“UzAutoMotors”ning «ishchanlik obro‘siga» putur yetganmish…

“UzAutoMotors” AJ O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob komissiyasiga deputat Rasul Kusherbayev ustidan shikoyat xati yuboribdi. Shikoyatda iddao etilishicha, Kusherbayev kompaniya va uning faoliyati haqida asossiz fikrlar bildirish orqali “UzAutoMotors”ning «ishchanlik obro‘siga» putur yetkazganmish (yo‘q obro‘ga qanday putur yetkazish mumkin hayronman).

Kecha O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy fraktsiyasi yig‘ilishida ushbu shikoyat xati ko‘rib chiqildi. Unda fraktsiyaning barcha deputatlari bir ovozdan Kusherbayevni qo‘llab-quvvatlashdi. Zero, “UzAutoMotors” AJ haqida Kusherbayevning bildirilgan fikrlari qanchalik haqiqatga yaqinligini unga bulgan xalqning munosabati ko‘rsatib turibdi.

“UzAutoMotors” AJ esa yillar davomida davlatning o‘nlab trillion so‘mlik imtiyoz va prefentsiyalaridan foydalangani, iste’molchilar huquqlarini doimiy kamsitib kelgani yetmaganidek, endi unga nisbatan xalqning, deputatlarning, jamoatchilikning tanqidlarini rad etib, o‘zi tushib olgan ko‘lmakdan chiqishni istamasligi bu kompaniyaning qanchalar yuzsiz ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Qolaversa, bir necha kun avval Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining “UzAutoMotors” AJ faoliyatiga oid tekshiruvi natijalari bo‘yicha maxsus komissiyasi muhokama yig‘ilishida kompaniyaning bir qancha kirdikorlari oshkor bo‘lgan edi. Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar yakuniga ko‘ra kompaniya 2020 yilda avtomobil tannarxlarini shakllantirishda jami 1,1 trln.so‘mdan ko‘proq asossiz xarajatlar hisoblanganligi tekshiruv davomida aniqlangan. Bu esa o‘rtacha hisoblaganda har bir avtomobil tannarxi kamida 4-5 mln. so‘mgacha asossiz oshirilganini anglatadi.

Shunday ekan, «UzAutoMotors” AJ deputat ustidan shikoyat qilib, gapni aylantirguncha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan aniqlangan 1,1 trln.so‘m bo‘yicha aniq faktlar asosida hisob bersa, yaxshi bo‘larmidi?

Kusherbayev ham deputat, ham fuqaro sifatida o‘zining konstitutsiyaviy huqularidan foydalangan holda o‘z fikrini bildirdi. “UzAutoMotors” AJ esa uning bu huquqlaridan foydalanganligini qoralamoqda. Bu esa muhtaram prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan siyosiy o‘zgarishlar, xususan mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash, kuchli demokratik davlat qurish yo‘lidagi islohotlarga ziddir.

P.S. Agar bu gaplarim bilan men ham «UzAutoMotors”ning «obro‘siga putur yetkazib, ularning paxtadek yumshoq ko‘ngliga ozor bergan bo‘lsam», iltimos, ovora bo‘lib shikoyat yuborib yurishmasin. O‘zim oldindan uzr so‘rab qo‘ya qolaman.

Doniyor G‘aniyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: