasiga o’rnatilgan, osmonga parvoz etayotgan yetti turnaga tikilib turgan motamsaro ona haykalidan qattiq ta’sirlanadi va “Turnalar” she’rini yozadi.

Gazdanovlar oilasida yetti o’g’il bo’lib, bari II jahon urushiga ketadi. Biri 1941 yil Moskva ostonasida, ikki nafari 1942 yil Sevas­topol` shahri mudofaasida qurbon bo’ladi. Uchinchi “qoraxat”ni o’qigan ona mash’um xabarga chiday olmay, vafot etadi. Gazdanovlarning yana uch navqiron o’g’li Novorossiysk, Kiev, Belorussiyadagi jang maydonlarida halok bo’ladi. Oxirgi, yettinchi o’g’li ham urushning so’nggi kunlari Berlinni ishg’ol qilishda qurbon bo’lgani haqidagi “qoraxat”ni qishloq pochtachisi xonadonga olib borishdan bosh tortadi. Oqsoqollar xatni olib, Gazdanovning uyi sari ohista yo’l olishadi. O’g’illaridan ajralib, yagona nabirasi bilan qolgan bechora ota ko’chadagi o’rindiqda o’tirarkan, ko’zi mahzun oqsoqollar qo’lidagi “qoraxat”ga tushishi bilan voqeani tushunadi va yuragi dosh berolmay, yerga qulaydi…

1969 yili sharqshunos Naum Grebnyov Rasul Hamzatovning ushbu she’rini avar tilidan ruschaga tarjima qiladi. She’rni o’qigan, o’pka saratoniga uchragan mashhur qo’shiqchi Mark Bernes kompozitor Yan Frenkeldan bir kuy bastalashni so’raydi. Tez-tez Frenkelga qo’ng’iroq qilib, musiqa haqida so’rab turadi. Axiyri, bastakor ilhomi kelib, “Juravli” qo’shig’ini yozadi. Tobora ahvoli og’irlashayotgan Mark Bernes ovoz yozish studiyasiga amallab yetib keladi. O’zi orzu qilgan, hayotidagi oxirgi qo’shiqni bir urinishda aytib, yozdirib ulguradi. Ovozi faqat bir marta kuylashgagina yetadi… Oradan bir oy o’tmay, xonanda vafot etadi. Bernesning vasiyatiga ko’ra, dafn marosimida magnitofonda “Juravli” qo’shig’i qo’yiladi. 20 yildan so’ng Yan Frenkelham vafot etganda, uning ham vasiyatiga binoan Moskvadagi Novodeviche qabristonida “Juravli” qo’shig’i sadosi ostida dafn qilinadi…

Urushda farzandlaridan ajragan o’zbek xonadonlari ham bu qo’shiqni o’z vidosi sifatida sevib tinglashadi. O’zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Mark Bernes turnalar haqida kuylar” she’ri insonlarni ogoh etish, mahzun qo’shiqning ma’nosini uqishga chorlaydi.

Taniqli shoir Minhojiddin Mirzo Rasul Hamzatovning shu she’rini o’zbek tiliga o’girgan va Dog’istonda o’tgan XXXII Xalqaro “Oq turnalar kuni” festivalida o’qib berib, yuksak e’tirofga sazovor bo’lgan.

Turnalar

Shundayin tuyular, ba’zan askarlar
Qonli jangdan qaytmay, jon nisor etgan.
Qachonlardir yerga ko’milmay ular
Oppoq turnalarga aylanib ketgan.
Uchib o’sha olis vaqtlardan buyon,
Ular shu kngacha chorlaydi balkim.
Shundan bo’lsa kerak ko’kka boqqan on,
Ma’yus o’ylar ichra qolmog’imiz jim?
Bugun ham kuzatdim oqshomgacha lol,
Tumanlar azmida qilganday nido.
Daladagi saf-saf odamlar misol
Uchib o’tdi qator dilimda vido.
Olislarni ko’zlab borarkan, yolg’iz –
Kimning ismin aytib chorlar yo’liga?
Turnalar qur-quri falakda bejiz,
O’xshashi shundanmi avar tiliga?
Uchishar, uchishar horishib juda,
Kun botar, tumanni yorib misli yoy.
Bir kichik bo’shliq bor ular safida,
Men-chun atalgandir balki o’sha joy!
Qachondir payt kelar, tumanda, ayon,
Turnalar safida ketgum u kunda.
Zamindagi barcha do’stlarim shoyon
Qush tilida ko’kda chorlagum shunda.

Begijon Ahmedov

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: