«Xalq banki»dagi o’yinlar

“Xalq banki” butun O‘zbekiston bo‘yicha naqd pul shaklidagi pensiya va nafaqalarni tarqatishga yagona vakolatli bank hisoblanadi. Ushbu bank tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari va boshqa ma’muriy binolarda pensiya va nafaqalarni naqd pul shaklida berish bo‘yicha maxsus kassalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mustaqil ravishda o‘z pensiya va nafaqalarini olishga kela olmaydigan shaxslarga pensiyalar “Xalq banki” tomonidan ularning yashash joylariga bevosita borgan holda tarqatilmoqda.

Afsuski, so‘nggi vaqtlarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami haqiga xiyonat qilish kabi noxush holatlari uchrab turibdi. Toshkent shahrida “Xalq banki” Mirzo Ulug‘bek filialining sayyor kassa hisobchi-nazoratchisi o‘ziga ishonib topshirilgan pensiya va nafaqa pullarini egalariga tarqatmasdan talon-taroj qilgani bunga bir misol bo‘ladi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida ta’kidlashicha, AT “Xalq banki” Mirzo Ulug‘bek filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda filialning sayyor kassa hisobchi-nazoratchisi T.T. o‘ziga ishonib topshirilgan jami 170 mln so‘m pensiya va nafaqa pullarini egalariga tarqatmasdan, o‘zlashtirilgani aniqlangan. U bu pullarni 2020 yilning sentyabr oyidan joriy yilning yanvar oyiga qadar bo‘lgan davrda egalariga tarqatishi kerak bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan T.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Buni qarangki, “Xalq banki” tizimida ishlayotgan ayrim xodimlarning qing‘irliklari pensiya va nafaqa pullarini egalariga bermasdan o‘zlashtirib yuborish bilangina cheklanib qolmas ekan. Aynan shu bankning Quyichirchiq tumanidagi Do‘stobod filiali sobiq boshqaruvchisi B.O. hamtovoqlari bilan 2019-2020 yillarda 6 nafar fuqaroning hujjatlarini soxtalashtirib, ularning nomiga jami 119,1 mln so‘m iste’mol kreditini rasmiylashtirgan. Eng qizig‘i, nomiga kredit olingan fuqarolar bundan mutlaqo bexabar bo‘lgan. Yuqorida ko‘rsatilgan mablag‘ni jinoiy sheriklar plastik kartalarga o‘tkazib, keyin o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborishgan.

Mazkur holat yuzasidan bank filiali sobiq boshqaruvchisi B.O. va uning sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi va 209-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

“Xalq banki” nomiga munosib ish tutmagan xodimlar pensiya va nafaqa pullarini o‘zlashtiradimi yoki fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, bu mablag‘ni cho‘ntagiga uradimi qilmishi jazosiz qolmaydi.

Iroda KATTABEKOVA

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: