«Ulovidan tushovi» qimmatga tushayotgan «tonirovka»

Tonirovka Kaliforniya shtatida yo‘lovchilarni issiqdan asrash, “konditsioner”ni kamroq ishlatib, yonilg‘ini tejash va havoni ifloslantirmaslik maqsadida joriy qilingan ekan. Menimcha, O‘zbekistonning issig‘i ham Kaliforniyanikidan kam emas.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi direktori, professor Ulug‘bek Sobirovga issiqning organizmga zarari masalasida “Deputat so‘rovi” jo‘natildi. Yaqinda javob keldi:

“Quyoshdan kelayotgan ultrabinafsha nuridan inson organizmi turli kasallikka chalinishi mumkin. Fotodermatoz, teridagi toshmalar, qizil yuguruk, teri saratoni, sepkillar shular jumlasidan. Bundan tashqari, somatik xastaliklar bilan og‘rigan bemorlar qabul qilayotgan bir qator dorilari quyosh nuri ta’sirida teriga nojo‘ya ta’sir (fototoksik) qilishi isbotlangan. Albatta, quyoshdan himoyalanish usullari ko‘p. Tonirovka ham shulardan biridir. Mutaxassis sifatida avtomobil oynalarini qoraytirish tibbiyot nuqtai nazaridan qulay deb hisoblayman”.

O‘zbekistonda 4 milliondan ko‘p avtomobil bor va ulardan chiqayotgan zaharli gaz miqdori tobora ko‘paymoqda. Dunyoda havoga chiqarilayotgan zaharli gazning 40 foizi transportlarga to‘g‘ri keladi. Toshkentda bu ko‘rsatkich 90, O‘zbekistonda esa 60 foizga yetadi va bu dunyo standartidan 3 barobar ko‘p ekan.

Bugun dunyo aholisining 95 foizi toza havodan nafas olmayapti. Har yili 4-5 million kishi aynan havoning ifloslanishidan nobud bo‘lyapti. O‘zbekistonda ham nafas olish tizimi, yurak-qon tomir va allergik xastaliklar, immunitetning pasayishi bilan og‘riganlar soni oshib boryapti. O‘lim bilan yakunlangan holatlar ham ko‘p. Byudjetdan sog‘liqni saqlash uchun ajratilayotgan mablag‘ bugun trillionlar bilan o‘lchanmoqda (2019 yilning 9 oyida sog‘liqni saqlash uchun 10,6 trln so‘m ajratilgan).

Tonirovka qimmat bo‘lgani uchun undan juda kam sonli shaxslar foydalanyapti. 2019 yilda bundaylar soni jami avtomobil egalarining atigi 0,1 foizini ham tashkil qilmagan. O‘zbekcha qilib aytganda, nazarimda tonirovkaning ulovidan tushovi qimmatga tushayotgandek. Mayli, pul ham topilar. Lekin bevaqt yo‘qotilgan insonlar sog‘ligini trillionlar bilan o‘lchab bo‘larmikan?

Yaqinda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga jamoatchilik talabi va xorijiy tajribadan kelib chiqib, mamlakatimizda avtomobil oynalari tusini o‘zgartirish uchun belgilangan to‘lovlarni bekor qilish bo‘yicha taklif xatini jo‘natdi. Shuningdek, bu masalani fraktsiya yig‘ilishlarida qayta-qayta ko‘tarish belgilangan. Ajab emas, yaqin kunlarda tonirovka masalasida yangilik eshitib qolsak.

Jahongir Ziyayev,
O‘zMTDP a’zosi

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: