Uyg‘oning, janob mudir!

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Shahrixon tumani, Dorilamon mahallasida joylashgan 56-umumta’lim maktabidagi achinarli holat kishini o‘ylantiradi. Yurtboshimiz tomonidan ta’lim tizimiga katta e’tibor qaratilayotgan, islohotlarning bosh negizida yoshlarni o‘qib-izlanishlari hamda kelajak uchun munosib vorislar bo‘lib ulg‘ayishlari turgan bir paytda bunga ishonging kelmaydi. Yo Shahrixonda hayot boshqachami?

Turli fikrlar, turlicha qarashlar – kimdir bu noto‘g‘ri ma’lumot, yana kimdir bo‘lishi mumkin emas, degan fikrda. O‘sha “bo‘rttirilgan voqea”ga oydinlik kiritish maqsadida partiya faollari mazkur maktabda bo‘ldik.

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - IMG_7195_1.JPG

Tanqid sabab hashar tashkil etilgan chamasi, devorlar buzilib, atrof tozalanyapti. Yo‘laklarga shag‘al yotqizilmoqda. Har holda loygarchilikda yurish imkoni yaratilyapti. O‘quvchilar shunga ham xursand. Biroq mana shu oddiy ishlar qachonki jar solingach amalga oshirilayotganiga nima deysiz?

Ta’lim muassasasi rahbarlari bizni xushlamay qarshi oldilar. Istar-istamas 1976 yilda qurilgan va 2007 yilda kapital ta’mirlangan binoga boshlashdi. Qarovsizlik, yo‘laklarning ta’mirtalabligini ko‘rib achinasan kishi. Bu bir qadar tartibga keltirilgan holat emish. 240 o‘rinli maktabda ayni vaqtda 556 o‘quvchi ta’lim olayotgani muammoning asosiy ildizi.

8 ta o‘quv xonadan iborat binoda na sport zali, na kutubxona va na oshxona mavjud. Sport maydonchasi, deya ko‘rsatilgan joyda bolalarni sport bilan shug‘ullanishlariga ishonish qiyin. Barcha tadbirlar har bir sinfning o‘zida tor doirada o‘tkaziladi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas-da. Xonalar yetishmasligidan ayrim sinflarda 3 smenada darslar yo‘lga qo‘yilgan.

Это изображение имеет пустой атрибут alt; его имя файла - IMG_7059.JPG

-Bu xolat ota-onalarni ham ko‘p yillardan buyon qiynab kelmoqda, -deydi maktab direktori Nosirjon Ma’ripov, -Tuman hokimiga bir necha bor murojaat qilinsada natija yo‘q. Buning jazosini o‘quvchilar tortishyapti. Axir bolalarimizning o‘tayotgan bugungi kunlari, yo‘qotilayotgan vaqtlari qaytib kelmaydi-ku.

Direktorning izlanuvchanligi, o‘z kasbiga bo‘lgan mehri ko‘rinib turibdi. Qiyinchiliklarga qaramay jamoa hamjihat, astoydil ishlayapti. Rahbar sifatida bolalarga yetarli sharoit qilolmagani, murojaat qilgan joylaridan ijobiy javob ololmaganidan xijolatda. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A.Mirkomilov 2022 yilda dastur asosida yangi maktab qurilishi rejalashtirilayotganini aytganidan xursand. Bu hali reja.

Birgina quvonarli ma’lumot: 2019-2020 o‘quv yilida mazkur maktabni tamomlagan 40 nafar yigit-qizning 13 nafari hozirda oliy ta’lim muassasasi talabasi. Bo‘ladigan bola uchun joyning ahamiyati muhim emasligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Sabr kosasi to‘lgan ota-onalarni omon-omon zamonda bolalarimiz nega zamonaviy, o‘quv jihozlarga ega yorug‘ va keng xonalarda o‘qishmaydi? Boshqa bolalardan kam joyi yo‘q farzandlarimizning, ular ham O‘zbekiston farzandlari-ku, degan e’tirozlari o‘rinli.

-Maktabimizda sharoit yo‘qligidan darsdan so‘ng pulli klublarga borib sport bilan shug‘ullanamiz, -deydi 10-sinf o‘quvchisi Sherzod Berkinboyev. – Ochig‘i, boshqa maktablardagi tengdoshlarimizga havasimiz keladi. Jismoniy tarbiya darslarini asosan xonada o‘tyapmiz. Sport maydoniga chiqish uchun yog‘ingarchiliksiz kunlarni kutishga majburmiz.

Kun mavzusidagi bino tomon yurdik. 1995 yilda xashar yo‘li bilan qurilgan 4 ta sinf xonadan iborat bu maktab binosidan qanday foydalanilmoqda ekan? Shov-shuvlarga sabab bo‘lganicha bor. Ta’mirtalab doska va partalar “yig‘layapti”, stullar bolalarni “yiqitmay” ushlab turganiga qoyil…

Shu joyda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Rustamjon Matboboyevga yuzlandik. Uning holatni ko‘ra-bila turib dimog‘dorligi har qanday odamning ensasini qotiradi. Go‘yo hammasi ko‘ngildagidek.

-Bundan ham og‘ir ahvoldagi maktablar bor,-deya gap boshladi u. Harakat qilyapmiz. Shu yilning o‘zida 2 ta yangi maktab quriladi, 5 tasi kapital ta’mirlanadi. Navbati bilan bo‘ladi…

Qiziq. Yanada og‘ir holatdagi maktablar bo‘lsa. Biroq soha rahbari bundan sira bezovta emas. Axir farzandlarimiz bu holda qanday qilib yetarli bilim oladi? Eh, qachon uyg‘onasiz, janob mudir?

Maloxatxon MUSAYEVA,
O‘zbekiston “Adolat” SDP Andijon viloyat
kengashi raisi o‘rinbosari

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: