TUTANTIRIQ

Men Zulfiya Isroilovadan oldin adabiyot bo‘yicha “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibalarini taniganman.

Sababi Zulfiyaxonim har yili bir martda eslansa, uning nomidagi mukofot sohibalari yil o‘n ikki oy e’tibor markazida bo‘lishadi. Ayniqsa, so‘nggi besh yillikda mukofotga intilish yosh qizlar orasida avj oldi. Restoran taomnomasini ochsang ham “Zulfiya”ga nomzodlarning she’ri chiqib kelyapti…

1965 yilning iyunida jaziramadanda haroratli she’r tug‘iladi. So‘lim Vodil bag‘rida Zulfiyaxonim “O‘ylar”ini qog‘ozga tushiradi. Mana bu satrlarga qarang-a:

…Igna bilan men qazib quduq,
O‘sha chashma ko‘zin ochaman.
Kor qilmasa qalbimdagi o‘t,
Sochim yoqib uchqun sochaman…

Sochning yonishi nima degan gap? Uchqun sochishga ulgurmay kulga aylanadi. Lekin shoira ayollik ko‘rki bo‘lgan ana shu sochnida yoqmoqqa tayyor. Bu shunchaki yo‘liga yozilgan satr emas.

E’tibor Oxunova. Aslida bu nom aytilganda qalamkash qizlarning ko‘zida shiddat uchquni sachrashi kerak edi. Ishonamanki, bugungi kunda bunday uchqunlar ni yig‘sangiz, shamni yondirolmaydi. Vaqt topib E’tibor Oxunova ijodiga qiziqsa, ularning quyidagi satrdan keyin xalq yangi she’r kutayotganini, ijodkor yelkasida ulug‘ mas’uliyat turganini anglardi:

Hayot shirin, hayot go‘zal,
Umr mangu bo‘lsa qani?
Hatto kiprik qoqmay tunlar
Yozsang, kutar yurt chamani.

Ikki shoiraning ijodidan parchalar o‘qidik. Ikkalasida ham Vatan yoki O‘zbekiston so‘zi yo‘q. O‘qish davomida qalbingizga beixtiyor singib boradi vatanparvarlik.

Tarixdan kelishimning sababi shuki, bugungi ayni mavzudagi she’rlar ensamni qotiradi. Ayniqsa, ayrim davlat mukofoti sohibalarining balandparvoz satrlari. To‘g‘ri, xalq qalbida yurtga sadoqat, islohotlarga xayrihohlik kayfiyatini shakllantirishda yoshlar ham xizmat qilishi kerak. Qalovini topsang qor ham yonadi, ammo bunday she’rlarni havoyilik va ta’magirlik bilan zaharlash kerk emas.

Bilganim shuki, satrlarda hayot bor. Hayotning sodda, ammo jonli tasviri bor. Qani hozir shunday ishonch barq urib turgan satrlar? Haligacha ularning bironta she’ri meni Vatanni qattiqroq sevib qolishimga sabab bo‘lmadi, biron satr ta’sirida Yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lmadim. Vaholanki, bugun imkon keng, yaratish avjida…

Biz esa hali ham o‘rta asr saroy shoirlariday qulluq qilib, in’om kutyapmiz. Mukofotga sohiblik, bu hali loyiqlik degani emas. Odamlar mukofot sohiblarini ijodi bilan emas, ko‘krak nishoni bilan tanib olyapti. Yozganlari tandirga tutantiriq bo‘lmay o‘tib ketayotgan shoiralarimiz bor. Shu o‘ylar xayolimdan kecharkan, so‘zimni iste’dodli shoira Kumush Abdusalomovaning she’ri bilan yakunlashni lozim topdim.

Qaylardasiz?
Bo‘ldi, yetar maqtovlar!

Olqishla, deb olavermang qistovga.
Shuncha ko‘z-ko‘z qilganimiz yetadi,
Ko‘z-quloq bo‘laylik O‘zbekistonga!

Otabek BAKIROV.
Angren shahri

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: