Xalq ta’limi vazirligiga murojaat

Yaqinda o‘qituvchilar bilan gaplashib qoldim. Deputat sifatida muammolarini so‘ragandim, “qaysi birini aytaylik” deya navbati bilan gap boshladi. Siz ham bir quloq tuting, muammolar shaxsiy emas…

Shu vazirlikdagilar maktabning nonini yemaganiga yana bir bor amin bo‘ldim-da. Mana, yana bir noto‘g‘ri qaror: vazirlik kunlik konspektni bekor qilib, o‘qituvchini “qurolsiz urush”ga tashladi”.“O‘qituvchi darsga tayyorgarliksiz, konspektsiz kirishi mumkinmi?! Tajribalilar bir amallayapti, lekin yoshlar umuman eplolmayapti. “Darsga tayyorgarlik ko‘r, biron narsa tayyorla” desangiz ba’zi birlari og‘zingizga uradi, konspekt yozish mumkin emas deb.

Maktablar zamonaviy o‘quv texnikalari bilan to‘la ta’minlanganida ham boshqa gap edi. Lekin o‘qituvchining qo‘lida hamon bo‘r va lattadan, rangi o‘chib ketgan doskadan boshqa hech narsa yo‘q, hatto poytaxt maktablarida ham.

Elektron kundalikka ham juda shoshdik. Avvalo o‘qituvchilarni noutbuk, hech bo‘lmaganda planshet, maktabni esa tezkor internet bilan ta’minlash muammosini hal qilish kerak edi.

Yaxshiyam qo‘limizda “sensor”li shaxsiy telefonimiz bor, amallab baholarni kiritamiz. Telefoni yo‘qlarning kuni esa yana maktabning interneti nomiga ishlaydigan kompyuteriga qolmoqda. Axir baholar dars paytida, o‘quvchilarning ko‘z oldida qo‘yilishi kerak emasmi?”.

Maktablar reytingini o‘quvchilarning Oliy ta’limga kirishi bilan belgilash ham noto‘g‘ri qaror bo‘ldi. Hozir 11-sinf o‘quvchilarining aksariyati darsga kelmayapti. Ya’ni, ularga dars paytida ham “repetitor”ga qatnashga ruxsat berilgan. Axir direktor ishdan ketishni xohlamaydi.

O‘quvchilarga ijaraga darsliklar beriladi, lekin o‘qituvchining qo‘lida kitobi yo‘q! Ustozlar qachongacha o‘quvchilarning kitobidan foydalanadi?.

Ustozlar ushbu muammolardan kelib chiqib, quyidagi takliflarni o‘rtaga tashladi:

Konspekt tayyorlash masalasini maktab ixtiyoriga qo‘ysin. Pedkengashning o‘zi hal qilsin, kim konspekt yozish, kim yozmaslikni. Vazirlik maktabni noutbuk yoki planshet bilan ta’minlay olmas ekan, hech bo‘lmaganda, o‘qituvchilarga foizsiz kreditga planshet olish imkoniyatini yaratsin. O‘qituvchilar ham bunga jon-jon deb rozi bo‘ladi.

Maktablarni o‘quvchilarning Oliy ta’limga kirishi bilan baholashni to‘xtatish kerak. Bu maktabning emas, “repetitor”ning mehnati ekani vazirlikdagilarga ham yaxshi ma’lum-ku. Qolaversa, bu bilan yana ta’limdagi muammolarni yashirayapmiz, xolos. O‘qituvchilarga tekin yoki ijaraga darslik berishni yo‘lga qo‘yish kerak.

Jahongir ZIYAYEV
O‘zMTDP deputati

Agarda Siz saytda xato ko`rsangiz uni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing..

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.

Xatolik to`g`risida xabar

Tahrirlovchiga yuboriladigan matn: