Vazir bilan uchrashuv senariylashtirilganmidi?

Prezidentimizning poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan qilgan muloqoti yaxshi bir an’anani boshlab berganidan xabaringiz bor. Shundan buyon barcha vazir, hokim va rahbarlar o‘z tizimlaridagi yoshlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishdi. Kasbim taqozosi bilan O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirining yosh o‘qituvchilar bilan qilgan ochiq muloqotida ishtirok etdim.

Uchrashuv belgilangan maktabning faollar zaliga kirib, bo‘sh o‘rindiqlarga o‘tirmoqchi bo‘lib turganimda tadbir tashkilotchilaridan biri savolga tutdi:

To‘xtang, opa, bu yerga o‘tirmang, bu o‘rindiqqa savol beradiganlar joylashtiriladi. Siz qayerdansiz o‘zi?

Gazetadanman, – deya oldim arang hayratdan yoqamni ushlab.

Ishtirokchilarni joylashtirishga bosh-qosh bo‘layotgan yigit jurnalist ekanimdan sergaklanmadi ham. Xullas, meni o‘zi ko‘rsatgan o‘rindiqqa joyladi-yu, ishini davom ettirdi.

Oradan ko‘p o‘tmay vazir bilan muloqot boshlandi. Tizimdagi islohotlar haqida gapirilgach, savol-javobga o‘tildi. Zero, vazirning maqsadi yosh kadrlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish edi-da! Birin-ketin savollar berilar ekan, atrofda kimdir «nuqul sariq rangdagi o‘rindiqda o‘tirganlar savol berishyapti, o‘rindiqlarning rang-barangligi qo‘l kelganini qarang» deya pichirladi. Hayratim ikki barobar oshib, boyagi voqeaning sababini tushundim. To‘g‘risi, oldindan tayyorlangan deya ko‘pchilikda shubha uyg‘otgan savollar aslida o‘rinli va asosli bo‘ldi. Ammo baribir har bir yosh o‘qituvchining shaxsan o‘z ish jarayoni, faoliyati bilan bog‘liq masalalar, ko‘nglidagi o‘y-kechinmalari bor edi, nazarimda. Bir telejurnalist hamkasbimning savolini esa ortiqcha, deb baholashganini ham eshitib kulgim qistadi.

Uchrashuv nihoyasiga yetib, ishxonamga yo‘l olar ekanman, xayolimdagi savollar menga tinchlik bermasdi. Nahotki, haligacha biz xo‘jako‘rsinga tadbir uyushtirishdan uyalmaymiz? Muammo va masalalarni o‘rtaga tashlash, hal qilishga harakat qilishdan ko‘ra, uni yashirishga harakat qilamiz?

Balki bu savolni o‘zingizga ham berib ko‘ring, axir nega o‘sha kuni jurnalist sifatida bu holatga indamay ko‘z yumib ketdingiz, deyayotgandirsiz! Siz haqsiz!

Lekin bugun men bir mas’ulga aytolmagan gapimni ko‘p ming sonli Fikrat.uz o‘quvchilari katori mutasaddilarga ham aytish imkoniga ega bo‘ldim!

Sayyora QODIROVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: